Kontent qismiga oʻtish

Yasol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yasol (turkiycha yasa — safga tizish) — Sharq mamlakatlari, xususan, Oʻrta Osiyoda qoʻshinning harbiy safar hamda jang maydonida egallagan jangovar tartibi. Tarixiy maʼlumotlarning shahodat berishicha, har bir harbiy qism va boʻlinmalarning Ya.dagi doimiy oʻrinlari oldindan belgilab qoʻyilgan. Ya.dagi qatʼiy tartibintizomni hech kim oʻzboshimchalik bilan buzish huquqiga ega boʻlmagan. Vaqt oʻtishi bilan Ya. ham takomillashtirilgan, uning guzilmasi murakkab tus olgan. Ikkinchi Turk xoqonligi ijtimoiy, siyosiy, madaniy turmush tarzini aks ettiruvchi qadimiy turkiy run bitiklaridan xoqonlik qoʻshinining Ya.i quyidagi tarzda boʻlganligini, yaʼni u, asosan, yelma, qaraku (avanpost, soqchi guruh), yizak, ilki su (avangard, ilgʻor qism), oʻng (oʻng qanot) va soʻl (chap qanot) qismlardan iboratligini ilgʻab olish mumkin. Qoʻshin markazi va aryergardining mavjud boʻlgani, ularning qanday nomlanganligi haqida biron fikr aytish mushkul. Markazda yadak (piyodalar), oʻqchi (kamonkashlar) va yoʻrtugʻ (ogʻir qurolli suvoriylar) joylashgan. Mazkur Ya. anʼanaviy 5 qismdan tashkil topgan jangovar tartibning tipik namunasi hisoblanadi.

Amir Temur jahon harbiy sanʼati tarixida birinchi boʻlib janggohda qoʻshinni 7 boʻlakka taqsimlagan holda joylashtirishni joriy qilgan (qarang Jangovar tartib, Temuriylar harbiy sanʼati).