Kontent qismiga oʻtish

Yogʻoch oʻymakorligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yogʻoch oʻymakorligi — oʻymakorlik turi, badiiy hunarmandlikning qad. va keng tarqalgan sohasi. Yogʻochni kesib, oʻyib, chizib, zaminni teshib naqsh, boʻrtma shakllar hosil qilib, yogʻoch taxtacha va boʻlaklarini birbiriga ulab, yopishtirib (asosan panjaradya) handasiy shakllar, oʻsimliksimon tasvirlar, islimiy naqshlar hosil qilinadi. Us t a naqshni bezatiladigan sirtga axta vositasida tushiradi, ustidan naqsh chiziqlari chizib chiqiladi, soʻng asbob (iskana)lar yordamida oʻyiladi. Oʻyishda turli usullar (pargari, bagʻdodi) keng qoʻllanadi. Yo. oʻ. koʻp mehnat talab qiladigan soha, unda Oʻzbekistonda oʻsadigan mahalliy daraxtlar (qayragʻoch, archa, yongoq, tut, oʻrik, chinor, tol, terak va b.)dan foydalaniladi. Oʻymakor ustalar daraxt yogʻochlarining xususiyatlarini yaxshi bilishgan (daraxt yogʻochlarining quyosh nuri koʻp tushgan tomoni pishiq, zich tolali boʻladi). Yogʻochlar 6 oydan 1 yilgacha suv (hovuzlar)da saqlanadi, soyada quritiladi. Naqsh mujassamotida girih, islimiy naqshlar keng ishlatiladi, mustaqil ravishda girih kamdan kam hollarda qoʻllanadi; girih va islimiy naqshlar uygʻunlashtirilib, rangbarang jozibali mujassamotlar, namoyonlar yaratiladi. Bezak (naqshlar) yaratishda pargardan koʻproq foydalanilishi tufayli naqshlar pargari deb ataladi. Yogʻoch oʻymakorligi. Us t a Ortiq Fayzullayev ish ustida. Yo. oʻ. qadimdan taraqqiy etgan. Qad. Sharkda, antik dunyo meʼmorligida keng tarqalgan, Yevropa, Osiyo mamlakatlarida xilma-xil uslublari vujudga kelgan. Oʻzbekiston hududida ham qadimdan meʼmorlikda, roʻzgʻor buyumlarida koʻp qoʻllangan. Movarounnahrda islom dini tarqalguniga qadar yogʻoch sanamlar tayyorlash rivoj topgan. Narshaxiy "Buxoro tarixi" asarida 8-asrda eshiklar oʻyma tasvirlar bilan bezatilgani haqida yozadi. Yogʻoch tashqi muhit taʼsiriga ancha chidamsizligidan Yo. oʻ.ning qad. namunalari saqlanmagan. Sakdanganlarining eng qad.si 9—12-asrlarga mansub. Qusam ibn Abbos maqbarasi bino sharafalari naqshlar bilan bezatilgan, zabarravlarida qushlar, afsonaviy maxluqlarning tasvirlari ishlangan (Samarqand, 11 — 12-asrlar). Buxoroda Sayfiddin Boharziy maqbarasining toʻsinlari (14-asr), Samarqandda Ruhobod maqbarasi, Amir Temur maqbarasi eshiklariga ishlangan naqshlar ulkan mahorat samarasidir. Buxorodagi Ulugʻbek madrasasining eshiklari qismlariga yogʻoch taxtachalardan yelimsiz, mix ishlatmay girih naqshlar hosil qilingan. 19-asrda Xorazm uslubi yuksakka koʻtarilgani Xivadagi Toshhovli ayvonlari, xonalaridagi ustunlarning kallagi, boshalariga ishlangan muqarnaslarda, eshiklarning bezaklarida koʻzga tashlanadi. Oʻzbekiston xududida oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turuvchi Toshkent, Xiva, Qoʻqon, Fargʻona, Buxoro Yo. oʻ. shakllangan. Toshkentlik ustalar oʻyma naqshlarda yassi boʻrtmali, zaminsiz chizmani keng qoʻllaganlar. Xivada mahobatli Yo. oʻ. keng tarqalgan, naqshning maydaligi, zaminning kamligi, oʻynoqiligi bilan ajralib turadi, bu yerlik ustalar yogʻochning tabiiy rangini saqlab qolganlar, boʻyamaganlar. Samarqandlik ustalar zamin va boʻrtmani loklaganlar. Qoʻqon, Fargʻonada eshik, ustunlarni chuqur yassi boʻrtma naqshlar bilan bezab, naqsh yuzasiga toʻkroq rang berib soʻng loklaganlar. Buxorolik ustalar oʻyma naqshlarni oltin, kumush suvi bilan bezaganlar, naqsh zaminini ranglar bilan boʻyaganlar. 20-asrda Yo. oʻ.ning zaminni oʻyib bir necha qavat boʻrtma tasvir hosil qilinadigan (1,5 mm dan 30 mm gacha oʻyiladigan) murakkab va jozibali turi shakllangan. Toshkentlik T. Ayyubxoʻjayev, A. Tursunboyev, S. Xoʻjayev, M. Qosimov, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev va b., xivalik O. Polvonov, S. Bogʻbekov va b., qoʻqonlik A. Abdurahmonov, Q. Haydarov va b., margʻilonlik Yu. Maʼrufjonov, U. Ahmedov va b., samarqandlik N. Nazrullayev va b., buxorolik akauka S. va R. Gʻafurovlar, Sh. Saidov va b. oʻnlarcha xalq ustalari Yo. oʻ. anʼanalarini davom ettirib, yangi ohanglar bilan boyitdilar, koʻplab jamoat binolarini Yo. oʻ. bilan bezadilar. 40y.larda koʻpgina jamoat binolari (Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi, Muqimiy teatri, Navoiy teatri va b.) uchun Yo. oʻ. bilan bezatilgan eshik, deraza, panjara, namoyonlar, badiiy buyumlar tayyorlandi. 70y.lardan ustalar tomonidan Yo. oʻ.dagi naqsh mujassamotlari yangi mavzular, yangi bezak turlari bilan boyitib borilmoqda (Xalqlar Doʻstligi saroyi, Oʻzbekiston xalklari tarixi muzeyi, Oʻzbekiston BA Markaziy koʻrgazmalar zali va b.). Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda boʻlganidek amaliy sanʼatga, shu jumladan Yo. oʻ.ni rivojlantirishga ham katta eʼtibor bilan qaralmoqda. Tarixiy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish, yangi xususiyatlar bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda. Xalq ustalari Yo. oʻ. usul va uslublarini rivojlantirib, koʻplab barpo qilinayotgan binolarni ushbu usulda bezamoqsalar (Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Buxoriy majmuasi, Xotira maydoni memorial majmuasi, Oliy Majlis binolari va b.).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil