Kontent qismiga oʻtish

Soyib Xoʻjayev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xo'jayev Soyibdan yoʻnaltirildi)
Soyib Xoʻjayev

Xoʻjayev tavalludining 100 yilligiga bagʻishlab chiqarilgan pochta markasi (2010)
Tavalludi 1910-yil 5-dekabr
Vafoti 1982-yil 3-may
Andijon
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Kasbi Qiziqchi, aktyor
Unvoni

Soyib (Sohibjon) Xoʻjayev (1910-yil 5-dekabr, Andijon viloyati Xonobod qishlogʻi – 1982-yil 3-may, Andijon, Toshkentda dafn etilgan) – oʻzbek sovet aktyori, qiziqchisi, Oʻzbekiston xalq artisti (1939)[1].

Soyib Xoʻjayev 1910-yil 5-dekabrda Andijon viloyatining Xonobod qishlogʻida dunyoga kelgan. 1925 – 1926-yillarda Moskva shahrida joylashgan ishchilar kursida tahsil olgan. Oʻz kasbiy faoliyatini 1927-yili Hamza nomidagi Qoʻqon oʻzbek musiqali drama va komediya teatrida aktyorlik qilib boshlagan.

Soyib Xoʻjayev 1939-yildan umrining oxirigacha Toshkent shahridagi Muqumiy nomli oʻzbek davlat musiqali drama va komediya teatrida ijodiy faoliyat olib borgan[2].

Kasbiy va ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soyib Xoʻjayev dastlab Mirshohid Miroqilov qoʻli ostida taʼlim olgan. 1928—1939-yillar Andijon viloyat teatrida aktyor sifatida ishlagan.

Soyib Xoʻjayev jahon, rus, oʻsha davrning oʻzbek dramaturgiyasi asarlarida yuzga yaqin obrazlar yaratgan.

„Malikayi Turandot“ asarida Truffaldino, „Oʻrtoqlar“ spektaklida Soli domla, „Boy ila xizmatchi“ spektaklida Xolmat, Nikolay Gogolning „Revizor“ spektaklida Bobchinskiy kabi obrazlarni yaratib, komik aktyor sifatida koʻzga tashlanadi. 1939—1982-yillar Muqimiy teatrida ishladi. Shu yillarda Xoʻjayev sahna kulgisi, satira va mutoyiba vositalarini yaxshi oʻzlashtirib, xalq qiziqchilarining badihagoʻylik, mimika va taqlid vositalaridan keng foydalanish, jarangdor nutq, soʻz oʻyini kabi anʼanalarni sahna imkoniyatlari doirasida rivojlantirishi tufayli jiddiy yutuqlarga erishdi.

Oʻzbek dramaturgiyasida yaratgan Hamza Hakimzoda Niyoziyning „Maysaraning ishi“ spektaklida Mulladoʻst, Komil Yashin, Toʻxtasin Jalilovning „Nurxon“ asarida Huzurxoʻja, shuningdek, „Oltin koʻl“ spektaklida Gʻani, „Vatan ishqi“ spektaklida Xushmamat; tarjima asarlardagi Cherevik („Sorochinsk yarmarkasi“), Mikola („Natalka Poltavka“), Devona („Guli siyoh“), Ser Tobi („Oʻn ikkinchi kecha“) obrazlari oʻzbek dramaturgiyasida munosib iz qoldirgan.

Xoʻjayev, ayniqsa, Hamid Gʻulom, Manas Liyevning „Toshbolta oshiq“ spektaklida Toshbolta va boshqa asarlari („Fargʻona hikoyasi“, „Oʻgʻil uylantirish“, „Ajab savdolar“) da qator (Kichkinaxoʻja, Norxoʻja, Vakil qassob) rollarda katta muvaffaqiyat qozondi. Xoʻjayev Toshbolta rolini 1500 marta ijro etgan[2].

Viloyatlar boʻylab teatr jamoasi gastrol safariga chiqqanda, biletlar oldindan sotib boʻlinardi. Soyib Xoʻjayev teatrda, sahnadagi rollarini andijon shevasidagi soʻzlarni qoʻshib ijro etgan.

Soyib Xoʻjayev kinolarda ham epizodik, kichik hamda oʻrta rollarni ijro etgan. „Vatanga tuhfa“, „Stadionda uchrashamiz“ va „Yor-yor“ kabi komediyalarda rol oʻynagan. „Yor-yor“ filmida ota rolida Soyib Xoʻjayev, uning oʻgʻli rolida Baxtiyor Ixtiyorov ijro qilgan. Xoʻjayev „Nasriddinning sarguzashtlari“ (choyxonachi), „Yoryor“ (Ahmadjon), „Dilbarim“ (Zuhurov), „Yettinchi jin“ (Sultan) kabi filmlarda ham suratga tushgan. Toshkent televideniyesining „Ekran xandasi“, „Visol onlari“ dasturlari va „Tabassum“ radiojurnalining doimiy qatnashchisi boʻlgan.

Soyib Xoʻjayev 1982-yili 3-may kuni uzoq davom etgan hastalikdan soʻng 72 yoshida Andijonda vafot etgan va Toshketda dafn qilingan.

S. Imomovning „Soyibxoʻja operatsiyasi“ spektakli (1999) Soyib Xoʻjayevga bagʻishlangan. Soyib Xoʻjayev xotirasiga bagʻishlangan kulgi sanʼati koʻrik-tanlovlari oʻtkazib turiladi, 2023-yil 5-may kuni Soyib Xoʻjayev tavalludining 113-yilligi munosabati bilan „Keling kulgi sayliga, dildan kuling mayliga“ shiori ostida tadbir shular jumlasidandir.

Oʻzbekiston Respublikasi teatr sanʼatini rivojlantirishdagi katta xizmatlari uchun „Mehnat Qizil Bayroq“ ordeni bilan taqdirlangan va 1939-yili „Oʻzbekiston xalq artisti“ unvoni bilan mukofotlangan. Vafotidan soʻng 2003-yili „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 13-iyun 2023-yil.