Xorazm Maʼmun akademiyasi
Xorazm mamun akademiyasiʼ, Maʼmuniylar akademiyasi — Xorazmda 10-asr oxiri — 11-asr boshlarida faoliyat koʻrsatgan ilmiy muhit. Maʼmuniylar davlati (992—1017) tarixi bilan bevosita bogʻliq. Siyosiy, iqtisodiy, harbiy qudratga erishgan xorazmshoxlar davlati mamlakatni birlashtirish, unda tartib oʻrnatish boʻyicha tadbirlarni boshlab yuborgan. Kun tartibida davlat ichki va tashki siyosatini olib borishda mafkuraviy masalalarni hal qilish turgan. Ali ibn Maʼmun (997—1010) dono va zukko maslahatchilarga muhtoj boʻlgan. Uning baxtiga togʻasi, Abu Nasr ibn Iroq oʻz davrining oʻta bilimdon olimi boʻlgan. 1004-yilning boshida Ibn Iroq taklifi bilan Beruniy Gurganjga qaytib kelgan; Maʼmun saroyida ilm ahli uchun yaxshi sharoit yaratib berilgan. Bu 2 shaxs Yaqin va Oʻrta Sharkdagi koʻplab olimlar bilan shaxsiy yozishmada boʻlganlar. Ularning taklifi bilan Nishopur, Balx, Buxoro va hatto arab Iroqidan koʻplab olimlar Gurganjga kelishgan.
Shu tariqa 1004-yildan boshlab Gurganjda "Dorul hikma va maorif" (baʼzi bir manbalarda "Majlisi ulamo") nomini olgan ilmiy muassasa toʻla shakllangan. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi "Platon", Bagʻdoddagi "Bayt ulhikmat" akademiyasi faoliyatiga oʻxshab ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilgan, juda koʻp manbalar toʻplangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan hind, yunon, arab olimlarining ishlari urganilgan;AlXorazmiy, AlFargʻoniylarning oʻlmas asarlari, ilmiy ishlaridan foydalanilgan va tadqiq qilingan. 18—20-asr tarixchi olimlari tomonidan ilmiy muassasa har tomonlama oʻrganilgan va oʻz faoliyati nuqtai nazaridan bu dargoh oʻz davrining akademiyasi boʻlganligi isbotlangan va unga "Maʼmun akademiyasi" nomi berilgan. X.Xorazm maʼmun akademiyasi asosini quyidagi olimlar tashkil etgan: Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq al Jaʼdiy (10-asr — 1034), Abulxayr ibn Hammor (941 — 1048), Abu Saxl Iso ibn Yahʼyo al Masihiy al Jurjoniy (970—1011), Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al Beruniy, Abu Ali al Husayn ibn Abdulloh ibn Sino, Abu Ahmad ibn Muhammad ibn Yaʼqub ibn Miskavayh (1030-yil v.e.), Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil as Saolibiy al Naysaburiy (961 — 1038), Ahmad ibn Muhammad asSahriy (1015-yilv.e.), Abu Ali al Hasan ibn Horis alHububiy alXorazmiy (10—11-asrlar), Abu Abdulloh Muhammad ibn Homid al Xorazmiy (10—11-asrlar) va boshqa
X.M.a olimlari Yunoniston, Yaqin va Oʻrta Sharq, Hindiston ilmfan yutuqlarini ijodiy, tanqidiy oʻrganib, uni yanada yuksak bosqichga koʻtarganlar. Akademiya aʼzolarining aksariyati olim sifatida Markaziy Osiyoda shakllanganlar. Ularning ilmiy faoliyati, asarlari tufayli Qad. Xorazm badiiy sanʼati, adabiyoti, astronomiyasi, matematikasi, sugorish madaniyati yutuklari jahon tamadduni xazinasiga kirgan va butun insoniyat manfaatlariga xizmat kila boshlagan.
Mas, Abu Nasr ibn Iroq, astronomiyaga doyr ilmiy asarlari tufayli "Batlimusi soniy" ("Ikkinchi Ptolemey") degan faxriy nom olgan.
Abulxayr ibn Hammor mantiq, falsafadan tashqari tabobatda ham juda mashhur boʻlgani uchun "Buqroti soniy" ("Ikkinchi Gippokrat") laqabiga sazovor boʻlgan.
Abu Sahl alMasihiy tabib, Ibn Sinoning ustozi boʻlgan. Akademiya rahbari Abu Rayhon Beruniy fanning deyarli hamma sohalari bilan shugʻullangan. Uning geodeziya va matematika sohalari boʻyicha asarlari bugun ham dolzarbdir. Beruniy Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib, tibbiyotga oid. "Kitob asSaydana fittib" ("Tabobatda dorishunoslik kitobi") asarini yozgan. Beruniy Amerika qitʼasi mavjudligini yevropalik olimlardan taxminan 450 yil oldin aytib oʻtgan. Uning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida qad. xalklar (yunonlar, eroniylar, sugʻdiylar, xorazmiylar va boshqalar) ning yil hisoblari, bayramlari va mashhur kunlari, urfodatlariga oid qimmatli maʼlumotlar toʻplangan.
X.Xorazm maʼmun akademiyasining yana bir zabardast krmusiy olimi Ibn Sino jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Xususan, uning "Tib qonunlari" asari butun dunyoga mashhur boʻlgan. Xorazmda Ibn Sino, asosan, mat. va astronomiya bilan shugʻullangan. Olimning Aristotel taʼlimoti xususida Beruniy bilan va oʻzining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Bu yozishmalar savoljavob tarzida bulib, unda Beruniy va Ibn Sino fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issikdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borganlar. Ibn Sino xorazmshoxlar vaziri Abul Husayn asSahliy bilan doʻstlashib, unga atab alkimyoga oid "Risola aliksir" ("Iksir haqida risola") asarini yozgan.
X.Xorazm maʼmun akademiyasi olimlari Xorazm tabiati, iklimi, sugʻorish tizimi, mineralogiyasi, yer osti suvlari, Amudaryo deltasining tarixi, korizlar qurish orqali tuproqni tozalash yoʻllarini tadqiq etishgan. Akademiya aʼzolaridan Abu Bakr alXorazmiy, tabib AbulFaraj ibn Hindu sheʼriyatda yuksak mahoratga erishganlar. Xorazm tarixi, dinlari, taqvimi, bayramlari, urfodatlari, yozuvi, milliy qadriyatlari haqidagi qimmatli maʼlumotlar ularning faoliyati tufayli bizgacha yetib kelgan. Ularning oʻzlariga xos shiori: "Ilm — insonlar hojatini chiqarmoqlikka xizmat qilsin", — deya atalgan edi. X.Xorazm maʼmun akademiyasi olimlariga ilmda qatʼiylik xos boʻlgan. Aristotel yoʻl qoʻygan koʻp xatolar tekshirishlar davomida tuzatilgan, qutbdagi davomiy tun va kunlar masalasi osonlik bilan falakiyot fani nuqtai nazaridan tushuntirilib, yechilgan. Beruniy qayd etishicha, qadimda Xorazm astronomlari yulduzlar joylashish tartibini arablardan koʻra yaxshiroq bilishgan.
Xorazmshoh Maʼmun ibn Maʼmun (Maʼmun II) saroyidagi olimlar shuhrati oʻz davrida uzok, ulkalarga tarkalgan. Bu esa Mahmud Gʻaznaviyning gʻashiga tekkan. U uyushtirgan suiqasd natijasida 1017-yilning bahorida Maʼmun II uldirilgan va usha yilning iyunida kuyovi uchun qasos olish bahonasi bilan Mahmud Gʻaznaviy Xorazmga bostirib kirgan. Katta qirgʻin va talontorojliklar natijasida X.Xorazm maʼmun akademiyasi faoliyati tugatilgan va bu yerdagi olimlarning kupchiligi Gʻaznaga majburan olib ketilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Xorazm Maʼmun akademiyasini qaytadan tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmoni (1997-yil 11 noyabr) Oʻzbekistonning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon ilmiy hamjamiyatidagi oʻrnini mustahkamlash, mintaqalarda fanni yanada rivojlantirish hamda isteʼdodli va fidoyi olimlarni qoʻllabquvvatlash, yuqori intellektual muhit yaratishdagi milliy anʼanalarni rivojlantirishda quyilgan muhim qadam buldi.
1997-yil noyabr oyida akademiyaning tarkibida arxeologiya, tarix va falsafa, til va adabiyot, biologiya muammolari boʻlimlari tashkil qilinib, 9 ilmiy mavzu boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi.
Arxeologiya, tarix va falsafa boʻlimining xodimlari "Xorazmda qadimgi va oʻrta asrlar oʻzbek davlatchiligi tarixi", "Oʻzbek xalqining etnik tarixida Xorazm vohasining oʻrni", "Xorazm viloyati arxeologik yodgorliklarini tadqiq qilish" mavzulari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishdi.
Til va adabiyot boʻlimida, "9—13-asrlarda Xorazm yozma adabiyoti va ogʻzaki epos", "9—13-asrlar Xorazm yodnomalari tili" mavzusi boʻyicha Xorazm yozma adabiyoti va ogʻzaki afsonalari hamda rivoyatlar Avestodagi mifologik qatlam bilan qiyosiy tahlil qilindi. Ogʻzaki va yozma namunalar tahlili orqali adabiy va badiiy tillarga xos xususiyatlar, ularning oʻzaro taʼsiri oʻrganildi.
Biologiya muammolari boʻlimida 4 ilmiy mavzu "Xorazm vohasi tuproq — iqlimi sharoitida istiqbolli, serhosil, kasalliklarga va zararkunandalarga chidamli koʻniktirilgan oʻsimliklar navlarini oʻrganish", "Xorazm viloyati sharoitida ekinlarni almashlab ekishning biologik asoslarini ishlab chiqish", "Xorazm viloyati sharoitida asosiy, oraliq va takroriy ekishlarda ozuqaviy ekinlarni parvarish etishning samarali texnologiyalarini va makkajoʻxorining urugʻchilik tizimini barpo qilish", "Kuyi Amudaryo mintaqasi tuproqlarining suvtuz rejimini yaxshilaydigan kollektor — zaxkash tizimlarining ish rejimini boshqarish usullarini ishlab chiqish" boʻyicha ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi.
X.Xorazm maʼmun akademiyasi jamoasi ilmiy tadqiqotlarni xalqxoʻjaligi talablari asosida shakllantirish, ularni dolzarb masalalarni yechishga qaratish, byudjet mablagʻlarining samaradorligini oshirishda ustuvor fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga intilmoqda.
2003-yildan boshlab akademiyada 2 fundamental va 8 amaliy dasturlar boʻyicha 58 xodim, shu jumladan, 2 akad., 8 fan doktori va 24 fan nomzodlari ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9 noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2005-yilda X.Xorazm maʼmun akademiyasining 1000-yilligi nishonlanishi belgilandi.
Ad. Abu Rayhon Beruniy, Qadimgi xalklardan qolgan yodgorliklar, Tanlangan asarlar, 1j., T., 1968; Sadullayev A., Xorazm Maʼmun akademiyasi, Xiva, 2000; Sadullayev A., Sotliqov A., Xorazm Maʼmun akademiyasining tarixiy iddizlari, Urganch, 2003.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |