Xiva qoʻzgʻoloni
Xiva qoʻzgʻoloni - Xiva xoni Asfandiyorxon va uning amaldorlari zulmi hamda podsho Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (1916).
Xiva qoʻzgʻolonining 1-bosqichi (1916-yil 14—30 yanvar)da Xoʻjaeli hokimi (begi) Avazbiy Xoʻja (Asfandiyorxonning jiyani) boshchiligidagi isyonchilar (600 kishi) Xivaga yoʻl olishadi. Ularga yoʻl-yoʻlakay xonlikning boshqa shahar va qishloqlaridan bosh koʻtargan qoʻzgʻolonchilar ham qoʻshilgach, qoʻzgʻolonchilar soni 3 ming kishiga yetgan. Qoʻzgʻolonchilar shaxsan xonga murojaat qilib, u va amaldorlarini raʼiyatga zulm qilishdan tiyilishga va shariatga rioya etishga chaqirmoqchi boʻlishgan. Qoʻzgʻolonchilarning milliy tarkibi oʻzbeklar, turkmanlar va qisman qoraqalpoqlardan iborat edi. Qoʻzgʻolonchilardan taxminan 300 kishi 1916-yil 18 yanvarda Xivaga kelib, xonning amakivachchasi Rahmonqul toʻra (Inoq toʻra deb ham aytilgan)ning shahar tashqarisidagi qoʻrgʻonchasiga kelib tushganlar. Bu holdan dahshatga tushgan Asfandiyorxon Amudaryo boʻlimi boshligʻi polkovnik V.P.Kolosovskiyga chopar yuborib, undan qoʻzgʻolonni bostirishni soʻraydi. Kolosovskiyning buyrugʻi bilan polkovnik Goloshevskiy boshchiligidagi rus otryadi Rahmonqul toʻra qoʻrgʻonchasiga kelib, qoʻzgʻolon rahbarlari (Avazbiy Xoʻja Murtazobiy Xoʻjayev, uning inisi Mahmud xoʻja; Qiyot hokimi Abdullabek inoq Bobobekov; Gurlan hokimligidan Qutlimurod inoq Ibodullayev va Xudoy berganbek Muhammadniyozov, Mangʻit hokimligidan Muhammad Amin dargʻa va boshqalar)ni qamoqqa olishgan.
Junaidxon boshchiligidagi 3 ming otliq Xiva shahrini qurshovga olgan. Kolosovskiy Xivaga qoʻshimcha ravishda harbiy otryadlar yuborishni soʻrab, Turkiston general gubernatoriga murojaat qilgan.
Xiva qoʻzgʻolonining 2-bosqichi (1916-yil 1 — 14 fevral)da asosiy rolni Junaidxon boshchiligidagi turkmanlar oʻynashdi. Bu bosqichda qoʻzgʻolon Xiva xoni zulmiga qarshi kurashdan podsho Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi milliy ozodlik qoʻzgʻoloni darajasigacha koʻtarildi. 1916-yil 3—4 fevralda turkmanlar Toshhovuz, Shohabbos, Qiyot, Gurlan, Mangʻit, Qilichboy sh.lari hokimlarini garovga olib, Yangi Urganch tomon yoʻl odsilar. 7 fevralda 15 ming kishilik olomon Gʻoziobod (Gʻozovot)ni egallaydi. Junaidxon va Xon Eshon Qoʻshkoʻpirga kelishib, qamoqqa olinganlarni ozod qilishni soʻrab, yana Xivaga talabnoma yuborishgan. Biroq Kolosovskiy tomonidan qamoqda yotgan qoʻzgʻolonchilarning rahbarlari (8 kishi) Xoʻjaelida oʻldirilgan edi. 8 fevral
da qoʻzgʻolonchilar Yangi Urganch shahrini egallab, shaharliklardan 50 ming soʻm tovon puli undirishgan. Junaidxon egallagan va u hali bormagan hokimliklar aholisi uning fuqaroligini qabul qilishgan. Turkiston oʻlkasi generalgubernatori Martsonning Petrogradga — Rossiya harbiy ishlar vaziri nomiga yoʻllagan telegrammasida aytilishicha, 8 fevralda Xonqa hokimligi aholisi eshonlar boshchiligida Junaidxonning fuqaroligiga oʻtgan. 10 fevralda qoʻzgʻolonchilar Xivani qamal qilishgan. 13 fevralga oʻtar kechasi Junaidxon qoʻshini Xivaga kirib, xon saroyini egallaydi. Biroq Asfandiyorxon oʻz oʻrnida qoldirilib, undan 18 ming soʻm tovon puli olingan.
Turkiston oʻlkasi generalgubernatori Xivadagi qoʻzgʻolon Zakaspiy obl. va butun Turkiston oʻlkasiga tarqalib ketishidan xavfsirab, Sirdaryo obl. harbiy gubernatori generalleytenant Galkin boshchiligidagi harbiy otryadni Xivaga yubordi. Galkin jazo otryadi 15 fevralda Xivaga yetib kelib, Kolosovskiy otryadi bilan qoʻshilgan. Xiva qoʻzgʻolonining 3bosqichi (1916-yil 15 fevral — 4 may)ni jazo otryadi tomonidan bostirish jarayoni ana shunday boshlandi. Bu paytda Junaidxon qoʻshini Xiva bilan Yangi Urganch va PetroAleksandrovsk (hozirgi Toʻrtkoʻl) oʻrtasidagi telegraf aloqasini uzib tashladi. Biroq Junaidxonning qoʻshini butun xonlikdagi shaharlarda sochilib ketganligi sababli u Galkin jazo otryadi siquviga dosh bera olmay, 16 fevral da Xivani tark etishga majbur boʻldi. 15 rota, 5 ta kazak yuzligi va 16 ta toʻpdan iborat Galkinning jazo otryadi 15 mart ertalab Xivadan Gʻoziobodga yoʻl oddi. Gʻoziobodda ular qatgiq qarshilikka uchrashdi. 16 martda Gʻoziobod bosib olinib, shaharga oʻt qoʻyildi. 19—20 martda Taxta qalʼasi egallanib, Junaidxon, Xon Eshon va ularning safdoshlariga qarashli hovlilar vayron qilindi. Junaidxon esa 19 aprelga oʻtar kechasi Sundukli daradan Eronga oʻtib ketgan.
Galkin jazo otryadi 24 aprel — 4 mayda Koʻhna Urganch, Xoʻjaeli, Porsu, Ilonli (Ilalli), Toshhovuz, Gurlan, Yangi Urganchda boʻlib, qoʻzgʻolonchilarni jazolagach, Xivaga qaytadi. Mustamlakachilar xonlik aholisidan katta miqdorda tovon puli (mas, Xoʻjaeli fuqarolaridan 100 ming soʻm) olishgan. Jazo otryadi faqat qoʻzgʻolonchilarni emas, balki ularning oila aʼzolari va qarindoshurugʻlarini ham shafqatsiz jazoladi, tinch aholi vakillari oʻldirildi.
X.Q.ning mohiyati podsho va sovet Rossiyasi hukmronlik qilgan davrda soxtalashtirilib, u sunʼiy ravishda progressiv va reaksion bosqichlarga ajratildi.
Faqat 21-asr boshlariga kelib, oʻzbek tarixchilari tomonidan bu qoʻzgolon oʻzining xolis talqinini topmoqda.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Alekseyenkov P., Xivinskoye vosstaniye 1916 goda, T., 1930; Xorazm tarixi, 1jild, Urganch, 1997; Polvonniyoz Hoji Yusupov, Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 1999.
Qahramon Rajabov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |