Xalqaro geofizika yili
Xalqaro geofizika yili - 1957-yil 1-iyuldan 1958-yil 31-dekabrgacha oʻtgan (18 oy) davr; bu davr ichida butun Yer sharidagi 67 mamlakatda yagona dastur va metodika asosida geofizik kuzatishlar va tadqiqotlar olib borildi. Xalqaro geofizika yili bundan ilgari oʻtgan ikkita Xalqaro qutb yillarining davomi boʻldi. Quyosh aktivligining maksimum davriga toʻgʻrilangan Xalqaro geofizika yili dasturiga kuyidagi kuzatishlar kiritildi: aerologik va meteorologik, okeanografik, glyatsiologik, magnit, gravimetrik va seysmik; ustki atmosfera — qutb yogʻdulari, ionosfera, meteorlar, kosmik nurlari ham oʻrganildi. Natijada Quyosh bilan Yer oʻrtasidagi oʻzaro aloqani oʻrganish ishiga katta hissa qoʻshildi, Antarktidani tadqiq qilishda muhim ahamiyat kasb etdi, u yerda turli mamlakatlar oʻz bazalarini barpo etishdi. Xalqaro geofizika yili kuzatish materiallari asosida Antarktidada Janubiy sovuqlik qutbi aniqlandi, u yerda yillik oʻrtacha temperatura —57° ligi qayd etildi. Ozon qatlami tropik mintaqalarda juda yuqorida va yupqa, qutbiy mintaqalarda esa qalin va past joylashganligi isbot etildi. Sharqiy Sibirda yangi muzliklar borligi aniklandi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |