Kontent qismiga oʻtish

Xemosintez

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xemosintez (xemo va sintez), xemolitoavtotrofiya — tarkibida xlorofill pigmenti boʻlmagan mikroorganizm (bakteriya)lar tomonidan anorganik birikmalar (vodorod sulfid, oltingugurt, vodorod, ammiak, azot kislota, temir peroksidi, marganets va boshqalar)dan oksidlanish reaksiyasida hosil boʻlgan energiya xisobiga karbonat angidridning oʻzlashtirilishi va organik birikmalarning biosintez qilinish jarayoni. Xemosintez rus mikrobiologi S.N.Vinogradskiy tomonidan kashf etilgan (1887). Xemosintezning kashf qilinishi tirik organizmlarda kechadigan moddalar almashinuvi jarayonining asosiy tiplari toʻgrisidagi tushunchani oʻzgartirib yubordi. Fotosmnyayezdan farqli ravishda xemosintez jarayonida yorugʻlik energiyasidan emas, balki oksidlanishqaytarilish reaksiyalarida ajralgan energiyadan foydalaniladi va bu energiya adenozintrifosfat kislota (ATF) ni sintez qilishda yetarli boʻladi. Elektronlarning donorlari sifatida oddiy anorganik birikmalardan foydalanadigan organizmlar xemolitotroflar deb ataladi. Bularga vodorod, oltingugurt, temir bakteriyalari va denitrifikatsiyalovchi bakteriyalar kiradi. Vodorod bakteriyalaridan berk ekologik sistemada oqsil olishda, atmosferani SO2 dan tozalashda foydalanish mumkin. Xemosintetik bakteriyalar biosferada turli elementlarni oʻzlashtirishda ishtirok etadi.