Yulduz astronomiyasi
Yulduz astronomiyasi — astronomiyaning yulduzlar sistemasining tuzilishi, tarkibi, dinamikasi va evolutsiyasining umumiy qonuniyatlarini tadqiq qilish va bu qonuniyatlarni bizning yulduzlar sistemamiz (Galaktikamiz) ga tatbiq qilinishini oʻrganish bilan shugʻullanuvchi boʻlimi. Alohida yulduzlar, tumanliklar oʻrganiladigan astrofizikadan farqi shundaki, bunda obʼyektlarning toʻplami ansambli tadqiq qilinadi. Yulduz astronomiyasi 3 ta boʻlim: yulduzlar statistikasi, yulduzlar kinematikasi va yulduzlar dinamikasi boʻlimlaridan iborat.
Yulduzlar statistikasida yulduzlarning fizik va koʻrinma xususiyatlarini ifodalovchi kattaliklar (massalari, yorqinligi, spektral sinflari, parallaksi, tezliklari, koʻp rangli fotometrik parametrlari va boshqalar) orasidagi empirik qonuniyatlar kuzatuv maʼlumotlari asosida topiladi, shu maʼlumotlar boʻyicha Galaktikamizning tuzilishi va uning tashkil etuvchilari tadqiq qilinadi. Bunda, xususan, yulduzlarning yorqinlik, ravshanlik va fazoviy zichlik funksiyalarini oʻzaro bogʻlovchi integral tenglamalaridan foydalaniladi.
Yulduzlar kinematikasida esa Somon Yoʻlining Galaktikamiz oʻzagi atrofida differensial aylanishi xususiyatlari va, umuman, yulduzlarning nuriy hamda koʻndalang tezliklari komponentalarini kuzatuvdan topish muammolari oʻrganiladi. U turli xalqaro kuzatuv dasturlariga (jumladan, yulduzlarning xususiy harakatini anikdash dasturiga) asoslangan. Yulduzlarning fazoviy tezlik vektorlarini topib, ularning qator fizik guruhlari va toʻdalari kashf qilingan. Quyosh tizimining Galaktikamiz oʻzagi atrofidagi harakati va uning turli maxsus kinematik parametrlari qiymati toʻla hisoblab topilgan. Zamonaviy tadqiqotlarga koʻra, Galaktikamiz 5 qism (oʻzak, disk, balj, galo va toj) dan iborat boʻlib, ularning tarkibi va kinematikasi nisbatan yaqqol farq qiladi. Masalan, galo, asosan, qizil gigant, qisqa davrli sefeida yulduzlari, submitti yulduzlarning sharsimon toʻdalaridan tashkil topgan boʻlib, ular disk qismda umuman boʻlmaydi, chunki disk galoga mansub boʻlmagan uzun davrli sefeidalar (oʻtagigantlar), spektral sinfi O va V boʻlgan qaynoq yulduzlar, yosh gigantlar, yulduzlarning tarqoq toʻdalaridan iborat.
Bunday murakkab tuzilishga ega boʻlgan spiralsimon Galaktikamizning vujudga kelishi va evolutsiyasi bilan yulduzlar va ular tizimining dinamikasi shugʻullanadi. Yuz milliard yulduzdan ortiq Galaktikamizning gravitatsion maydoni murakkab va uzluksizdir. Uning modelini tuzishda bu maydon gravitatsion kuch funksiyasi regulyator deb olinib, maʼlum kinetik va gidrodinamik tenglamalar Puasson tenglamasi bilan birga yechiladi. Ixtiyoriy yulduz dinamikasini dastlab ushbu umumiy regulyar kuch funksiyasiga va maʼlum darajada unga koʻshni yulduzlarning taʼsiriga bogʻliq notekis kuchlar orqali ifodalanadi. Asosiy tadqiqotlar regulyar maydonni aniq modellashtirish, uning protogalaktika holatidagi tuzilishi va bu ikki holat orasidagi qator diskret davrlarni tiklash muammolari ustida olib borilmoqda. 20-asr 90-yillarida Galaktikamizdan tashqaridagi astronomiya keskin rivojlanib, boshqa milliard galaktikalar kuzatuvi va fizikasi faol oʻrganilayotganini hamda ular ichida koʻplab tugʻilayotgan galaktikalar kuzatilmoqda. Oʻzbekistonda Yulduz astronomiyasiga dori tadqiqotlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida va Oʻzbekiston milliy untida olib boriladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |