Kontent qismiga oʻtish

Yetti iqlim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yetti iqlim — tarixiy-geografik tushuncha. Yerni yunon va Oʻrta asr Sharq fanida mintaqalarga boʻlish usuli. Keng maʼnoda yerning tabiiy, siyosiy va maʼmuriy boʻlinishlari tarixiga ham aloqador. Qadimda Yer sharini yaxlit tasavvur etish bilan birga, uni maʼlum qismlarga ajratib ham oʻrganganlar. Rivoyatlarda Nuh paygʻambar Yer yuzini 3 qismga ajratib, 3 oʻgʻliga — shim.dagi oʻlkalarni Yofasga, oʻrtadagi mamlakatlarni Somga va jan.dagi joylarni Homga bergan deyiladi. Qadim zamonning afsonaviy qahramoni Afridun esa, Yer yuzini sharq — gʻarb yoʻnalishida taqsimlab, uni oʻgʻillariga belgilabdi: sharqiy yerlarni Turga, oʻrtadagi joylarni Erajga va gʻarbiy qismni Salimga.

Abu Rayhon Beruniyning "Geodeziya" asarida qad. eronliklar Yerni 7 qismga boʻlib, har bir qismni "kishvar" deb ataganliklari qayd etilgan. Yerni 7 kishvarga boʻlish siyosiy-geografik uslubga asoslangan edi. Ularning tasavvurida 7 kishvar 7 doirada: 1 doira markazda, kolganlari uning atrofida tutash joylashtirilgan. Markaziy doira (toʻrtinchi kishvar)dan Iroq, Fors, Jabal, Xuroson, Sijiston, Zabuliston, Tohariston oʻlkalari oʻrin olgan.

E. i. tushunchasi dastlab yunon fanida vujudga kelgan, oʻrta asrlarda musulmon Sharqi ilm-fanida keng tarqalgan. Umuman, "iqlim" istilohi yunoncha "klima"dan olingan va yer yuzining quyosh nurlariga nisbatan qiyaligi degan maʼnoni anglatgan. Beruniy "Geodeziya" asarida "Ular (yunonlar) odam yashaydigan yerni aniqroq boʻlgan (kecha va kunduz orasidagi) tafovutga muvofiq bir-biriga (parallel) boʻlgan chiziqlar bilan 7 iqlimga boʻlganlar. U chiziqlar Mashriqda maʼmur yerlarning eng uzogʻidan tortib Magʻribning oxiriga boradi. Ular birinchi iqlimning oʻrtasidan boshlab eng uzuni 13 soat boʻladigan yoz kuni, ikkinchi iklimning oʻrtasini eng uzuni 13 yarim soat boʻladigan yozning kuniga ilashtirdilar. Shunday qilib, iqlimning oʻrtasini yarim soatdan oshirib borib, eng uzuni 16 soat boʻladigan yoz kuniga ilashtirdilar", deb yozadi. Maʼlum boʻladiki, yunonlar Yerni astronomik uslubda, yaʼni Quyosh nurining Yerga qiya tushishi asosida ekvatordan shim. tomonga Ye. i.ga boʻlganlar va ularning chegaralari eng uzun yoz kuni yarim soatdan farq qiladigan joydan oʻtgan. Sharq geografiyasida yunon fanidagi "etti iklim" tushunchasi qabul qilingan. Chunonchi, yunonlar Ye. i. ga yerning ular tushunchasidagi aholi yashaydigan obod qismini (Sharqiy yarim sharning shim. pallasini) kiritganlar va uni "eykumena" yoki "oykumena" (yun. "oykeo" — obod qilmoq) deb ataganlar. Sharq geografiyasida mazkur tushuncha arabcha "maʼmura" (obod joylar) yoki "rubʼi maskun" (Yerning odamlar yashaydigan choragi) degan soʻzlar bilan ifoda etildi. Dunyoning obod qismi, asosan, Ye. i. doirasida joylashgan, deb tushunilgan boʻlsada, uning chegaralariga birmuncha anikliklar kiritildi, mazmunan boyitildi. Mas, yunon olimlari Marin Tir va Klavdiy Ptolemey oykumenaning chegaralarini jan.da ekvatordan, shim.da 63° sh.k.gacha deb bilganlar. Muhammad ibn Muso Xorazmiy ham Ye. i.ning jan. chegarasini jan.da ekvatordan hisoblagan, lekin shim. ni-hoyasini 48° sh.k.da ifodalagan.

Abu Rayhon Beruniy oʻz kuzatishlari va hisob-kitoblari asosida fandagi iqlimlar toʻgʻrisidagi tafovutli fikrlarga barham berdi. Beruniy Ye. i.ning jan. chegarasini 12° 39’ 5" sh.k.dan oʻtkazdi va undan ekvatorgacha boʻlgan oraliqni "birinchi ikdimning nariyogʻidagi yerlar" deb atadi. Keyingi iklimlarni shunga parallel ravishda shim.ga davom ettirib, yettinchi iqlimning shim. chegarasini 50° 24’ 34" sh.k. gacha yetkazdi. Abu Rayhon Beruniy Ye. i. doirasidagi yerlarni obod joylar deb, Ye. i.dan shim.dagi va birinchi iqlimdan jan.dagi maʼlum yerlarni obodonligi nisbatan kamroq yerlar qatoriga kiritdi.

E. i. tushunchasi mohiyatidan Yer yuzasini tabiiy-geografik zonalarga boʻlishning dastlabki eng oddiy koʻrinishi boʻlsada, biroq undan ancha farq qiladi. Zero hozirgi tabiat zonalarini aniqlashda relyef, iqlim, tuproq, oʻsimlik va hayvonot olami ham eʼtiborga olinadi. Shunga qaramasdan Ye. i. tushunchasi Sharq geografiyasida 19-asrgacha saqlanib keldi.

E. i.ga boʻlishning oʻz davri uchun bevosita ilmiy amaliy ahamiyati bor edi. Qoʻlyozmalarda iqlimlar vositasida mamlakatlar, shaharlar va b. turli joylarning geografik oʻrni ifodalangan. Shahar va qishloqlar roʻyxati tuzilgan, koʻpincha ular ikdimlar tartibida joylashtirilgan. Bunday jadvallar Muhammad ibn Muso Xorazmiyning "Kitob surat alarz" ("Yer surati"), Abu Rayhon Beruniyning "Al-Qonun ul Masʼudiy" ("Maʼsud qonuni"), Ulugʻbekning "Ziji jadidi Koʻragoniy" ("Koʻragoniy yangi astronomik jadvali") asarlarida mavjud. Iqlim chiziqlari yoki koʻrsatkichlari haritalarda ham belgilangan.

Omonullo Boʻriyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil