Kontent qismiga oʻtish

Yangiqo'rgo'n tumani tarixiy qishloqlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Boboi Handon jome’ masjidi. Istiqlol qishlog‘i hududidagi Mozor ko‘chasining Sharqiy qismida qurilgan jome’ masjidi. Masjid binosi aholi o‘rtasida Boboi Handon nomi bilan mashhur bo‘lgan shayh Nuriddin homiyligi va boshchiligida tiklangan. Boboi Handon islom dinini mahalliy aholi o‘rtasida targ‘ib etish uchun xalifalik tomonidan yuborilgan ko‘p sonli da’vatchilardan biri bo‘lgan. Masjid binosi to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi hovlining G‘arb tomoniga qurilgan. Masjid namoz o‘qiladigan mehrobli, chorsi xonadan iborat. Asosiy xonaning har ikki tomonidagi yordamchi xonalar maktab vazifasini o‘tagan. Har uchchala xona oldiga umumiy qilib turli tadbir va marosimlarni o‘tkazish uchun uzun ayvon solingan. Masjid Sharq me’morchiligining O‘rta asrlarga xos an’anaviy uslubida qurilgan. Asosiy xonadagi qirrador, konussimon ustunlar mustahkam tagkursilarga o‘rnatilgan. Ustunlar ustidagi guldor, uyma naqshli yog‘och yostiqchalarga uzunasiga asosiy to‘sin yotqizilib, uning ustiga ikki tomonlama ko‘ndalang to‘sinlar terilgan. To‘sinlarning ikki tomonidagi uchlari asosiy devorlar ustiga chiqarilgan. Boboi Handon maqbarasi. Shayx Boboi Handon vafot etgach uni o‘zi barpo etgan masjid binosining Sharq tomonidagi tepalik ustiga dafn etilgan. Qabr atrofi esa paxsa devor bilan o‘ralgan. Keyinchalik qabr tepasiga pishgan g‘ishtdan to‘g‘ri to‘rt burchak shaklda ayvonli maqbara binosi qurilgan. Qabr ustiga tag qismi to‘g‘ri to‘rtburchak, ustki qismi ovalsimon g‘ishtin sag‘ana o‘rnatilgan. Sag‘ana ustiga qabr tepasida avvaldan mavjud bo‘lgan qabr toshi qo‘yilgan. Qabr toshidagi arab imlosida yozilgan matnda shayh Nurillohnning shajarasi bayon etilgan. Boboi Handon qabrining quyi janubiy qismiga uning izdoshlari, shogirdlari dafn etib borilgan. Bu hududdagi qabrlarning ayrimlari ham pahsa devor bilan o‘rab qo‘yilgan. Bog‘iston. Bog‘iston qishlog‘i Bekobod hamda G‘ovazon qishloqlari bilan chegaradosh. Sho‘rolar hukumati davrida mamlakatimizda yangi oilalar sonini keskin ko‘payishi natijasida aholining uy-joyga bo‘lgan talabi ortadi. Biroq, o‘sha vaqtlarda paxta yakka hokimligi siyosati xalqning uy-joyga bo‘lgan talabini paxta ekiladigan maydonlarni qisqartirish hisobiga hal etilishiga yo‘l qo‘ymagan. 1984 yilda jamoa ho‘jaligining sobiq rahbari Sobirjon To‘ychiboyev yuqori partiya va sovet tashkilotlarining qarshiligi, noroziligiga qaramasdan Iskovot Baliqliko‘l magistral avtomobil yo‘lining janubiy qismidagi ho‘jalik yerlaridan 200 gektarini jamoa ho‘jaligi a’zolariga uy-joy qurish uchun ajratib beradi. Yangi turar joy manzilgohiga qishloqdagi yosh oilalar ko‘chib chiqib, uy-joy quradilar. Maktab, bolalar bog‘chasi, vrachlik punkti, aloqa bo‘limi barpo etiladi. Elektr tarmog‘i o‘tkazilib, ichimlik suv keltiriladi. Qishloq kengayib, obodonlashadi va Bog‘iston deb nom beriladi. Gayiston. Gayiston Sharq Yulduzi qishloq fuqarolar yig‘inidagi qishloq. Sharq tomondan Yorilgan, Janubdan Terakqator, Shimolda Radivon qishloqlari bilan chegaradosh. Qishloq adirliklar yonbag‘riga, Namangansoyning o‘ng sohiliga joylashgan. Adir etaklaridagi tekisliklarning asosiy qismida sizot suvlari yuqorida bo‘lganligi uchun yerlari sho‘rxok. Aholi bu yerda qadimda chorvachilik, ayniqsa, zotli otlarni yetishtirish va parvarishlash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Atrofdagi shahar va qishloqlardan savdogar va chorvadorlar bu yerga kelib, ot xarid qilishgan. Qishloqda otlarni boqish, parvarishlash uchun alohida binolar barpo etilgan. Yilqichilik bilan shug‘ullangan qishloq aholisini sayislar, ular istiqomat qilgan manzilgohni esa Sayisgon, Sayiston, keyinchalik Gayiston deb atay boshlaganlar. Sayis, so‘zini arabchadan tarjima qilinsa, otboqar ma’nosini bildiradi, gon so‘zi esa - joy, makon ma’nosini bildiradi. Qadimda O‘rta Osiyo xonliklarida harbiy va xo‘jalik extiyojlari uchun saqlangan otlarni boquvchi va ularni nazorat qiluvchilarni sayis deb nomlashgan. Sayislar otxonalar yoniga qurilgan maxsus uy, «sayisxona»da yashaganlar. Ularning boshlig‘ini miroxo‘r deb atalgan. Gaznon. Gaznon qishlog‘i Iskovot qishlog‘ining shimolida, O‘zak va Yangihayot qishloqlarining janubiy qismida joylashgan. O‘tmishda qishloqning g‘arbiy xududlari cho‘l va to‘qayzorlardan iborat bo‘lgan. Qishloqning dastlabki aholisi chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Gaznon qishlog‘i atrofdagi boshqa qishloqlardan ancha olis masofada joylashganligi uchun dehqon va chorvadorlar savdo uchun qishloqdan chetga chiqishga majbur bo‘lgan. Ular safarga chiqqanlarida faqat shu qishloqqa xos bo‘lgan, kattaligi yarim va bir gaz atrofida bo‘lgan nonlarni o‘zlari bilan birga olib ketganlar. Bunday katta nonlarni ko‘rgan kishilar nonni “gaznon”, qishloq aholisini esa gaznonliklar deb atashgan. Shundan qishloq nomi ham Gaznon bo‘lib ketgan. Ganda buloq. (Kanda buloq). Ganda buloq. (Kanda buloq). Navkent va Zarbdor qishloqlarining Kosonsoy tumani bilan chegarasidagi adirliklar orasida joylashgan. Buloqning chuqurligi 1,5-2 metr, diametri 25-30 metr. Shu xududda istiqomat qilgan keksalarning ta’kidlashlaricha adirlar orasida paydo bo‘lgan buloq yer ostidan juda ham chuqurlikdan oqib chiqqanligi uchun ham buloqni kanda, ya’ni, chuqurlikdagi buloq deb nomlashgan. Buloq adirliklar xududida joylashganligi uchun suv osti botqoqlikdan iborat bo‘lgan. Buloqqa tushib ketgan odam va chorva hayvonlari qaytib chiqa olmay nobud bo‘lgan. Shundan buloq nomi Ganda ya’ni, yomon buloq nomini olgan. Guldor masjid. Sharq Yulduzi qishlog‘ining To‘ra mahalla xududida joylashgan. Shu mahallada 1840-yilda tug‘ilgan Podshoxo‘ja to‘ra 1870 yili xajga boradi va Makka shahrida qurilgan masjid loyihasini olib keladi. Podshoxo‘ja to‘ra 1875 yilda o‘sha loyiha asosida o‘z mablag‘iga mahallada masjid qurdirgan. Podshoxo‘ja to‘ra 1900-yilda yana xaj safariga ketgan. Masjidning Sharq tomonga qaragan ikkala ayvonini Podshoxo‘ja to‘raning pochchasi Marazinxoji qurdirgan. Masjid xonaqosini, ayvonini, shift va peshtoqlarini naqsh, gul va ranglar bilan bezatilganligi uchun Guldor masjid nomi berilgan. 1914-yilda Yangiqo‘rg‘on ming boshisi masjidga kimning nomini berishni so‘raganda Podshoxo‘ja to‘ra hurmat yuzasidan pochchasi Marazinxonni nomini berishni aytgan. Masjid bir muddat Marazinxon nomi bilan atalsada, xalq orasida hozirga qadar Guldor masjid nomi bilan mashhur. Darvozako‘l. Darvozako‘l qishlog‘i Sharq Yulduzi qishloq fuqarolar yig‘inining Sharqiy qismida joylashgan. Qishloq xududida o‘tgan asrning birinchi yarmiga qadar katta ko‘l bo‘lgan. Ko‘ldan suv oqib chiquvchi ariqlar qishloq ekinzorlari sathidan pastda joylashganligi sababli ko‘l suvini ekinzor, dalalarga chiqarish maqsadida ko‘l to‘g‘on bilan to‘silgan. To‘g‘ondan suvni bir me’yorda oqib chiqishi uchun esa to‘g‘onga darvoza qurilgan. Tevarak atrofdagi qishloqlarning axolisi ko‘lni va ko‘l yonidagi qishloqni Darvozako‘l deb atay boshlagan. Keyinchalik yangi sug‘orish inshootlari barpo etilishi bilan ko‘l quritilib, o‘zlashtirilgan uning o‘rni paxtazorga aylantirilgan. Dehqonobod. Dehqonobod qishlog‘i Sharq va Janub tomondan Chortoq tumani bilan, G‘arb tomondan Istiqlol qishlog‘i bilan, Shimol tomondan Qorachasho‘rkent va Cho‘mbag‘ish aholi manzilgoxlari bilan chegaradosh. Qishloqqa 1981 yilda sobiq “Gulshan” jamoa ho‘jaligi hududidagi 500 gektar yer maydonini jamoa ho‘jaligi a’zolariga uy-joy qurish uchun ajratib berilishi bilan asos solingan. Yangi aholi manzilgoxi uchun yer maydoni ajratib berish tashabbuskori bo‘lgan ho‘jalik rahbari Dehqonboy Boltaboyev nomi bilan qishloq Dehqonobod deb ataladi. Qishloqda maktab, bolalar bog‘chasi, vrachlik maskani, mashina traktor parki, savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘ratish shoxobchalari barpo etildi. Elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari o‘tkazildi. Qishloq aholisi dehqonchilik, bog‘-uzumchilik, poliz sabzavotchilik hamda ularni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Ekin maydonlari Qorabog‘ suv ombori, Podshoota soyi suvlari, tik artezian quduqlari va yer osti buloq suvlaridan sug‘oriladi. Do‘ldi. Do‘ldi qishlog‘i Namangan shahri bilan chegara hududlarda joylashgan. O‘tmishda qishloqning Sharq tomoni adirliklardan, Janub va G‘arb tomonlari ko‘l va buloqlar, qamishzor va to‘qayzorlardan iborat bo‘lgan. 17-asr oxiri 18-asr boshlarida qishloqning janubiy tomonidagi to‘qayzor va qo‘riq yerlarga ko‘chmanchi do‘ldoy urug‘i vakillari kelib o‘rnashganlar. Ular dastlab ovchilik, baliqchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadilar. Aholi soni ko‘paya borgach to‘qay va qamishzorlarni, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar. Qishloq xududi kengayib, yangi sug‘orish inshootlari, chig‘ir, charxpalaklar, to‘g‘on va alishlar quriladi, hunarmandchilik (temirchi, to‘quvchi, kosib, sangtarosh, tegirmonchi, do‘lchi) bilan shug‘ullanuvchilar soni ortadi. Qishloq esa urug‘ nomi bilan Do‘ldoy, bora bora Do‘ldi deb ataladi. Yonariq. Yonariq sun’iy sug‘orish kanali bo‘lib, 1971 yilda qurilgan. Uzunligi 27 kilometr. Sekundiga 3 kubometr suv o‘tkazish quvvatiga ega. Zarkent qishlog‘idan boshlanib, Sho‘rkent qishlog‘igacha yetib keladi. Zarkent, Navro‘zobod, Bekobod, Birlashgan, Istiqlol qishloq fuqarolar yig‘inlaridagi ekin yerlarini suv bilan ta’minlaydi. Yorilgan. Yorilgan qishlog‘ining vujudga kelishi qishloq o‘rnining geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Qishloq hududiga dastlab ko‘chib kelgan aholi tevarak atrof yer osti buloq suvlaridan iborat bo‘lganligi uchun ekinzor va bog‘larni sug‘orishda muammolarga uchramagan. Qor, yomg‘ir va oqar suvlar tektonik harakatlar natijasida qishloq hududida yerlarni yorilishi, nurashi oqibatida yoriq suv havzalarini vujudga keltirgan va ko‘plab zilol suvli chashmalar paydo bo‘lgan. Yoriq suv manbalari atrofida paydo bo‘lgan qishloq esa Yorilgan qishlog‘i deb nomlangan. Jingirbuloq. Jingirbuloq tabiiy buloq bo‘lib, Namangansoyga Oqsuv Gajigan hududida suv beradi. O‘tmishda Namangansoy o‘zanida 70 dan ortiq katta va sersuv buloqlar mavjud bo‘lib ular Namangansoyni muntazam suv bilan ta’minlab turgan. Mazkur buloqlarning eng kattasi va sersuvi “Jingirbuloq” xisoblangan. Ushbu suv manbasi yer ostidan, adirlar orasidagi g‘orlardan katta kuch bilan otilib chiqqanligi uchun buloq suvining jarangi olislarga eshitilib turgan. Buloq suvining jaranglagan ovozi uni “Jingirbuloq” deb atalishiga sabab bo‘lgan. Zarkent. Zarkent qishlog‘ining paydo bo‘lish davri tarixiy asarlarda bundan 800-1000 yildan ortiqroq vaqtga bog‘lanadi. Qishloq katta savdo karvonlarining yo‘lida joylashganligi uchun ham u qadimdan juda obod va boy qishloq bo‘lgan. Qishloq markazidagi katta yo‘lning ikki tomoni savdo rastalari, do‘kon va zargarlik ustaxonalaridan iborat bo‘lib, ularda asosan zargarlik buyumlari: tilla va kumushdan yasalgan uzuklar, baldoq, isirg‘a, soch va ko‘krak tumorlar yasalib, zarchoponlar tikilgan. Zar, dur, tilla va kumush bilan savdo qiluvchi Qo‘qonlik, Kosonlik, Namanganlik, Toshkent, Samarqand va Buxorolik savdogarlar bu yerda bir necha kunlab qolib ketishgan. Qishloqda bozor, karvonsaroy, choyxona, oshxona, mehmonxonalar qurilgan. Qishloq Zarxon, Zarga kon, Zarkon, Zarkent nomlari bilan atala boshlagan. Bundan 200, 250 yil muqaddam qishloq Zarkent nomini olgan. Xitoy manbalarida vodiyning shimolida yashagan va Dovonni bosqinlardan qo‘rigan Qang‘-yuy (Qangha) qabilalari haqida bizgacha ma’lumotlar yetib kelgan. Hududimizni o‘rab turgan Tyan-Shan tog‘lari nomi ham xitoycha bo‘lib, «Tangri bo‘ri» ma’nosini beradi. Bu ko‘chmanchi turklarning totemi bo‘z bo‘riga ishoradir. Farg‘ona vodiysi xaritasini chizgan Zahiriddin Bobur Tyan-Shanni Yettikant tog‘lari, Tangritog‘ deya ifodalaydi. O‘rta asrlarda, arablar fathi davrida Zarkent zardusht qalmoqlarning O‘ng‘or hokimligi markazi bo‘lgan va atrof hududlardagi tepaliklarda zardusht ibodatxonalari bo‘lgan. Mamay qishlog‘ida bugun Mug‘tepa nomi bilan saqlangan tepalik zardushtlarning ibodatxonasi o‘rnidir. Taxminimizcha, O‘ng‘or hokimligi hududi hozirgi Qizilyozi, Mamay, Zarkent, O‘zak, Shilvi va Qirg‘iziston hududidagi Safed Bulon, Ustixon qishloqlari o‘rniga to‘g‘ri kelgan va Buyuk turk hoqonligidagi boshqaruv tizimiga asosan hoqonlik tarkibida yarim mustaqil beklik bo‘lgan. Ma’rifatparvar shoir bobomiz Shoh Hakim Xolis «Shoh Jarir qissasi» kitobida O‘ng‘or hokimligi va uning hukmdori Karvonbos haqida ma’lumotlar beradi. She’riy shaklda yozilgan ushbu kitobda tasvirlanishicha, islomni qabul qilgan qavmlarni zardushtlar tazyiqidan himoya qilish uchun O‘ng‘or podsholigiga payg‘ambarimiz hazrati Muhammad alayhissalomning nabirasi Shoh Jarir yetakchiligidagi xalifalik qo‘shini kirib kelgan. Axsi va Kosondan zafar quchib kelayotgan islom lashkari xabarini eshitib Karvonbos Zarkentdagi qarorgohida bekinadi. Keyinchalik ayyorlik ishlatib Shoh Jarirni izzat bilan kutib oladi, nomigagina islomni qabul qilib, hatto, qizi bibi Obida (bibi Ubayda)ni payg‘ambarimiz nabirasiga xotinlikka beradi. Keyin esa payt poylab 30 ming kishilik qalmoq lashkari bilan yopirilib sahoba va tobe’inlardan iborat xalifalik lashkarini qirib tashlaydi. Ushbu qirg‘in hozirgi Safed Bulon maqbarasi o‘rnida yuz bergan. Ollohning inoyati bilan qirg‘indan Shoh Jarirgina omon qolgan va rafiqasi Bibi Obidani olib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Oradan yillar o‘tib ularning farzandi Shoh Fazl shahidlar hurmati uchun ham Zarkentga qaytgan va sarkash bobosi qarshiligini yengib hududda to‘la islom muzaffariyatini o‘rnatgan. Shoh Fazl hududni aziz ziyoratgoh bilgan va keyinchalik o‘zi ham shu yerga dafn etilgan. Bugungi Safed Bulondagi shahidlar maqbarasi yonidagi gumbaz maqbarada Shoh Fazl madfundir.Uning qabri ustiga maqbarani Qoraxoniy turk hokonlari bino qilganlar. Ma’rifatparvar va tarixchi Hakimxon to‘ra Ibrat «Tarixi Farg‘ona» asarida mazkur shahidlar manzilgohini tilga olib o‘tgan. (R.Mirazimov. “Moziydan so‘zlar tilim” maqolasidan). Zarkent suv ombori. Zarkent suv ombori Poromon va Hazratishoh qishloqlari oralig‘ida, Zarkent qishlog‘idan 3,5 kilometr g‘arbda joylashgan. 1982 yilda qurilgan. Suv omborining sathi 10 gektar. Muhofaza hududi bilan 17 gektar. Suv ombori yiliga 5 million kubometr suv to‘plash quvvatiga ega. Asosiy suv manbasi qor, yomg‘ir, sel, jala hamda qisman Podshoota soyi suvlari. Zarkent suv ombori suvlari bilan Poromon, Navro‘zobod qishloq fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi ekinzor, bog‘lar sug‘oriladi. Zo‘rtepa. Zarkent qishloq fuqarolar yig‘ini hududida, Yangiqo‘rg‘on-Nanay avtomobil yo‘lining chap tomonida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi va chegaralari aniqlanmagan. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan iborat. Biroq ayrim yozma esdaliklarda tepalik qadimda nazorat kuzatuv maskani bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud.