Kontent qismiga oʻtish

Xattusa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
"Arslon darvozalari". Shaharga kirish qismi
Mamlakat Turkiya
Vayron qilingan mil. avv. XII asr

Xattusa[1], Xattusas[2] yoki Xattush (xet tilida 𒌷𒄩𒀜𒌅𒊭, Ḫa-at-tu-ša; turkcha: Hattuşaş, Xattushash) — qadimgi Xett podsholigi poytxati. Hozirda Anqaradan 145 km sharqda, Qizilirmak daryosi bo'yidagi Bogazkala qishlog'i yaqinida joylashgan. Shahar vayronalari 1834-yilda aniqlangan bo'lib, 1906-yildan beri qazilma ishlari olib borilmoqda. 1986-yilda Xattusa shahar xarobalari UNESCO Butunjahon yodgorliklari ro'yxatiga kiritilgan.[3]

Shaharga kirishda Sfinks darvozalari

Joylashuvi va landshafti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xattusa shahri Markaziy Anatoliyaning shimoliy qismida, hozirgi Anqara shahridan 150 km sharqdagi Bogazkala qishlog'i yaqinida joylashgan. Bugungi kunda mazkur hudud ancha qattiq iqlimga ega bo'lgan, issiq tog'li hudud bo'lsada, Antik davrda hududda suv tegirmonlari mavjud bo'lganligi aniqlangan.[4] Hozirda hududda qishlar uzoq va sovuq, yoz oylari esa nisbatan qisqa, lekin issiq. Hudud o'simlik olami o'ta tanqis bo'lib, deyarli daraxtlar mavjud emas, o'ta notekis tog' landshaftini tashkil qiladi. Hududning suv sathidan balandligi — 1050 metr. Shunga qaramasdan, tuproq ancha unumdor. Xattusada yettita ichimlik suvi manbasi mavjud. Baland tepaliklar va sun'iy istehkom vositalari, shuningdek, sharq va shimoldagi qoyalar shaharni ishg'ol qilishning deyarli imkonsizligini ta'minlagan.

"Katta ibodatxona" qoldiqlari

Bogazkala atrofidagi xarobalar jami 160 gektar maydonni egallagan bo'lib, ularni bir necha qismga ajratish mumkin. Markazda ikki qoya mavjud bo'lib, ular Buyukkale (Büyükkale) deb atalgan, ulardan 500 m shimolda ukan qoya bo'lib, u Buyukkaya (Büyükkaya) deb atalgan. Buyukkaledan sharqdagi nisbatan tekis hudud "Quyi shahar" deb nomlanib, bu Xattusaning eng qadimgi qismi hisoblangan. Buyukkayedan janubda esa "Yuqori shahar" joylashgan bo'lib, unda shahar istehkomlarining o'zini ham uchratish mumkin. Shahar atrofida uch tepalik joylashgan bo'lib, shaharning janubiy chegarasi Xett imperiyasining so'nggi asrlari davomida qurilgan, mudofaa tepaligi sifatida xizmat qilgan Yerkapi tepaligi qoldiqlari bilan belgilanadi.

Qazishmalar natijasida topilgan ulkan ko'zalar

Xattusa Qizilirmak (xettcha nomi Marashantiya) daryosining sharqiy qismida — daryo vodiysi keskin burilgan joyda joylashgan. Qadimda shu yerdan markaziy Kappadokiyadan Qora dengizga o'tuvchi savdo yo'llari o'tgan. Qolaversa, poytaxt hisoblangan Xattusa imperiya janubida joylashgan Xett madaniyatining eng qadimgi markazlaridan ajratilgan bo'lib, u imperiyaning shimoliy chegaralariga yaqin joylashgan. Xett imperiyasining biroz o'sishi davrida chegaralar sharq va janubga tomon kengaygan. Shahar, shuningdek, Kasklar hujumiga ham uchragan.[3]

Xattusaning vayron qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mil. av. XII asr boshlarida Xattusa vayron qilingan va undan keyin qayta tiklanmagan. Arxeologik tadqiqotlarga ko'ra, Xattusa qa'qasi, undagi saroy va ibodatxonalar talangan va vayron qilingan, bu voqeadan keyin xettlar imperiyasining Galis daryo vodiysi bo'ylab joylashgan butun viloyati sahroga aylanadi. Misr fir'avni Ramses IIIning Medinet-Abu shahridan topilgan bitiklariga ko'ra, mazkur fir'avn hukmronligining sakkizinchi yilida Xattusaning "dengiz xalqari" ("shimoliy kelgindilar") tomonidan qo'lga olingani va vayron qilingani aytiladi.[5] Bunda kelgindilar deganda shimoli-g'arbdan kelgan sharqiy mushkalar tushunilgan bo'lishi mumkin.[5]

Xattusadagi yer osti olamining 12 xudosi o'yma tasviri

Xattusada qazishma ishlarini olib borgan nemis arxeologi Y. Zyeer fikricha, vayron bo'lish arafasida xettlar poytaxti bo'shab qolgan bo'lgan. Katta ehtimol bilan, shahar istiqomatchilari oldindan tayyorgarlik ko'rib, shaharni tashlab chiqish uchun hozirlanishgan, chunki shahar binolarida, jumladan, ibodatxonalar va turar joylarda kundalik asbob-anjomlar topilmagan, agar Xattusa egallanishi paytida unda aholi mavjud bo'lganda bunday anjomlar albatta topilishi kerak edi. Qolgan narsalar faqat mixxat yozuvli lavhalar, sopol muxrlar va "Katta ibodatxona" omborlaridan topilgan katta pifoslar, yoki xumlardir. Zyeer nazariyasiga ko'ra, xettlar podshosi Suppiluliuma II o'z hukmkonligining so'nggida Xattusadan mulklariga qo'shib, o'z saroyi, armiyasi va hunarmandlarini boshqa joyga ko'chirib olib ketgan, natijada shahar huvillab qolib, o'zining poytaxt maqomini yo'qotgan, undan keyin esa bosqinchilar tomonidan yoqib yuborilgan.[5]

  1. Хаттуса // Большая советская энциклопедия : [в 30 т.] / гл. ред. А. М. Прохоров. — 3-е изд. — М. : Советская энциклопедия, 1969—1978.
  2. "Hattusas". Random House Webster's Unabridged Dictionary.
  3. 3,0 3,1 Hattusha: the Hittite Capital.
  4. Amouretti, Marie-Claire. Le pain et l'huile dans la Grèce antique. De l'araire au moulin. — Besançon: Les Belles Lettres, ALUB, 1986. — ISBN 2-251-60328-X.
  5. 5,0 5,1 5,2 Немировский А. А., Сафронов А. В. Кто погубил Хаттусу // Индоевропейское языкознание и классическая филология. — СПб.: ИЛИ РАН, 2015. — № 19. — С. 699—713. — ISSN 2306-9015.