Yatimat ad-dahr
Asl nomi | „Yatimat ad-dahr fi mahosin ahl al-asr“ |
---|---|
Muallif(lar) | Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad as-Saolibiy |
Mamlakat | Somoniylar davlati |
Til | arabcha |
Janr(lar)i | tazkira |
„Yatimat ad-dahr“ (to‘liq nomi: „Yatimat ad-dahr fi mahosin ahl al-asr“, o‘zbek tilidagi tarjimasi: „Asr ahli fozillari haqida zamonasining durdonasi“) — X asrda Buxoroda Abu Mansur as-Saolibiy tomonidan arab tilida yozilgan she’riyatga oid muhim manba.
Asar muallifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu tazkira muallifi Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil as-Saolibiy an-Naysaburiy zamonasining yirik olimi, shoiri, adabiyotshunosi, tilshunos va tarixchisi bo‘lib, 961-yilda Nishopurda tug‘ilgan va 1038-yilda vafot etgan[1]. U savdo bilan shug‘ullanib, ko‘proq tulki terisi olib sotgan va po‘stindo‘zlik ham qilgan, shuning uchun u as-Saolibiy taxallusini olgan.
As-Saolibiy Arabiston yarimoroli, Iroq, Xuroson, Movarounnahr, Xorazm kabi juda ko‘p mamlakat va shaharlarni kezadi, zamonasining shoh, amir, vazir hamda atoqli kishilari, shoir-olimlari bilan suhbatda bo‘ladi. As-Saolibiy tarix, til va adabiyotga oid o‘nlab yirik asarlarning muallifidir. Uning „Shohnomayi Saolibiy“ kitobini fors tiliga tarjima qilgan Eron olimi Mahmud Hidoyat as-Saolibiyning 34 asari borligini ko‘rsatib o‘tgan[2].
Asarning tuzilishi va unga kiritilgan shoirlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]As-Saolibiy „Yatimat ad-dahr“ („Zamonasining yagona durdonasi“) nomli tazkirasi bilan mashhurdir. Bu asar to‘rt qismdan iborat bo‘lib, X asr hamda XI asr boshlarigacha bo‘lgan davrni, ya’ni taxminan 912—1010-yillarni o‘z ichiga oladi. Akademik I.Y.Krachkovskiyning ko‘rsatishicha, as-Saolibiy o‘z kitobini yozishga 994-yilda kirishib, uni 1000-yilda yozib tugatgan. Keyinroq 1020-yilda asarni qayta ishlab, unga juda ko‘p yangi shoirlarni kiritgan.
Tazkiraning I—III qismlari Suriya, Misr, Mag‘rib, Iroq, Jabal, Fors, Jurjon, Tabariston va boshqa mamlakat shoirlariga bag‘ishlangan. To‘rtinchi qismida esa X asr va XI asr boshlaridagi Xuroson, Movarounnahr va Xorazmda yashagan shoirlar bilan bir qatorda, nishopurlik va bu yerga boshqa mamlakatlardan kelgan shoirlar haqida ma’lumotlar beriladi va ularning she’rlaridan namunalar keltiriladi.
Tazkiraning to‘rtinchi qismi X asrdagi O‘rta Osiyo adabiyotini o‘rganishda yagona manba bo‘lib hisoblanadi. Bu qismga kiritilgan 124 shoirdan[3] faqat o‘nga yaqini haqidagina boshqa manbalarda qisman ma’lumotlar bor. Lekin bu ma’lumotlar ham „Yatimat ad-dahr“ga asoslangandir. Boshqa shoirlar haqida esa manbalarda biror ma’lumot mavjud emas. Kitobning avvalgi uch bobi Buxoroda yashab ijod etgan 47 shoirga, to‘rtinchi bobi esa xorazmlik yetti shoirga bag‘ishlanadi.
Bu shoirlardan ikkitasi abbosiylar avlodlaridan (Abu Tolib al-Ma’mumiy va Abu Muhammad al-Vosiqiy), uch shoir (Abu Tayyib al-Mus’abiy, Abu Ja’far ibn al-Abbos va Abu Ali ad-Domg‘oniy) somoniy vazirlaridandir. Qolgan shoirlar esa turli kasb egalari bo‘lgan. Shoirlar ichida shoshlik Abu Muhammad al-Matroniy ham bor. Bu X asrdan bizgacha yetib kelgan Toshkentning yagona shoiridir. Shuni alohida qayd etish joizki, as-Saolibiy ham Sharqning ko‘pchilik mualliflari kabi kitobga kiritilgan shaxslarning to‘la tarjimayi holini bermagan.
Asardagi sheʼrlarning janrlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tazkiraga kiritilgan she’rlarning ko‘pchiligi qasida, hajv, vasfiy she’rlar va boshqa turli xil janrlarda yozilgan she’riy parchalardan iborat (birorta ham she’r to‘liq berilmagan). Bular orasida, ayniqsa, hajviy she’rlar diqqatga sazovordir. Shoirlar o‘z hajviy asarlarida amir va boshqa amaldorlarni, xalq hisobiga boylik orttirganlarni qattiq kulgi ostiga oladilar, ularning kirdikorlarini ochib tashlaydilar.
Asar yozilgan davrdagi lisoniy vaziyat
[tahrir | manbasini tahrirlash]As-Saolibiyning ko‘rsatishicha, kitobga kiritilgan shoirlarning ayrimlari o‘z she’rlarini fors-tojik tilida ham yozganlar. Masalan, Abul Hasan al-Murodiy, Abu Tayyib al-Mus’abin, Abul Fazl as-Sukkariy kabi. Bu shoirlarning tojikcha she’rlari „Yatimat ad-dahr“ga kiritilmagan bo‘lsa ham, boshqa manbalarda qisman mavjud. Eng muhimi shuki, tazkiraning 88—90-betlarida as-Sukkariy va noma’lum bir shoir tomonidan tojik tilidan arabchaga qasida yo‘li bilan tarjima qilingan anchagina xalq maqollari uchraydi. Bu maqollarning ko‘pchiligini hozir eron, tojik, o‘zbek va boshqa O‘rta Osiyo xalqlari orasida ham uchratish mumkin.
Kitobga kiritilgan shoirlarning ba’zilari o‘sha davrda fors-tojik tilida ijod qilgan shoirlar bilan yaqin aloqada bo‘lganlar. Chunonchi, Rudakiy bilan al-Murodiy va al-Mus’abin o‘rtasida yaqin do‘stlik munosabatlari bo‘lgan. Shoir Abul Hasan al-Muhammad Rudakiyning va al-Ma’rufiy degan shoirning to‘rt misra she’rini arabchaga tarjima qilgan. Rudakiyning bu she’rining faqat arab tilidagi tarjimasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, asl nusxasi hozircha ma’lum emas.
Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, „Yatimat ad-dahr“ga kiritilgan arabiynavis shoirlarning deyarli hammasi fors-tojik tilini yaxshi bilgan va bu til ular uchun jonli til vazifasini o‘tagan. Ammo tazkirada tojikcha so‘zlar juda kam uchraydi.
Asarning badiiy tili
[tahrir | manbasini tahrirlash]As-Saolibiy 992-yili Buxoroga kelib, ba’zi shoirlarning she’rlarini o‘z og‘izlaridan yozib oladi, ba’zilarining she’rlarini esa eng ishonchli kishilar orqali yozdirib oladi. „Yatimat ad-dahr“ning tili anchagina murakkab, nasriy qismlari o‘sha davr adabiy va ilmiy asarlariga xos bo‘lgan nasriy qofiya bilan yozilgan bo‘lib, juda muhim madaniy, tarixiy va biografik ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Kitobdagi she’rlarning hammasi to‘liq berilmagani uchun ularni tushunish ancha qiyin, shuning uchun bu tazkira izoh talab qiladi.
Asarning keyingi davr yozuvchilari ijodiga ta’siri
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Yatimat ad-dahr“ keyinchalik shunday shuhrat qozondiki, natijada juda ko‘p adabiyotshunos olimlar ta’sirlanib, unga ergashdilar va o‘z tazkiralarini yozdilar. Masalan:
- Abul Hasan al-Boharziyning „Dumayt al-qasr va usrat ahl al-asr“ („Qasr tasviri va zamona ahllari haqida bayonot“) tazkirasi (bu „Yatimat ad-dahr“ning davomi hisoblanadi);
- Imouddin al-Isfahoniyning (hijriy 597 / milodiy 1201-yilda vafot etgan) „Xaridat al-qasr va jaridat ahl al-asr“ („Qasr durdonasi va zamona ahllari haqida ma’lumot“) nomli asari. Bu tazkira 10 jilddan iborat bo‘lib, 500—592-hijriy yillarni o‘z ichiga oladi;
- Abul Maoliy Sa’d al-Varroqning (hijriy 567 / milodiy 1171-yilda vafot etgan) „Ziynat ad-dahr“ („Zamona ziynati“) kitobi. Bu „Dumayt al-qasr“ning davomi hisoblanadi.
- „Yatimat ad-dahr“ ayniqsa ispan-arab yozuvchisi Abul Hasan ibn Bassom (hijriy 542 / milodiy 1174-yilda vafot etgan) ijodiga katta ta’sir ko‘rsatdi. U o‘zining „Az-Zaxira fi mahosin ahl al-jazira“ („Yarimorol [Ispaniya] ahlining fazilatlari haqida qimmatbaho xazina“) nomli tazkirasini deyarli as-Saolibiy ta’sirida yozdi; kitob nomini ham as-Saolibiy asariga o‘xshatib qo‘yadi. Ibn Bassom o‘z asarini to‘rt qismga ajratdi, uning boblarga bo‘linishi ham „Yatimat ad-dahr“ kabidir.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Абдуллаев И. Абу Мансур ас-Саолибий. Тошкент: Ўзбекистон, 1992. — 13-bet.
- ↑ Абдуллев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965. — 4-bet.
- ↑ Абу Мансур Абдулмалик ибн Муҳаммад ас-Саолибий. Татиммат ал-йатима („Йатиммат ад-даҳр“ тўртинчи қисмининг қўшимчаси). Тошкент: Фан, 1990. — 5-bet.