Kontent qismiga oʻtish

Xoja Ismatulloh Valiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Avliyo

Ism

Xoja Ismatulloh Valiy

Tavalludi

1365-yil

Vafoti

1436-yil

Falsafa maktabi


Xoja Ismatulloh Valiy — (1365—1436) — alloma va avliyo. Xoja Faxriddin Ismatulloh binni Masʼud Buxoriy valiyulloh, buyuk shoir, faylasuf, ulug‘ tarbiyachi, maʼrifatparvar zot bo’lgan. U 1365-yilda Buxoroda tug‘ilib, 1436-yil Buxoro shahrida vafot qilgan[1]. Xoja Ismatullohning otasi Xoja Masʼud ziyoli, donishmand, orif, taqvodor inson bo’lgan. Davlatshoh SamarqandiyningTazkirat ush shuaro” kitobida yozilishicha, Xoja Ismatulloh buzrukzoda, fozil va bilimdon kishi ermish, nasabi Jaʼfar ibn Abu Tolibga ulanadi. Xoja Ismatullohning ota-bobolari Buxoroda ulug‘ va fozil kishilardan bo’lgan. Xoja Ismatulloh Buxoro madrasalarida taʼlim olib, qisqa muddatda ustod allomalar nazariga tushadi. Qur’on, tafsir, hadis, fiqh va boshqa ilmlarni mukammal oʻrganib, XIV asr allomasi sifatida elga taniladi. Xoja Ismatulloh “Ismat” va “Nosiriy” taxalluslari bilan ijod qilgan. Xoja Ismatulloh g‘azallari nafaqat Buxoro, balki butun Movarounnahrda, qolaversa, butun Sharqda mashhur bo’lgan. Xoja Ismatullohning “Devon”lari va “Qasidalar” kitoblari bor. “Devon”lariga g‘azal, ruboiy, muxammas, qasida, tarkibband, qitʼa, marsiya, hajviya, muammo, masnaviylari kiritilgandir. Atoqli shoir asarlari ishqu muhabbat, odob-axloqqa bag‘ishlangan bo‘lib, u tabiat manzaralarini inja bir noziklik bilan tasvirlaydi. Shoirda so‘fiyona ruh ustivordir. Xoja Ismatullohning xattotlar tomonidan ko‘chirilgan “Devon”i Sankt-Peterburg, Toshkent, Dushanbe, Filadelfiya, London, Kalkutta, Buxoro shaharlaridagi kutubxonalarda saqlanmoqda. Buxoro shahrining Shayx Jalol darvozasidan chiqib, janub tomon yurilsa, Hazrat Xoja Ismatulloh Valiy ziyoratgohlari ko‘rinadi. Ushbu ziyoratgoh sobiq Ittifoq zamonasida qarovsiz edi. Masjid yiqitilgan, chashma va quduq ko‘mib tashlangan, ziyoratgohga kelish taʼqiqlangan edi. 2004-yilning fevral oyidan boshlab ulug‘ alloma Xoja Ismatulloh Valiy ziyoratgohlarida obodongarchilik ishlari boshlandi. Bu yerda baland gumbazli maqbara, masjid, hazira bino etildi. Hazratning, chashmalari atrofi devor bilan o‘rab olinib, kelajakda devorda yozuvlar: Xoja Ismatulloh g‘azallaridan namunalar, hikmatli gaplar yozilib, Hazrat Xoja Ismatulloh majmualarining shimolida ulkan bog‘ barpo qilindi. “Xoja Ismatulloh ziyoratgohi” loyihasini viloyat bosh arxitektori M.Q.Axmedov yaratgan. Ushbu ziyoratgoh hashar yo‘li bilan bunyod etildi[2].

  1. Yoʻldoshev N. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1993 — 143-bet. 
  2. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291-bet.