Xarid qobiliyati pariteti
Xarid qobiliyati pariteti (XQP) – bu turli mamlakatlarda maʼlum bir tovarlarning narxini oʻlchash usuli boʻlib, mamlakatlar valyutasining xarid qobiliyatini taqqoslash uchun ishlatiladi. XQP, asosan, maʼlum bir joydagi inteʼmol savatining narxining boshqa joydagi savat narxiga nisbati hisoblanadi. XQP inflatsiyasi va valyuta kursi bozor kursidan bojlar va boshqa tranzaksiya xarajatlari sababli farq qilishi mumkin[1].
Xarid qobiliyati pariteti koʻrsatkichidan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti (YaIM), mehnat unumdorligi va haqiqiy individual isteʼmolni taqqoslashda foydalanish mumkin. Baʼzi hollarda esa narxlar yaqinlashuvini tahlil qilish va turli joylarda yashash xarajatlarini taqqoslash uchun ishlatiladi[1]. OECDga koʻra, XQPni hisoblash isteʼmol savatidagi 3000 ga yaqin isteʼmol tovarlari va xizmatlari, davlatdagi 30 ta kasb, 200 turdagi uskunalar va 15 ga yaqin qurilish loyihalarini oʻz ichiga olgan yakuniy mahsulotlar roʻyxati asosida amalga oshiriladi[1].
Tushuncha
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xarid qobiliyati pariteti – bu turli joylarda narxlarni oʻlchash uchun ishlatilinadigan iqtisodiy atama. Xarid qobiliyati pariteti bitta narx qonuniga asoslanadi, yaʼni agar maʼlum bir tovar uchun tranzaksiya xarajatlari yoki savdo toʻsiqlari boʻlmasa, unda bu tovarning narxi har bir joyda bir xil boʻlishi kerak[2]. Ideal holatda, Nyu-Yorkdagi va Gonkongdagi kompyuter bir xil narxda boʻlishi kerak. Agar kompyuterning narxi Nyu-Yorkda 500 AQSh dollari boʻlsa va xuddi shu kompyuter Gonkongda 2000 Gonkong dollariga tushsa, XQP nazariyasiga koʻra valyuta kursi 1 AQSh dollari uchun 4 Gonkong dollariga teng boʻlishi kerak.
Qashshoqlik, bojlar, transport va boshqa toʻsiqlar tovarlar savdosi va xarid qilinishiga toʻsqinlik qiladi, shuning uchun xarid qobiliyati paritetini oʻlchash uchun bitta tovarning narxini ishlatish katta xatolikka olib kelishi mumkin. XQP buni turli miqdordagi tovarlar kiritilgan isteʼmol savati yordamida hisoblaydi. Keyin XQP inflatsiya va valyuta kursini ikkita turli xil joydagi isteʼmol savati narxlarining nisbati sifatida hisoblaydi. Masalan, agar bitta kompyuter, 1 tonna guruch va yarim tonna poʻlatdan iborat savat Nyu-Yorkda 1000 AQSh dollari boʻlsa, va xuddi shu tovarlar Gonkongda 6000 Gonkong dollari tursa, XQP valyuta kursi 1 AQSh dollariga 6 Gonkong dollariga teng boʻladi.
Xarid qobiliyati pariteti atamasi bir xil valyuta kursi tufayli har qanday joydagi isteʼmolchi bir xil xarid qobiliyatiga ega boʻlishidan kelib chiqadi.
XQP valyuta kursining qiymati tanlangan tovarlar savatiga yuqori darajda bogʻliq. Shuning uchun odatda, yagona narx qonuniga amal qiladigan tovarlar tanlanadi. Bu jarayonda savdosi oson va keng tarqalgan tovarlar tanlanadi. Koʻplab tashkilotlar XQP kursini hisoblaydi va ular hiosblash jarayonida turli savatlardan foydalanadilar. Natijada, ushbu tashkilotlar turli xil qiymatlarni oladi.
XQP valyuta kursi bozor valyuta kursi bilan mos kelmasligi mumkin. Bozor kursi belgilangan hududdagi talab oʻzgarishiga qarab shakllanadi. Shuningdek, bojlar va ish haqidagi farqlar (qarang: Balassa–Samuelson teoremasi) ikkila kurs oʻrtasida farqlar vujudga keltiradi. XQPdan valyuta kurslarining uzoq muddatdagi holatini taxmin qilishda foydalaniladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 OECD „Purchasing Power Parities - Frequently Asked Questions (FAQs)“. OECD.
- ↑ Krugman and Obstfeld. International Economics. Pearson Education, Inc., 2009.