Yunusxon maqbarasi
Yunusxon maqbarasi | |
---|---|
Yunusxon maqbarsining old tomondan koʻrinishi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | davlat himoyasida |
Turi | maqbara |
Joylashuvi | Shayhontohur majmuasi |
Manzili | Abdulla Qodiriy koʻchasi |
Shahar | Toshkent |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°11′32″N 69°09′10″E / 41.192329°N 69.15265°E |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht |
Qavatlar soni | 2 qavat |
Yunusxon maqbarasi |
Yunusxon maqbarasi – Toshkentdagi meʼmoriy yodgorlik (15-asr); Oʻzbekiston xalqaro islom akademeiyasi hududida joylashgan. 1487-yilda Toshkent hokimi Yunusxon vafotidan soʻng Shayx Xovandi Tohur qabristonida Yunusxonning oʻgʻli Ahmadxon (Olachaxon) tomonidan qurdirilgan deb taxmin etiladi, qurilish keyingi davrlarda ham davom ettirilgan. Maqbara toʻrtburchak tarhli (21,2×22 m), peshtoqgumbazli, katta xona (7×7 m), ikki yonida qoʻsh qavatli hujralardan iborat. Binoning tashqi gumbazi, peshtoq ravogʻi (19-asr da) buzilib ketgan, bezaklari saqlanmagan, bino bir necha marta taʼmirlangan. Xonaqohning ichki qismiga ganchkori naqshlar, muqarnaslar ishlangan. 1970-yillarning oxirida Yunusxon maqbarasining vayron boʻlgan qismlari tiklandi; 1999—2005-yillarda qata taʼmirlandi.
Poshshoxon Toʻraxoʻja va uning oʻgʻli Eshontoʻraxoʻja tomonidan 1913-yilda maqbaraning janub tomonida minora quriladi. Bu minora yaqinida esa, har yili diniy marosimlarda qatnashish uchun kelgan rus chinovniklari uchun shiypon qurdirib beradi. Bu koʻrinishdagi shiyponlar 4 tani tashkil etgan.
Yunusxon maqbarasi yaqinida 1 ta shu nom bilan atalgan madrasa hamda, ikkita masjid bunyod etilgan. Ikki masjid nomi Gʻaribboy va Saidazimboy deb atalgan. Bu masjidlarni ikki yirik savdogar qurdirib, oʻzlarini nomi bilan atashgan. Yogʻoch bilan bogʻliq ishlarni keyinchalik „Vatan“ kinoteatri qurilishini olib borgan Toshkentdan boʻlgan Saidazim Usmonov qilgan.
1894-yilda maqbara va darvoza oraligʻida „Xotin“ masjidi bunyod etilgan. Masjid maʼlum vaqt davomida shaxmat klubi va kutubxona vazifalarini ham oʻtagan. Masjid XX asr oʻrtalarida buzib yuborilgan. Baʼzi manbalar bu masjidni 1932-yili boshqa yerga koʻchirilgan deyiladi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yunusxon 1485-yilda Toshkentni toʻlaligicha oʻz ixtiyoriga oʻtkazadi hamda Toshkent poytaxt etib belgilaydi. Ikki yildan soʻng hijriy 892-yilda falaj kasali bilan vafot etadi. Uning oʻgʻli Mahmud otasiga atab ushbu maqbarani qurdiradi. Maqbara devorlarida, hozirda oʻchib ketgan ammo shunday deb yozilgan edi:
„Hazrat Yunusxon 818-hijriy yilda tugʻilib 892-hijriy yilda vafot etdi. U 74 yil umr koʻrgan. Maqbara 979-hijriy yilda yilda buzilgan“
Yozuv davomida yozilgan sheʼrda Boboxoʻja tomonidan 1584-yilda qayta taʼmirlangani aytib oʻtilgan. Shunday maʼlumotni XVI asrda Hofiz Tanish tomonidan yozilgan „Abdullanoma“ asarida ham yozilgan.
Arxeologik kuzatuvlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Arxeolog Massonning 1942-yilda oʻtkazgan tadqiqotlari natijasida ular suyak qoldiqlari va topilmalarni kamligidan bu yerda odamlar zich yashamagan va yer qatlamiga qarab maqbara hududi bogʻ boʻlganini aniqlashgan. Bundan esa maqbara shahar qoʻrgʻonidan tashqarida joylashganligini aniqlashgan. 1967-yilda Rtveladze tomonidan oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlar ham buni isbotlagan.
Arxeologik tadqiqotlarda maqbara ichida dafn asari yoki suyak qoldiqlari topilmagan. yaʼni jasad bu yerga koʻmilmagan. Baʼzi rivoyatlarga qaraganda Yunusxon jasadini Moʻgʻulistonga olib ketilgan deyiladi, ammo bu rivoyatga isbot keltirilmagan.
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
2007-yilgi pochta markasi
-
Yunusxon maqbarasi peshtogʻi
-
2023-yilgi koʻrinishi
-
Maqbaraning kechasi ko'rinishi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |