Yorugʻlik oʻtkazgich
Yorugʻlik oʻtkazgich – yorugʻlik energiyasini maʼlum masofaga yoʻnaltirib uzatuvchi qurilma. Metall bilan qoplangan, yaxshi silliqlangan, ichki sirti yorugʻlik nurini juda yaxshi qaytara oladigan silindr yoki konus shaklidagi naylardan iborat; ular, asosan spektrning koʻzga koʻrinadigan va infraqizil qismini oʻtkazadi. Optik tola (diametri 0,3 mm dan kichik Yo. oʻ.) deb ataluvchi shaffof dielektriklardan yasalgan, sirtiga metall qoplangan tolalar ham Yo. oʻ. sifatida ishlatiladi. Tola oʻzagi doira, olti yoqli koʻp burchak va kesik konus shaklida, qoplamasi esa oʻzakka kiydirilgan nay koʻrinishida boʻladi. Yo. oʻ.larda nurlarning isrof boʻlmasdan tarqalishi yorugʻlikning toʻla ichki qaytishi hodisasiga asoslangan. Yorugʻlik energiyasining deyarli yutilmay, toʻla qaytishi uchun Yo. oʻ.larning oʻzagi nur sindirish koʻrsatkichi katta, qoplamasi esa nur sindirish koʻrsatkichi kichik boʻlgan moddalardan yasaladi. Nurlarning tolada batamom qaytib tarqalishi uchun tola uzunligi nur toʻlqin uzunligidan bir necha baravar katta boʻlishi kerak. Shunga koʻra, tola qanday nurga ishlatilishiga qarab, uning diametri har xil boʻladi: koʻzga koʻrinadigan nurlar (h=0,38—0,77 mkm) uchun tola diametri bir necha mikrometr, infraqizil nurlar (A.=0,77— 10 mkm) uchun bir necha oʻn mikrometr, ultrabinafsha nurlar (A=0,38—0,2 mkm) uchun esa juda kichik boʻlishi kerak. Optik tolalar oʻzaro parallel qilib zich yopishtiriladi. Yo. oʻ.lar qattiq yoki egiluvchan, chilvirsimon, kogerent qilib yasaladi. Bunday Yo. oʻ. (fiberskop) lardan tasvirlar, yorugʻlik oqimi yoki boshqa koʻrinishdagi nurlarni egri chiziq boʻylab uzatishda ishlatiladi. Fiberskoplardan periskop, endoskop, gastroskoplarda, atom reaktorlarning xavfli zonalarida, raketalarning soplosini kuzatish va b. maqsadlarda foydalaniladi.
Koʻp tolali qattiq Yo. oʻ. uncha murakkab boʻlmagan tasvirlarni uzatishda, ingichka naychalarning ichki devorini, odamning qorin, quloq, tomoq va b. organlarini koʻrishda yoki quloq, koʻz, tomoq va yurak operatsiyalarini bajarishda ishlatiladi. Tolali Yo. oʻ.ning boshi va oxiridagi tolalarni anik, bir tartibda joylashtirib, tasvirning shaklini oʻzgartirish, yaʼni kadrni bitta satrga, uzun shaklni kvadratga, toʻgʻri satrni halqaga aylantirish mumkin. Bunday Yo. oʻ. yordamida tasvirni oʻzgartiruvchi kinokamera bilan kinokadrlarni bitta satrga tushirsa boʻladi. Optik tola diametri 10 mkm ga teng boʻlganda 1 m uzunlikdagi kinolentaga 100000 ta tasvir tushirish mumkin. Tolali Yo. oʻ.dan qilingan igna obʼyektivli mikroskop operatsiyasiz tashxis qoʻyishda, oʻsmalarning tuzilishini aniqlashda ishlatiladi. Tolalari chalkashtirilgan Yo. oʻ.lar yordamida shifrlangan (maxfiy) tasvirni pochta yoki televideniye orqali uzatish mumkin. Tasvir qabul qilingan joyda xuddi shunday Yo. oʻ. yordamida anik va uz holiga keltirib qabul qilinadi. Yo. oʻ.lar texnikaning koʻp sohalarida, elektronoptika asbobsozligida keng ishlatiladi. Lampalardan foydalanish oʻrinsiz boʻlgan joylar (mas, porox zavodi sexlari) odatda Yo. oʻ.lar bilan jihozlanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |