Kontent qismiga oʻtish

YIDXP

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
Joriy holati 1 mln (fevral 2024, SimilarWeb)
Tijoratmi yo‘q
Sayt turi internet portal
Roʻyxatdan oʻtish majburiy
Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni 8 mln nafar (2023-yil 31-dekabr holatiga)
Qaysi tillarda o'zbek, rus, ingliz
Muassisi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi
Ochilgan sanasi 1-iyul 2013-yil
Joylashuv O‘zbekiston Respublikasi
Mamlakat O‘zbekiston
URL https://my.gov.uz/

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) – bu butunjahon internet tarmog‘ida foydalanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi davlat tashkilotlari hamda boshqa idoralar tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etuvchi internet portal (my3.gov.uz).

YIDXP orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari bo‘yicha arizalar berish uchun foydalanuvchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

YIDXP 1-talqini asosiy oynasi ko‘rinishi

2013-yil 1-iyul kuni Internet tarmog‘ida my.gov.uz veb-manzilida YIDXP 1-talqini test rejimida ishga tushdi.

YIDXP O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi PF-1920-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Obod turmush yili” Davlat dasturiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 378-son qaroriga asosan yaratilgan.[1]

YIDXP 1-talqida kundalik turmushga taalluqli soha va yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi 40 ga yaqin interaktiv xizmatlar taqdim etildi. Ularning ayrimlari quyidagilar:

  • Vazirlik va idoralarga murojaat yo‘llash;
  • Vazirlik va idoralar rahbari qabuliga yozilish;
  • Vazirlik va idoralarning bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha murojaat qilish;
  • Yuridik va jismoniy shaxslar uchun Internet va statsionar telefon ulash uchun ariza berish;
  • Davlat soliq xizmatlari organlari tomonidan soliq qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun ariza berish;
  • Telekommunikatsiya sohasiga tegishli litsenziyalarni olish bo‘yicha ariza berish.

2017-yil 18-iyul sanasida YIDXP ning yangi 2-talqini my2.gov.uz veb-manzilida ishga tushdi hamda bugungi kunga qadar faol foydalanib kelinmoqda. YIDXP 2-talqini jismoniy va yuridik shaxslarning ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan hamda Portalga kirish foydalanuvchilar yagona identifikatsiyasi qilish tizimi (OneID) orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, YIDXP 2-talqinida fuqarolar (jismoniy shaxslar) va tadbirkorlar (yuridik shaxslar) shaxsiy kabinetlari ajratilgan, elektron davlat xizmatlari uchun onlayn to‘lov imkoniyati yaratildi.

YIDXP 2-talqinida portal foydalanuvchilar uchun soliq bo‘yicha qarzdorlik, kommunal xizmatlar, yo‘l harakati qoidalari jarimasi, shaxsiy nafaqa va sug‘urta jamg‘armasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyati joriy etilgan.[2]

2023-yil 24-oktabr kuni ICT Summit 2023 tadbirlari doirasida YIDXP ning yangi 3-talqini my3.gov.uz veb-manzilida taqdim etildi. YIDXP 3-talqini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirilgan dizaynga ega bo‘lib, MyID yuzni tanish orqali identifikatsiyadan o‘tish, “Muxlisa” ovozli yordamchisi, elektron xizmatlarni baholash kabi imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi.[3]

Huquqiy tartibga solinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuni[4] 28-moddasiga muvofiq elektron davlat xizmatlari ariza beruvchilarga davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali hamda davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi bo‘lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-sonli qarori[5] bilan tasdiqlangan YIDXP to‘g‘risidagi nizomga asosan YIDXP axborot, uslubiy, texnik kuzatuvi va ma’murchiligi “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM” MChJ tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-iyundagi 409-sonli qaroriga[6] asosan elektron hukumat infratuzilmasini yanada rivojlantirishni ta’minlash, shu jumladan YIDXP, davlat xizmatlari va boshqa elektron hukumat axborot tizimlari xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat boji va yig‘imlar miqdorini hisobga olishning yagona billing tizimini rivojlantirish “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining funksiyalaridan biri sifatida belgilangan.

Foydalanuvchilar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

YIDXPdagi elektron davlat xizmatlaridan jismoniy (yakka tartibdagi tadbirkor) va yuridik shaxslar foydalanadilar. Ayrim davlat xizmatlaridan faqat ma’lum bir talablarni bajargan talabgorlar foydalanishlari mumkin.

2023-yil 31-dekabr holatiga YIDXP foydalanuvchilar 8 mln nafarni tashkil etdi. Foydalanuvchilarning 56,2 foizi erkaklar, 43,8 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Foydalanuvchilarning yosh bo‘yicha taqsimlanishi
Foydalanuvchi yoshi Umumiy miqdordagi ulushi
18 yoshgacha 1,8 foiz
19-24 yosh oralig‘ida 18,6 foiz
25-34 yosh oralig‘ida 31,5 foiz
35-44 yosh oralig‘ida 23,4 foiz
45-54 yosh oralig‘ida 12,9 foiz
55 va undan yuqori 11,8 foiz

Elektron davlat xizmatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Elektron davlat xizmati – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda ko‘rsatiladigan davlat xizmatidir.

YIDXP orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari va servislar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan huquqiy hujjat yoki Raqamli texnologiyalar vazirligi va Vakolatli tashkilot tomonidan tasdiqlangan kelishuvda ko‘rsatilgan tartib (reglament) asosida ko‘rsatiladi.

YIDXP orqali elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ariza beruvchi hamda uning mol-mulkiga tegishli ma’lumotlar identifikatorlar asosida davlat organlari axborot tizimlaridan idoralararo elektron hamkorlik asosida olinadi.

2017-2022 yillarda YIDXP orqali ko‘rsatilgan xizmatlar va yuborilgan arizalar ko‘rsatkichlari
Yillar 2017 2018 2019 2020 2021 2022 2023
Xizmatlar soni (ta) 49 127 173 218 300 370 570
Arizalar soni (mln) 0,5 1,3 2,8 3,1 9,3 14,2 20,0

Elektron davlat xizmatlari xizmat ko‘rsatish muddatiga ko‘ra “avtomatik” hamda “yarim avtomatik” xizmatlarga bo‘linadi. “Avtomatik” davlat xizmatidan foydalanilganda xizmat natijasi darhol (avtomatik tarzda) taqdim etiladi, “Yarim avtomatik” davlat xizmatlarida esa xizmat ko‘rsatish muddati reglamentga muvofiq bir necha ish kunini tashkil etadi.

YIDXP da 2024-yil 1-mart holatiga 590 ta elektron davlat xizmati joriy etilgan bo‘lib, mazkur xizmatlar 18 ta soha (Fuqarolik, Ta’lim, Oila va bolalar, Yoshlar, Ijtimoiy himoya, UJXK, Soliqlar, Bojxona, Transport, Ko‘chmas mulk, Ma’lumotnomalar va boshqalar) bo‘yicha taqsimlangan.

Jismoniy shaxslar uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]

YIDXP orqali joriy etilgan xizmatlardan 288 turdagi xizmatlardan faqat jismoniy shaxslar foydanalishi uchun joriy etilgan. Shuningdek, 458 turdagi elektron davlat xizmatidan ham jismoniy, ham yuridik shaxslar foydalanishlari mumkin.

Jismoniy shaxslar tomonidan YIDXP orqali foydalaniladigan ommabop xizmatlar (2023-yilda)[7]
Xizmat nomi Soha Arizalar soni
Doimiy yashash joyi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish Ma’lumotnomalar 2 073 231
Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish Oila va bolalar 1 824 100
Hisoblangan ish haqi summalari to‘g‘risida ma’lumot Soliqlar 1 602 309
Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish Soliqlar 1 424 500
Mehnat daftarchasidan ko'chirma olish Ma’lumotnomalar 1 144 594
UzAuto Motors AJ orqali avtomobil uchun navbatni tekshirish Transport 908 604
Tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt ma’lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish Iqtisodiyot, biznes va e-tijorat 759 420
Avtotransport boshqaruvi uchun jismoniy shaxslarga elektron ishonchnoma (sotish, boshqa davlatga olib ketish huquqisiz) berish Adliya 747 632
Sudlanmaganlik (sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnoma berish Ma’lumotnomalar 671 752
O‘z-o‘zini band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish Soliqlar 669 971

Yuridik shaxslar uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]

YIDXP da mavjud xizmatlardan 151 turdagisi faqat yuridik shaxslar uchun ko‘rsatiladi. Yuridik shaxslar tomonidan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda ayrim hollarda yuborilayotgan ariza elektron raqamli imzo (ERI) bilan tasdiqlash talab etilishi mumkin.

Yuridik shaxslar tomonidan YIDXP orqali foydalaniladigan ommabop xizmatlar (2023-yilda)[7]
Xizmat nomi Soha Arizalar soni
Tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt ma’lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish Iqtisodiyot, biznes va e-tijorat 175 382
O‘zbekiston Respublikasi hududiga temiryo‘l transport vositasi orqali olib kirilayotgan yuk haqida ma’lumot olish Bojxona 65 261
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziya Transport 61 577
Turar-joy obyektlarini kadastr pasportini shakllantirish Ko‘chmas mulk 59 188
Noturar obyektlarini kadastr pasportini shakllantirish va ularga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Ko‘chmas mulk 54 916
Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish Ko‘chmas mulk 53 089
Yuridik shaxslarning hisobga qo‘yilgan ma’lumotlari bilan tanishish Iqtisodiyot, biznes va e-tijorat 51 725
O‘zbekiston Respublikasi hududida avtotransport vositasi orqali olib kirilayotgan yuk haqida ma’lumot olish Bojxona 46 091
Turar-joy obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ariza yuborish Ko‘chmas mulk 38 972
Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish Soliqlar 37 142

MyGov mobil ilovasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
MyGov mobil ilovasi

YIDXP orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarini aholi uchun yanada qulay formatda taqdim etish uchun MyGov mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur ilova orqali 2024-yil 1-yanvar holatiga 267 ta xizmat taqdim etilmoqda.

MyGov mobil ilovasidan foydalanishning afzalliklari:

  • MyID yuzni tanish yordamida identifikatsiyadan o‘tish;
  • MobileID identifikatsiya usulidan foydalanib tizimga kirish;
  • YIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborilgan arizalarni kuzatish yoki natijasini elektron hujjat shaklida olish;
  • Pullik elektron davlat xizmatlari uchun to‘lov qilish;
  • YIDXP ga kirilgan qurilmalardagi sessiyalarni boshqarish.

MyGov mobil ilovasi orqali istalgan vaqtda elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.

MyGov mobil ilovasini quyidagi havolalar orqali smartfon qurilmasiga bepul yuklab olib, o‘rnatish hamda elektron xizmatlardan foydalanishni boshlash mumkin: App Store hamda Google Play.

YIDXP modullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jismoniy va yuridik shaxslarga YIDXPning elektron davlat xizmatlari 209 ta Davlat xizmatlari markazlarida dxa.gov.uz modulidan, olis va chekka hududlardagi 1016 ta pochta bo‘limlarida postal.gov.uz modulidan, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi 56 ta diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida consul.gov.uz modulidan foydalangan holda ham ko‘rsatiladi.

Pullik xizmatlarga 10 foiz chegirma

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga[8] muvofiq har qanday davlat xizmatini olish, shu jumladan litsenziya, ruxsatnoma olish, davlat ro‘yxatidan o‘tish va boshqa xizmatlar uchun YIDXP orqali mustaqil ravishda murojaat etilganda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki xizmat ko‘rsatuvchi organlarga bevosita murojaat etilgan taqdirda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida undirilishi belgilangan.

Foydali havolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „department.official.gov.uz“. 2024-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 1-aprel.
  2. „department.official.gov.uz“. 2024-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 1-aprel.
  3. „gazeta.uz“.
  4. „lex.uz“.
  5. „lex.uz“.
  6. „lex.uz“.
  7. 7,0 7,1 „https://my.gov.uz/oz/site/statistic-graph“.
  8. „lex.uz“.