Kontent qismiga oʻtish

Yomgʻir chuvalchanglari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yomgʻir chuvalchanglari yoki yer chuvalchanglari (ayrim viloyatlarda loyxoʻrak deb ataladi) — kam tukli halqalilar sinfiga mansub chuvalchanglar bir necha oilasining umumiy nomi. Tanasining uzunligi bir necha sm dan tropik turlari 2,5 m gacha. Oʻzbekistonda uchraydigan turlari 15—20 sm dan oshmaydi. Tanasidagi halqalar soni 80 dan 450 gacha. Har bir halqasida 4 juftdan yoki undan koʻproq tuk bor. Tuklar Yo.ch. oʻrmalaganida tayanch boʻladi. Maxsus sezgi organlari rivojlanmagan, biroq terisida juda koʻp sezgir hujayralari bor. Terisi orqali nafas oladi. Qon aylanish sistemasi tutash, yuragi boʻlmaydi. Qoni qizil, uning tarkibida gemoglobin bor. Nerv sistemasi bitta halqum usti nerv tugunidan va qorin nerv zanjirini hosil qiluvchi birmuncha mayda qorin nerv tugunlaridan iborat. Chiriyotgan organik qoldiqlar bilan oziqlanadi. Tuproqda yashaydi, yomgʻirdan soʻng tuproq yuzasiga chiqqanligi sababli "YO.ch." nomini olgan. Germafrodit, tuxumini pillaga qoʻyadi. Yo. ch. in qazib tuproqni yumshatadi, uning chuqur qatlamlariga havo oʻtishi va suv shimilishiga imkon beradi; tuproq qatlamlarini aralashtiradi; oʻsimlik qoldiqlari chirishini tezlashtiradi; tuproqni gumusga boyitib, unumdor qiladi. Yo. ch. aralashoʻrmon, oʻrmonchoʻl va qora tuproqli nam iklimli mintaqalarda ayniqsa koʻp (1 m2 tuproqda 300 dan ortiq) boʻladi. Yo. ch. Oʻrta Osiyo mintaqasida asosan ariqlar yaqinida, sugʻoriladigan nam tuproqli yerlarda uchraydi. Yo. ch.ning 1500 ga yaqin, jumladan Oʻzbekistonda 20 dan ortiq turi maʼlum. Sugʻoriladigan yerlarda Nicodrilus caliginosus, Oxtolasium lacteum keng tarqalgan. Ayrim Yo. ch. biologik gumus olish maqsadida koʻpaytiriladi.