Kontent qismiga oʻtish

Yogʻochni bukish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yogʻochni bukish - yaxlit yoki qatlamqatlam (yelimlab yopishtirilgan) yogʻoch zagotovkalarni egib, shu holicha mustahkamlash; yogʻochning plastiklik (qayshqoqlik) xossasiga asoslanadi. Yogʻochning plastikligi qanchalik yuqori boʻlsa, shunchalik yaxshi bukiladi. Bukishda zagotovkaning qabariq tomoni choʻziladi, botiq tomoni qisiladi. Issiklayin va sovuqlayin bukish usullari bor. Issiqlayin bukish usuli yaxlit va yelimlab yopishtiriladigan koʻp qatlamli zagotovkalardan bukik detallar olishda qoʻl keladi. Yogʻoch zagotovka 80—120° gacha qizdirilganda plastikligi keskin oshadi. Issiqlayin bukishda yogʻoch bugʻda yoki qaynayotgan suvda tutib turiladi (yumshatiladi). Yumshatilgan zagotovka andaza boʻyicha bukiladi, qisish qurilmasida mahkamlanadi va 10—15% namlikkacha quritilib, keyin sovitiladi. Sovuqlayin bukish usuli tabiiy bukuluvchan yogʻochdan koʻp qatlamli yelimlangan detallar olishda qoʻllanadi. Zarur shakl va kesimdagi detallar olish uchun yetarli miqdorda yelim surkalgan quruq yogʻoch plastinkalar (taxta, shpon yoki faner) press qolipga paket koʻrinishida taxlanadi hamda yelim qotgunga qadar tutib turiladi. Sovuqlayin bukish usulida olingan detallarning shakli issiklayin bukish usulida olingan detallarga nisbatan turgʻun boʻladi. Yo. b. usullari vagonsozlik, kemasozlik, mebelsozlik va b.da keng qoʻllanadi. [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil