Yer egaligi
Yer egaligi — muayyan huquqiy asoslar (mulkka, yerni tasarruf etish va meros qolgan yerdan umrbod foydalanishga va ijaraga oid huquqlar)ga mu-vofiq yerga egalik qilish; xoʻjalik oborotiga va bozor iqtisodiy mexanizmi tarkibiga kiritiladigan yerdan foydalanish shakli. Ye. e. yer egalari zimmasiga tegishli huquq va majburiyatlar yuklaydi. Markaziy Osiyoda Ye. e.ning amlok, vaqf, mulk, tanho va b. shakllari mavjud edi. Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklarida koʻp yerlar xonliklar qoʻlida, xon yoki amirlarning ixtiyorida boʻlgan. Bu yerlar asosan nasldan-naslga oʻtib, ijaraga berish yoʻli bilan dehqonlar tomonidan ishlangan. Ye. e.ning bu shakli 19-asr oʻrtalarida Buxoro xonligidagi barcha yer maydonlarining 65% ini tashkil qilgan. Koʻpincha xonlar amlok yerlarini yi-rik zamindor, zodagon, ruhoniy va yaqin kishilariga xizmati evaziga tortik qilib, ular muvaqqat va shartli yer egalari — tanholarga aylantirilgan. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, Ye. e. shakllarini oʻzgartirdi. Amlok yerlar — butunligicha, mulk yer va vaqf yerlar — qisman podsholik mulki deb eʼlo qilindi. Shu yerni ishlab, hosil olgan shaxslarga merosiy mulk tariqasida sotish huquqi berilib, biriktirib qoʻyildi. Shoʻrolar davrida yerga xususiy mulkchilikning hamma shakllari tugatilib, "Yer — umumxalq davlat mulki", deb eʼlon etildi, asosiy qismi "bepul va abadiy foydalanish" uchun jamoa xoʻjaliklariga berildi. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan soʻng , 1998-yil 30 aprelda qabul qilingan Yer kodeksiga binoan, Yer — davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi. Yer davlat tomonidan muhofaza etiladi, oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qoʻyilmaydi (OʻzR qonunlarida belgilangan hollar bundan mustasno, 16-modda). Yer kodeksi va b. qonun hujjatlariga muvofiq, yuridik shaxslar doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida; jismoniy shaxslar esa meros qilib qoldiriladigan yerga umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega boʻlishlari mumkin. Yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun berish (realizatsiya qilish) yer ajratish tarikasida amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini ajratib berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Tosh-kent sh., tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi (Yer kodeksi, 17—24-moddalar).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |