Xo'ja Chorchinor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xoʻja Chorchinor — bu ziyoratgoh Urgut shahri markazidan uch kilometr masofada joylashgan. Ziyoratgohdagi chinorlarning yoshi 1000-yildan oshgan, degan taxminlar bor. Kirish darvozasidan boshlangan markaziy yoʻlakning ikki tomonidan yuqoriga qarab chinorlar tizmasi qad rostlab borgan. Chap qatordagi chinorlar ichida ikkinchi chinor oʻzining kengligi bilan kishilar diqqatini tortadi. Rivoyatlarga koʻra, chinor oʻtmishda chillaxona xizmatini oʻtagan. Shoʻrolarning dastlabki hukmronlik davrida bir muddat bolsheviklarning majlis oʻtkazadigan joyi, keyinchalik esa maktab vazifasini bajargan. Boshqa bir rivoyatga koʻra, arab qoʻmondonlaridan biri Hoja Abu Tolib boʻlib, buloq atrofida toʻrt dona chinor ektiradi. U vafot etgach (866-867 yillar), shu chinorlar yaqinida dafn etiladi. Bu joyning yana bir nomi "Xoʻja Chorchinor" deb atalishining tarixi shu voqea bilan bogʻliq.

Chorchinor majmuasi ichida 1914-yilda Shayx Muhiddinxon tomonidan qurilgan masjid bor. Masjiddan dastlab madrasa sifatida foydalanilgan. Bino Abduqodir (1868-1934-yillar) ismli usta tomonidan qurilgan. 1927-yilgacha mazkur madrasada nafaqat Urgut, balki shu yaqin hududlardan kelgan tolibi-ilmlarga saboq berilgan.

Majmuaning ichki qismida bir nechta tarixiy shaxslarning qabrlari bor. Ulardan biri mashhur eshon Valixon Ismoilxoʻja oʻgʻli (1842-1915-yillar) boʻlib, Mir Arab madrasasida mudarrislik qilgan. U kishining oʻgʻillari Shayx Muhiddinxon (1875-1931-yillar) ham Urgutda yashab, Buxoro madrasalarida mudarrislik qilgan. Shayx Qutbiddinxon Muhiddinxon oʻgʻli (1906-1983-yillar) mashhur sharqshunos olim boʻlgan.

Majmuaning tashqari qismida eski qabriston boʻlib, Hoja Abu Tolib shu yerga dafn qilingan.