Kontent qismiga oʻtish

Yer tekislagichlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yer tekislagichlar – oʻzlashtiriladigan yerlarni va ekin ekiladigan dalalarni ekin ekish va sugʻorish uchun qulay holatga keltirib tekislaydigan qishloq xoʻjaligi mashinalari; uzun ramali, choʻmichli va agʻdargichli xillari bor. Uzun ramali yer tekislagichlar traktorlarga tirkab ishlatiladi. Choʻmichli yer tekislagichlar dalalarni uzil-kesil tekislashda qoʻllanadi. Ish organi oldi, usti va tubi ochiq choʻmich kovshdan iborat. U ramaga mahkamlanadi. Choʻmichning quyi qismiga doʻngliklarni kesuvchi pichoq oʻrnatilgan. Yer tekislagichlarda choʻmichni maʼlum balandlikka oʻrnatadigan mexanizm bor. Yer tekislagichlar harakatlanganda choʻmich 20 sm gacha boʻlgan doʻngliklarni kesib, pastqam joylarga surib tekislaydi. Yer tekislagichlar gidravlik mexanizm va lazer nurlari bilan ishlaydigan avtomatik rostlash mexanizmlari bilan rostlanadi.

Agʻdargichli yer tekislagichlar ekin ekish oldidan tuproqqa ishlov berish uchun xizmat qiladi; ish organi harakat yoʻnalishiga nisbatan bir oz kiya oʻrnatilgan bir yoki bir nechta yassi yoki yoysimon agʻdargichlardan iborat. Bular 3 guruhga boʻlinadi: yer tekislagich-mola, ekin ekish oldidan tuproqni tekislagich-yoygich va sudratma (volokusha)li yer tekislagichlar sholi ekish uchun suv bostiriladigan dalalardagi notekisliklar 3 sm, egatdan sugʻoriladigan dalalarda 5 sm, sun’iy yomgʻirlatib sugʻoriladigan dalalarda esa 10 sm dan oshmasligi lozim. Agʻdargichli yer tekislagichlarning qamrov kengligi 6–8 m. Yer tekislagichlarning ish organi gidrotsilindr yordamida old tomonga qiyalantirilganda tuproq notekisliklarni kesadi, orqaga qiyalantirilganda esa dala betini bir oz zichlaydi (molalaydi). Tekislagich yumshatkich tishli tirma (borona) bilan qoʻshib ishlatiladi, u dala betini 10 sm chuqurlikda yumshatib, ketidan tekislab ketadi.