Kontent qismiga oʻtish

Yangiqo'rgon tumani qishloqlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ilontepa. Navkent qishlog‘ining Buloqboshi aholi manzilgoxida joylashgan tepalik. Qadimda Buloqboshidagi Ilontepa va Navkent qishlog‘i markazidagi O‘rda tepa oralig‘ida Buloqboshisoyining har ikki qirg‘og‘i qalin to‘qay, qamishzor va butazorlardan iborat bo‘lgan. Ilontepa va O‘rdatepa ustida esa kuzatuv nuqtalari joylashgan. Qishloqlarga kelayotgan mehmon va dushmanlar, xatto aholining to‘qayzorda yo‘qolgan chorva hayvonlari haqidagi xabarlar ham tepaliklardagi kuzatuvchilarning maxsus ishoralari orqali zurur joylarga yetkazib turilgan. Iskavot. Zarbdor qishlog‘ining ma’muriy markazi hisoblangan Iskovot qishlog‘ida aholi qadimdan istiqomat qilib kelayotganligi aniqlangan. Qishloqning kelib chiqishi, nomlanishi xususida o‘nlab rivoyatlar mavjud. Afsona va rivoyatlar, ularning mazmuni qanchalik xilma-xil bo‘lishiga qaramay tarixiy haqiqat shuki, bu manzilgohlarda juda qadimdan odamlar yashaganlar, karvonsaroylar, savdo do‘konlari, bozorlar, dehqonchilik va hunarmandchilik taraqqiy etgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra Iskovot qishlog‘i 16-asr o‘rtalarida tashkil topgan. Savdo yo‘llarining markazida tashkil topganligi uchun qishloq hududida savdogarlarning karvonlari to‘xtab dam olganlar, mollarini sotib, ayriboshlaganlar. Qishloqqa Namangan, Koson, Toshkent va hozirgi Qirg‘izistondan ko‘plab aholi va oilalar ko‘chib kela boshlagan. Natijada, qishloq xududi kengayib, tobora obodlashgan va “Eski obod” nomini olgan. Vaqt o‘tishi bilan esa Iskovot deb atala boshlagan. Kalishoh. Yozma manbalarda qayd etilishicha “…Kalishoh qishlog‘ining tarixi hozirgi Termizdan bu yerga ko‘chib kelgan aka-uka Said bobo va Saidkalon Termiziylarning nomlari bilan bog‘liq. Aka-uka Termiziylar bu yerlarga ko‘chib kelganlaridan so‘ng ariq qazib qishloqning yuqori qismidagi buloqlardan suv keltirganlar. Qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, bog‘ barpo etganlar. Hozirgi qishloq kasalxonasi o‘rnida yashab, u yerni obod qilganlar. Said bobo va Saidkalon Termiziylarning bog‘lari kengayib bog‘ atroflariga aholi ko‘chib kelib, yangi aholi yashash manzilgohi vujudga keladi. Ko‘chib kelgan aholi aka-ukalar boshchiligida ekin yerlari va bog‘larni, ayniqsa, o‘rikzorlarni yanada kengaytirganlar. Asta sekin o‘rikzor bog‘ atrofida go‘zal qishloq paydo bo‘ladi. Qo‘qon xoni Xudoyorxon bu yerlardan o‘tayotib, bog‘larning go‘zalligidan zavqlanib, gullab turgan o‘rikzor bog‘larga “Gulshox” deb nom qo‘yadi. Xon Qo‘qonga qaytib borgach qishloqni yanada kengaytirish va obodonlashtirish uchun o‘z vakillarini yuboradi. Keyinchalik qishloqqa Peshqo‘rg‘on, Xazratishoh, Koson, Baliqliko‘l, Namangan shahridan ko‘plab odamlar ko‘chib kela boshlaganlar. (Yu.Qirg‘izov, T.Akramov. “Bir o‘lkaki”. “Namangan” nashriyoti). Qishloq tobora kengayib, obod bo‘la boshlagan. Turkiston general gubernatorligining yer muhandislari Namangan uyezdidagi yerlarni o‘lchash, ro‘yhatga olish va xaritalashtirish jarayonida Gulshox nomini Kalshox deb qayd qiladilar. Keyinchalik hujjatlashtirish jarayonida qishloq Kalishox deb rasmiylashtiriladi va shu tariqa Gulshox qishlog‘i Kalishoxga aylanadi. Kanda. Kanda qishlog‘i Birlashgan qishlog‘ida joylashgan. Sharq tomondan Qorachasho‘rkent, Janub tomondan Xo‘jasho‘rkent, Shimol tomondan G‘ovazon qishloqlari bilan, G‘arb tomondan esa Istiqlol qishloq fuqarolar yig‘ini bilan chegaralangan. Qishloqqa dastlab ko‘chib kelib o‘rnashgan oilalar yer o‘zlashtirib, dehqonchilik qilishgan. Biroq, ularning ekinzor dalalari suv manbasi soy va buloqlardan ancha pastda joylashganligi uchun ular ekin yerlariga suv chiqarish uchun baland to‘g‘on va alishlar qurishga, chuqur ariqlar qazishga majbur bo‘lganlar. Qazilgan ariqlar juda chuqurlikda bo‘lganligi uchun ariqni Kanda deb atashgan. Bu nom keyinchalik qishloq nomiga aylangan. So‘g‘dcha “kan” yoki “kanda” so‘zlari: “qazimoq”, “kovlamoq”, “o‘ymoq” degan ma’nolarni bildiradi. Ko‘kyor. Ko‘kyor qishlog‘i Nanay qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi qadimiy qishloqlardan biri. Qishloqqa bundan 300-350 yillar muqaddam asos solingan. O‘sha vaqtlarda Qozog‘istonnning Sayram qishlog‘ida yashagan uyg‘ur, qoramurt qabilalari Podshootasoyning hozirgi Ko‘kyor qishlog‘idan oqib o‘tgan o‘ng sohillariga kelib joylashganlar. Soyning chap sohilida yashagan cho‘ngbag‘ish qabilalari yangi ko‘chib kelganlarni “ko‘k yorliklar” qishloqni esa Ko‘kyor deb atay boshlaydilar. Chunki, soyning sayramliklar kelib joylashgan qismi baland jarliklardan iborat bo‘lgan. “....Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida ta’kidlanishicha, ”yor” so‘zi jar, o‘yilgan yer ma’nosini beradi. Bu so‘zdan o‘zbek tilining ayrim shevalarida hozir ham shu ma’noda foydalaniladi. Yortepa, Yorqo‘rg‘on, Yorilgan kabi nomlar ham shu ma’nolarda ishlatilgan...”(Yu.Qirg‘izov, T.Akramov. “Bir o‘lkaki”. 1996 yil.“Namangan” nashriyoti) Ko‘kto‘llik. Ko‘kto‘llik Bekobod qishlog‘i hududidagi qabriston. Maydoni 1,5 gektar. Rivoyatlarga ko‘ra arab lashkarboshisi Xoja Mahdiy o‘z lashkarlari bilan qalmoq jangchilariga qarshi shu yerdagi Yettitikan tepaligida jang qilgan. Jangda Xoja Mahdiy qo‘shinlari yengiladi. Uning o‘zi qo‘lga olinib, qatl etiladi. Xoja Mahdiyni mayiti shu yerga dafn etiladi. Lashkarboshi jangga ko‘k tusli bayroq, ko‘k tug‘ ko‘tarib kiradi. Ko‘k tug‘lik iborasi esa keyinchalik ko‘kto‘llikka aylanib ketgan. Mamay. Mamay qishlog‘i xududiga bundan 800-850 yil muqaddam hozirgi Toshkent viloyatining Chotqol tog‘i etaklarida yashagan chorvador qirg‘iz, qipchoq urug‘larining oilalari ko‘chib kelib joylashganlar. O‘sha vaqtda qishloq o‘rni to‘qayzor, tog‘ oldi yaylovlaridan iborat bo‘lgan. Dastavval ovchilik chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lgan aholi to‘qaylarni o‘zlashtirib, ariqlar chiqarishgan, yangi yerlarni o‘zlashtirib dehqonchilik qila boshlaganlar. Daraxt ekib, bog‘lar barpo etganlar. Mahsulotlarini atrof qishloqlardagi bozorlarga olib borganlar. Qishloq kengayib, uni boshqarish uchun qirg‘iz urug‘i boshlig‘i Mamayni qishloq biyi etib saylaganlar. Qishloq ham qirg‘iz biyi nomi bilan Mamay qishlog‘i deb nomlangan. Mirzayortepa. Mirzayortepa Nanay qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi va chegaralari aniqlanmagan. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan iborat. Ayrim yozma manbalarda tepalik qadimda kuzatuv maskani bo‘lganligi qayd etilgan. Mo‘g‘ol. Mo‘g‘ol qishlog‘ining tarixi atrof qishloqlarga nisbatan qadimiyroq bo‘lib, mo‘g‘ullar istilosi davri bilan bog‘liq. Qishloq o‘rni chorva hayvonlarini boqish uchun qulay tog‘ oldi yaylovlaridan iborat bo‘lganligi uchun bu hududga asosiy mashg‘ulot turi chorvachilik bo‘lgan mo‘g‘ol urug‘i vakillari kelib joylashganlar. Mohir chorvador bo‘lgan mo‘g‘ollar nasldor ot va qoramollarni ko‘paytirib, parvarishlaganlar. Chorva hayvonlari hamda mahsulotlarining savdosi bilan shug‘ullanganlar. Ularning chopqir otlari va mahsuldor chorvalari xaridorgir bo‘lgan. Savdo-sotiqning rivojlanishi qishloq ahlining turmush sharoitlarini yaxshilanishiga va atrof qishloqlardan bu yerlarga ko‘plab yangi oilalarni ko‘chib kelishiga sabab bo‘lgan. Natijada qishloq tobora kengaygan. Ho‘jalik hayotida chorvachilik bilan birga dehqonchilik ham muhim ahamiyat kasb eta boshlagan. Yangi ariqlar qazilib, sug‘orish inshootlari barpo qilingan. Suv tegirmonlari, objuvozlar paydo bo‘lgan. Navkent. Navkent qishlog‘ining tarixi qadimiy bo‘lib, Navkent atamasi sharqiy Eron tilida “Nav” -yangi, “kent” -shahar, qal’a ma’nolarini anglatadi. Qadimiy so‘g‘diylarning avlodlari bo‘lgan “sart” qabilalari birinchi ming yillik o‘rtalarida mazkur xududlarga kelib o‘rnashganlar hamda hozirgi Navkent qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan qishloqlarga asos solganlar. Navkent qishlog‘i xududidagi qishloq va aholi yashash manzilgohlarining vujudga kelishi ko‘p jihatdan Buloqboshi soyi va uning buloqlari bilan bog‘liq. Buloqboshi buloqlarining atrofi sug‘orma dehqonchilik uchun qulay yerlar bo‘lganligi sababli bu hududlarda tumanning dastlabki aholi manzilgoxlari vujudga kela boshlagan. Mazkur hududlardagi eng dastlabki qishloqlar Buloqboshi, Navkent, Elatan, Dam, Meshon, Sho‘rqo‘l, Sangiston, Rovot kabi manzilgoxlar bo‘lgan. Zamondosh keksalarning xikoya qilishlaricha hozirgi Buloqboshi qishlog‘i markazidagi Ilontepa va Navkent qishlog‘i markazidagi O‘rda tepa oralig‘ida Buloqboshisoyining xar ikki qirg‘og‘i qalin to‘qay, qamishzor va butazorlardan iborat bo‘lgan. Ilontepa va O‘rdatepa ustida esa kuzatuv nuqtalari joylashgan. Qishloqlarga kelayotgan mehmon va dushmanlar, xatto aholining qamishzor botqoq va to‘qayzorda yo‘qolgan chorva xayvonlari xaqidagi xabarlar xam tepaliklardagi kuzatuvchilarning maxsus ishoralari orqali zurur joylarga yetkazib turilgan. Vaqt o‘tgan sari qishloqlar hududi kengayib, aholi soni orta boshlagan. Buloqboshi soyi soxillarida aholi istiqomat joylaridan tashqari qishloq boshqaruvining ma’muriy idoralari, guzarlar, masjid, choyxona, xammom kabi maishiy binolar barpo etilgan. Mevazor bog‘lar, uzmzorlar, poliz, sabzavot, sholi, g‘alla, paxta yetishtirish salmog‘i orta borgan. Ekin yerlarining ko‘payishi sug‘orish inshootlarining kengaytirish zaruratini vujudga keltirgan. Namangansoy. Namangansoy Nanay, Zarkent qishloqlaridan boshlanib, to Namangan shaxriga qadar oqib boradi. Namangansoyning asosiy suv manbalari Podshoota soyi hamda ko‘plab sersuv yer osti buloq suvlaridan iborat. Podshoota soyi suvlari Nanay va Zarkent qishloqlaridagi suv uzatish va suv ayirg‘ich inshootlari yordamida Namangansoy, Bekobodsoy, Iskovotsoy, Chortoqsoydan iborat suv tarmoqlari bo‘ylab taqsimlanadi. Ular yordamida qadim zamonlardan buyon Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarining ekin yerlari sug‘oriladi. Sug‘orishdan ortgan suvlar esa ko‘plab buloq suvlaridan to‘yinib, Qorasuv soyi bilan qo‘shilgach Namangansoy orqali Sirdaryoga borib qo‘shiladi. Rivoyatlarda aytilishicha Podshoota bilan Hazratishoh buvalar Zarkentdan omoch tortib, omoch va qo‘sh izidan Namangan shaxrigacha suv olib borishgan ekan. Nanay. Nanay qishlog‘i tarixi 12-13 asrlardan boshlanadi. Qishloq hududidan topilgan qadimiy sopol idishlar, xum va ko‘zalar, jang qurollari: singan qilich dastasi, o‘q yoy uchlari, metall sovut qoldiqlari, ko‘hna qabr toshlari qishloqning qadim tarixi borligidan guvohlik beradi. Qadimiy Mesopotamiyaliklar va mamlakatimiz xududlarida yashagan Zardushtiylar unumdorlik ilohini Nanay deb atashgan. Ayni paytda qadimgi So‘g‘dliklar ham yetishtirilgan mo‘l hosilni Nanidat ya’ni Nanay ehsoni sifatida qabul qilganlar. “… 1365 yildagi Chinoz yaqinidagi “Jangi loy”dan so‘ng aholining bir qismi Chotqol etaklari, Qurama tog‘lari osha hozirgi Nanay qishlog‘iga kelib o‘rnashganlar. Namangan uyezd boshlig‘i, bir necha yil Nanay qishlog‘ida yashagan Nalivkin ham: chorva mollarini boqish uchun Bo‘stonliqning Nanay qishlog‘idan 10 uylik oila ham ko‘chib kelganligini hamda bu joyni ham Nanay deb atalganini ta’kidlagan…”(Yu.Qirg‘izov, T.Akramov. “Bir o‘lkaki”. 1996 yil.“Namangan” nashriyoti) Demak, yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hozirgi Toshkent viloyatining Nanay, Zarkent qishloqlari aholisi bilan bugungi Namangan viloyatining Nanay, Zarkent qishloqlari aholisi yaqin qon-qarindoshlik munosabatlarida bo‘lganlar. Shuningdek har ikki viloyat qishloqlari Chotqol, Qurama tog‘ tizmalari orasidan o‘tgan tog‘ so‘qmoq yo‘llari orqali savdo sotiq qilish, mol ayriboshlash imkoniga ega bo‘lganlar. Nov. Nov qishlog‘ida dastlabki odamlar Poromon qishlog‘i aholisi bilan deyarli bir vaqtda yashay boshlaganlar. Aholi dehqonchilik, chorvachilikdan tashqari qadimiy hunarmandchilik turlari bilan shug‘ullangan. Jundan ip tayyorlash, kigiz bosish, sholcha to‘qish, kashtachilik, teri oshlash, ot anjomlarini yasash rivojlangan. Qishloq O‘ng‘or tog‘i tarkibiga kiruvchi Nov tog‘lari etagida joylashgan. Bahor va yoz oylarida tog‘dan tushgan sel, suv toshqinlari qishloqqa katta zarar keltirgan. Qishloq aholisi uy-joylarini, chorva hayvonlarini va ekin yerlarini tabiiy ofatdan asrash uchun selxonalar qurishga hamda sel va toshqinlarni Qoraqurum soyiga o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan. Sel va toshqin xavfi bartaraf etilgach qishloq aholisi bog‘ va ekinzorlarni sug‘orish uchun Eshonariq suvini yog‘och nov, tarnovlar orqali qishloqqa o‘tkazganlar. Nov va tarnovlar yordamida qishloqqa suv keltirgan aholini novliklar qishloqni esa Nov qishlog‘i deb ataganlar. Nog‘oraxona. Yangiqo‘rg‘on shaharchasi hududidagi tepalik. Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i qadimda tashqi dushmanlardan himoyalanish uchun o‘z askarlariga ega bo‘lgan. Dushman hujumidan aholi va askarlarni ogoh etish uchun qishloq chegarasida (hozirgi Yangiqo‘rg‘on-Namangan yo‘lining o‘ng tomonida) sun’iy tepalik, kuzatuv nuqtasi barpo etilgan. Qishloqqa dushman yaqinlashgan taqdirda bu tepalikdan, aholi uni hozirga qadar Nog‘oraxona nomi bilan atab kelmokda, nog‘ora chalinib, o‘t-olov yoqilib aholi ogohlantirilgan. Otaxon tepa. Otaxontepa Nanay qishlog‘i hududida joylashgan. Tepalikning tabiiy yoki sun’iy tarzda barpo etilganligi xususida ilmiy tadqiqot, kuzatuv ishlari o‘tkazilmagan, uning tuzilishi va chegaralari aniqlanmagan. Tepalik tarkibi tosh va tuproq aralashmasidan iborat. Ayrim yozma manbalarda tepalik qadimda kuzatuv maskani bo‘lganligi qayd etilgan. Podshoota soyi. Podshoota soyi Tyan- Shan tog‘ tizmalarining Chotqol tog‘lari yon bag‘irlaridan boshlanadi, uzunligi 80 kilometrdan ortiq, Havzasining maydoni 389 kvadrat kilometr. Podshootasoyining yuqori oqimlarida chuqur daralar bor. Soy Nanay qishlog‘i yonida tog‘ orasidan chiqib, katta yoyilma xosil qiladi. Podshoota soyi qor, yomg‘ir, yer osti suvlaridan va qisman muzliklardan to‘yinadi. Xavzasida umumiy uzunligi 4 kilometrdan, maydoni 1,9 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan 6 ta muzlik bor. Podshoota soyining suvi ko‘p asrlardan beri Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumani yerlarini sug‘orishda foydalanib kelingan. Podshoota soyining vodiylarida Yangiqo‘rg‘on tumanining qadimiy Nanay va Zarkent qishloqlari bor. Podshoota soyi suvlari Nanay va Zarkent qishloqlaridagi suv uzatish va suv ayirg‘ich inshootlari yordamida Namangansoy, Bekobodsoy, Iskovotsoy, Chortoqsoydan iborat suv tarmoqlari bo‘ylab taqsimlanadi. Ular yordamida qadim zamonlardan buyon Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarining ekin yerlari sug‘oriladi. Sug‘orishdan ortgan suvlar esa ko‘plab buloq suvlaridan to‘yinib, Qorasuv soyi bilan qo‘shilgach Namangansoy orqali Sirdaryoga borib qo‘shiladi.