Kontent qismiga oʻtish

Yalangʻoch ayol (Renuar, 1876)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yalang'och ayol
: '
Rassom Per-Avgust Renuar
Yil 1876
Material xolst, moybo'yoq
Oʻlchami 92 sm × 73 sm (6,200 in × 4,900 in)
Joylashuvi Pushkin nomidagi davlat tasviriy san'at muzeyi, Moskva

Yalangʻoch ayol (fr. Nu féminin) – asar Per-Avgust Renuar (Pierre-Auguste Renoir, 1841—1919) ijodiga tegishli boʻlib, 1876-yilda ishlangan. Asar, shuningdek, "Divanda oʻtirgan yalangʻoch ayol", „Anna“ (tasvirdagi model), „Choʻmilishdan keyin“ va „Marvarid“ nomlari bilan ham tanilgan. Hozirda Pushkin nomidagi davlat tasviriy san'at muzeyida saqlanadi. Shuningdek, muzeyda Renuar ijodiga tegishli boʻlgan shu mavzuga aloqador boshqa, koʻplab asarlarni uchratish mumkin. Rassom sermahsul ijodiy faoliyati davomida yalongʻoch (ing: nude) janriga koʻp marta murojat qilgan.

Renuar ijodiy faoliyati impressionizmga asoslangan boʻlishiga qaramay, unda inson tasviri Eduard Mane yoki Edgar Degasda boʻlgani kabi aniqligi, chizgilarning sifatliligi bilan ajralib turadi. Renuar 1860-yillardan to oʻlimigacha yuzlab yalangʻoch janriga oid asarlar ishlagan. Renuar ijodiy faoliyatini endi boshlagan yillari Luvr muzeyida juda koʻp vaqtini oʻtkazgan. U yerda boʻlajak rassom Piter Pol Rubens, Fransua Bushe va Ejen Delakrua singari buyuk rassomlar ishlarini oʻrganadi, ulardan koʻchirmalar ishlaydi.[1]

"Mushuk koʻtargan bola", 1868 y.

Renuar bundan oldin ham bu mavzuda asarlar yaratgan. Misol tariqasida 1868-yilda ishlangan „Mushuk koʻtargan bola“, asarini keltirish mumkin. Rassomda bu janrga qiziqishning paydo boʻlishiga Rubens ishlari katta tasir oʻtkazgan. Ammo Rubensdan farqli Renuar goʻzallikni ideallashtirmadi, unga ortiqcha jilo bermadi, shunchaki haqiqiy hayotda uchraydigan, biz koʻrishimiz mumkin boʻlgan hayotiy tasvirni xolstga koʻchirib qoʻya qoldi.

" Anna „ asarida Renuar aynan mana shu goʻzallikni tasvirlaydi. Kartina markazi yorqin ranglar bilan ishlangan va buni yanada boʻrtirib koʻrsatish maqsadida asar chetki qismlari sovuq kulrang-koʻk soyalar bilan oʻrab tasvirlangan. Renuar tananing konturlarini yanada nozikroq qilish uchun kichik, yumshoq moʻyqalam chizgilaridan foydalangan. Bu uslub bilan u, Maneda boʻlgani kabi, impressionizmga inson tanasining real tasvirini olib kirdi. [2]

“Olimpiya", 1865 y. Eduard Mane.

Renuar va boshqa impressionistlarning bu kabi „betga choparliklari“ (eski uslubdagi asarlardan koʻra yorqinroq va oʻta hayotiyroq, ideallashtirilmagan tasvirni tez va oson chizish) omma eʼtiborini tortmay qoʻymadi.[3] Impressionizmga yalongʻoch janrining kirib kelishini jamoatchilik qabul qilishiga biroz vaqt ketdi. Bungacha ham bu kabi ishlar impressionizm oqimida uchraydi. Misol tariqasida Eduard Mane ijodiga tegishli „Olimpiya“, „O'tloqdagi tushlik“ asarlarini keltirish mumkin. Oʻsha paytdagi bahs-munozaralarning oʻta kuchli oqimi borligiga qaramay, Renuarning ijodiy ishlari boshqa rassomlarga ham oʻz tasirini oʻtkazmay qoʻymadi. Masalan, bunga Anri Matissni yoki Pikassoni misol keltirish mumkin. [4] Pablo Pikasso, masalan, 1968-yilda ishlagan „Ikki yalangʻoch bola“ kabi bir qator kubistik asarlar yaratdi [5]

1896-yilgacha asar Emmanuel Shabriega (Emmanuel Chabrier) tegishli boʻlgan. Keyinchalik asarni mashhur Parij marshali Pol Dyuran-Ryuel (Paul Durand-Ruel) sotib oladi . 1898-yilda Dyuran-Ryuel „Anna“ni 15 ming frankga moskvalik savdogar va kolleksioner Pyotr Shukinga sotadi. Shundan soʻng, kartina 14 yil davomida Shukin yotoqxonasida osilgan xolda qolib ketadi, chunki Shukin kartinani galereyaga qoʻyishga jur’at eta olmaydi. 1912-yil iyun oyida rasm undan akasi Sergey Shukinga oʻtadi. Sergey Shukin kartinaga 6 yil egalik qilgan.

SSSR Vazirlar Kengashining 1948 yil 6 martdagi Zamonaviy Gʻarb sanʼati davlat muzeyini tugatish toʻgʻrisidagi farmoni.

1918-yilda asar Birinchi yangi gʻarb sanʼati muzeyiga topshiriladi. 1923-yilda muzey Ikkinchi yangi gʻarb sanʼati muzeyi bilan birlashtirilishi natijasida Yangi G'arb san'ati davlat muzeyi tashkil etildi. Asar bu yerda 1948-yil 6-martgacha, muzey I.Stalin boshchilik hukumat tomonidan tugatilgunga qadar saqlangan. Shundan soʻng kartina Pushkin muzeyiga koʻchirildi va hozirda shu yerda saqlanmoqda.

  1. Huberdeau. „Renoir's nudes showcase his evolving style“. The Berkshire Eagle (2019-yil 7-iyun). Qaraldi: 2020-yil 28-noyabr.
  2. „Pierre-Auguste Renoir - Nude. 1876“. Pushkin Museum. Qaraldi: 2020-yil 28-noyabr.
  3. „Renoir’s Problem Nudes“. The New Yorker (2019-yil 26-avgust).
  4. „Renoir: The Body, The Senses“. Apollo (2019-yil 31-may). Qaraldi: 2020-yil 28-noyabr.
  5. Pfarrer. „Of human bodies: new exhibit at Clark Art Institute showcases Renoir's focus on the nude“. Daily Hampshire Gazette (2019-yil 26-iyun). Qaraldi: 2020-yil 29-noyabr.