Kontent qismiga oʻtish

Xina (boʻyoq)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xina (arab. حناء) — tikonsiz Lawsonia (Lawsonia inermis) ning quritilgan barglaridan tayyorlangan boʻyoq. Hindiston, Pokiston, Shimoliy Afrika va koʻplab arab mamlakatlarida anʼanaviy ravishda tanani bezash uchun ishlatiladi.

Gullash davrida toʻplangan barglari qurutilib, maydalanib kukun holatiga keltiriladi va boʻyoq sifatida foydalaniladi.

Tarixi. Qadim zamonlardan buyon xina ham kosmetik, ham dorivor maqsadlarda ishlatilgan. Arxeologlar Misr mumiyalarining soch va tirnoqlarida xina izlarini topishgan. Bu oʻsimlikdan foydalanishning dastlabki dalillari miloddan avvalgi 1200-yilga toʻgʻri keladi. Markaziy Osiyo va Oʻzbekistonda xina manzarali hamda dorivor oʻsimlik sifatida oʻstiriladi.

Qayerda qanday foydalanilgan?

Oʻzbekistonda. Oʻzbek ayollari sochlariga jilo berish maqsadida xinani qatiq yoki ozgina uzum sirkasi bilan aralashtirib yuvishgan. Buning natijasida sochlari qazgʻoqdan xoli boʻlib, oftobda qizgʻish yaltiroq tus olgan.

Arablarda. Bu yerda xinadan nafaqat ayollar, balki erkaklar ham oqargan soch-soqolni boʻyashda foydalangan. Sahroi Kabirda yashovchi badaviylar xinaning sovutuvchi taʼsir koʻrsatish xususiyatidan ham boxabar boʻlgan.

Hindlarda. Hindistonning Rojaston, Panjob va Gujarot hududlarida yashovchi aholi ham xinadan jazirama oftobdan saqlanishda foydalangan. Xina orqali qoʻl panjasiga, peshanaga tushirilgan turli naqshlar orqali teridagi faol nuqtalarga taʼsir oʻtkazib, terini davolashgan.

Ruslarda. Rusiyada xina Fors koʻrfazidan olib kelinganligi uchun juda qimmat turgan. Tabiatan mallasoch boʻlgan rus xonimlari sochi qizgʻish tus olishi uchun xina kukunini maydalangan qalampirmunchoq bilan aralashtirib, issiq suvda eritib, sochga surtishgan.

Maʼlumot: Eron xina oʻsimligini oʻstirish va eksport qilish boʻyicha jahonda yetakchi mamlakat sanaladi. Bir yilda dunyo boʻyicha 7000 tonna xina kukuni ishlab chiqariladi.

Turlari. Xina rangli va rangsiz turlarga ajraladi.

Rangli xina asosan tana va sochni boʻyash uchun ishlatiladi.

Rangsiz xina tibbiy maqsadlarda qoʻllanadi.

Tibbiyotda qoʻllanilishi.

Oftob urishida. Xinaning tarkibida quyosh nuridan saqlovchi modda mavjud. Shu bois xalq tabobatida undan oftob urishida foydalaniladi. Bunda xina kukuni suv bilan aralashtirib, oyoqning tovon sohasiga surtiladi. 2-3 daqiqadan keyin oyoqlar sovuq suvda yuviladi. Bu usul yordamida qon aylanishi meʼyorlashib, bosh ogʻrigʻidan asar ham qolmaydi. Xuddi shu yoʻl tabiblar boʻgʻim ogʻrigʻi, mushaklarning zoʻriqishi, qadoq, yara va kesilishlar, oyoq terlashi kabilarni samarali davolashgan.

Isitma chiqqanda. Bir hovuch xina ozgina suv bilan aralashtirib, yumshoq xamir koʻrinishiga keltiriladi va dumaloqlanib, 2-5 daqiqa ushlab turiladi. Kaftda koʻplab asab tolalari joylashgani uchun tana haroratiga taʼsir oʻtkazib, isitmani tushiradi.

Bitlashda. Xina antiparazit xususiyatiga ham ega boʻlib, undan bitlashga qarshi vosita sifatida ham foydalansa boʻladi. Buning uchun xina kukuni qatiq bilan aralashtirilib, bosh sohasiga surtiladi. 1 soatdan keyin sochlar sirkali suv (1 litr issiq suvga 1 osh qoshiq sirka) bilan chayiladi.

Xina shu bilan birga, yozda pashsha va chivin kabi noxush hasharotlardan qutulishda ham qoʻl keladi. Xina bargini quritib, uyning burchaklariga osib qoʻyiladi.

Beldagi ogʻriqlarda. Atirgul yoki bodom moyini xina bargining shirasi bilan aralashtirib, ogʻriyotgan joylarga surtib, issiq oʻrab qoʻyilsa, bel ogʻrigʻini bartaraf etadi.

Qazgʻoqni yoʻqotishda. Boshdagi qazgʻoqlar koʻpayib, sochlar bir-biriga yopishib qichishaversa, koʻp ham dorining kuchiga ishonmay, xina kukunida sochlarni uqalab yuving. Boshni iliq suvda chayib, kanakunjutli moy surtiladi. Bu muolaja 3-4-marta takrorlanadi va natijaga erishiladi.

Tanaga naqsh tushirishda. Qadim zamonlardan buyon xina orqali tanaga, asosan qoʻllar va oyoqlarga naqsh solish anʼanasi mavjud boʻlgan. Bu estetik va diniy maqsadlarda amalga oshirilgan. Bu anʼana Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindistonda juda mashhur boʻlib, mindi deb atalgan. Naqshlar uch haftagacha saqlanib turgan. Oʻzbekistonda asosan hayit bayrami arafasida xotin-qizlarning xina qoʻyish marosimi – qoʻl va oyoqlarga naqsh solish anʼanasi oʻtkazilgan. Bu shunchaki marosim boʻlmay, uning ayollar salomatligiga foydasi katta ekanligini bilishgan. Shu bois qoʻl-tirnoqlarni xinaga boʻyab, oʻzalariga oro berishgan.

Maʼlum boʻlishicha, xina surtish qoʻllarni ertangi tadbirda kuyib qolishdan, oftobda qorayishdan, hatto terini yuqumli kasalliklar, xususan, teri zamburugʻidan saqlar ekan.

Soch boʻyashda. Xina sochlarga jilo berib, uning qayishqoqligini oshiradi, mustahkamlaydi va qalinlashtiradi. Xina tana toʻqimalaridagi kollagen (oqsil modda turi) va soch tarkibidagi kerotin (oltingugurtga boy oqsil modda) bilan aloqaga kirishib, sochga qizgʻish tus baxsh etadi.

Bu madaniy oʻsimlik koʻplab efir moylari va oshlovchi moddalarga boy boʻlib, u sochlarga juda samarali taʼsir koʻrsatadi. Shu tufayli sochlar mustahkamlanib, kimyoviy boʻyoqlardan zarar koʻrganda ularning tezroq tiklanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, xina sochlarni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi, toʻkilishining, qazgʻoqlanishining oldini oladi.

Xina bilan soch boʻyashda tabiiy pigment sturukturasi buzilmaydi, u sochga hajm berib, ustini yupqa himoya qatlami bilan qoplaydi.

Qosh boʻyashda. Xinadan qosh boʻyashda ham foydalaniladi. Buning uchun iliq suvda dimlab, tayyorlangan xina qosh ustidan bir necha qatlam qilib qoʻyiladi. Biroz ushlab turilib, soʻng iliq suvda yuvib tashlanadi. Qoshlarni bu tarzda boʻyash biotatirovka ham deb ataladi.