Xoʻjamning qabri ziyoratgohi
„Xoʻjamning qabri“ (Ibrohimxoʻja) ziyoratgohi — XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida qurilgan[1], Namangan viloyati Namangan shahrining Koʻzagarlik koʻchasida joylashgan maqbara va ziyoratgoh.
„Xoʻjamning qabri“ nomi kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbeklarda avvallari dindor yoki paygʻambarzoda kishining ismini har doim aytib yurish odobsizlik sanalgan. Oʻzaro suhbatlarda ular haqida soʻzlashilganda „xoʻjam“, „taqsirim“, „toʻram“, „eshon“ kabi koʻrinishlar foydalanilgan. Ushba maqbara egasining nomini ham mahalliy aholi toʻgʻridan-toʻgʻri ishlatmasdan „Xoʻjamning qabri“ deya taʼriflagan. Keyinchalik ziyoratgoh va maqbaralar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda ham uning xalq orasidagi nomidan foydalanilib, „Xoʻjamning qabri“ shaklida qayd etilgan.[2]
Maqbara haqida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qurilish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]XVII asrning oxirida Shayxontohur (Shayx Xovandi Tohur) avlodidan Eminxoʻja Parranda degan kishi Toshkentdan Namanganga kelib yashay boshlaydi. Bu yerlarda unga ixlos qiluvchi kishilar kun sayin ortib boradi va tez orada bu yerlarda katta mol-mulk hamda boylikka ega boʻladi. Eminxoʻja Parrandaning Xoldorxoʻja degan oʻgʻli boʻlib, undan ikki oʻgʻil qoladi. Toʻngʻichi Yoqubxoʻja Qashgʻarga ketadi, kichigi Ibrohimxoʻjaning bir qizi boʻlib, uni Mirxoʻja eshon degan kishiga turmushga uzatadi. Ibrohimxoʻja vafotidan keyin oʻgʻli boʻlmaganligi uchun hamma boyligi kuyovi Mirxoʻja eshonga qoladi. Mirxoʻja eshon meros qolgan boyliklar evaziga qaynotasi xotirasi uchun Ibrohimxoʻja qabrining oldi tarafiga maqbara qurdirtiradi.[3]
Arxitekturasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Peshtoqi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maqbaraning asosiy koʻrinishida peshtoqi ravoqsimon, arkli va burchaklari kichik minorali qilib ishlangan. Peshtoq enli va ensiz belbogʻlar bilan bezatilgan. Belbogʻlarga oʻsimliklar tasviri hamda shtrizlar tasvirlangan. Enli belbogʻlar sopol parchinlar bilan bezatilgan boʻlsa, ensiz belbogʻlar ganjiga ikki qatlamli oʻyma naqshning zamini ilgari qizil rangga boʻyalgani hamda tiniq oq naqshning foni boʻlib xizmat qilganligini koʻrish mumkin. Endilikda har ikkala qatlamning ham rangi bir xil boʻlib koʻrinadi va tusiga koʻra oʻyma sopol parchasidan farq qilmaydi. Peshtoq qoplamasi rangli sirkor qoshinlar bilan bezatilgan. Uning atroflaridagi bir-biriga monand ishlangan och yashil va toʻq sariq gʻishtli fasad — chehraning murakkab, jimjimador fonida yaqqol ajralib turadi.
Arki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Arkning uchburchak tanchasiga bargi beshtadan boʻlgan katta-katta gullar naqshlangan. Arkning tayanchlariga yashil tusli koshinlar bilan qoplangan ustunchalar oʻrnatilgan. Uchta halqa koʻrinishida oʻyib ishlangan toʻq sariq rangli konussimon toqi — ravoq oʻziga kishi eʼtiborini jalb etadi. Burchaklardagi guldastalarning quyi qismi toʻq sariq va yashil sirkor naqsh bilan qoplangan.
Maqbara ichki qismi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Panelning yuqorisidan harflar bilan yozilgan va oʻsimliklar tasviri solingan bezama belbogʻ oʻtadi. Bu devorlar asosidagi tortilgan chiziqqa oʻxshaydi. Ikkinchi ana shunday belbogʻ devorning ark va gumbaz atrofiga chiroy berib turibdi.[4]
Maqbarani bezashda foydalanilgan yozuvlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maqbaraning tashqi va ichki qismlari bezashda arab yozuvining xati koʻfiy, xati rayhoniy, xati nastaʼliq turlaridan foydalanilgan.[5]
Maqbaraga kiraverishda boʻrtma harflarda „Abduraim oʻgʻli usta Muhammad Ibrohimning asari“, deb yodgorlikni qurgan ustaning ismi yozilgan.[6]
Xarita
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Gaybullayeva Zarina. „«Yogoch o’ymakorligida lagan tayyorlash texnologiyasi »“ 12-13.
- ↑ Baxtiyor Eraliyev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov.. O'zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. Andijon va Namangan viloyatlari / Ikkinchi kitob (O'zbek tilida), 2014 — 220-222--bet.
- ↑ I.Yusupov, E.Mirzaaliyev. Namangan viloyatining me'moriy obidalari.
- ↑ Тожиахмедова, М. Х. Исторические памятники города Наманган / М. Х. Тожиахмедова. — Текст : непосредственный // Молодой ученый. — 2014. — № 3 (62). — С. 738-739. — URL: https://moluch.ru/archive/62/9640/ (дата обращения: 20.06.2023)..
- ↑ Baxtiyor Eraliyev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov.. O'zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. Andijon va Namangan viloyatlari / Ikkinchi kitob (O'zbek tilida), 2014 — 220-222- bet..
- ↑ „Fotoreportaj: Namangandagi qadimiy xoʻja amin maqbarasi“ (2020-yil 23-iyun). Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.