Yuqumli mollyusk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

YUQUMLI MOLLYUSK (molluscum contagiosum) -asosan bogʻcha va kichik maktab yoshidagi bolalarda uchraydigan degenerativ va sitoliz holatlari bilan kechadigan virusli kasallik.

Etiologiyasi va patogenezi.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik qoʻzgʻatuvchisi (Molluscovirus hominis) filtrlanivchi, DNK li virus boʻlib, aksariyat bogʻcha, kichik maktab yoshidagi bolalarda (1-7 yosh) kasallik chaqiradi. Ularga kasallik toʻgʻridan-toʻgʻri virus tashuvchidan yoki umumiy sochiq, vanna, idish-tovoq, oʻyinchoq va boshqa narsalardan yuqishi mumkin. Ayrim holatlarda kasallik bolalar muassasasida epidemik tarqalib ketishi mumkin. Kattalarga virus maishiy-kontakt yoʻli bilan birgalikda jinsiy aloqa yoʻli orqali yuqadi. Shu sababli yuqumli mollyusk jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasallilkar guruhiga kiradi.

Klinikasi.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallikning inkubatsion davri 2-3 haftadan bir necha oygacha davom etadi. Shundan soʻng sogʻlom teri yuzasida mayda (1–2 mm), asta-sekin kattalashadigan, chegaralari aniq, yaltiroq, oqish marvarid rangli, markazi kindiksimon botiqchali, zich-elastik konsistensiyaga ega tugunchalar paydo boʻladi. Ular yuz, koʻz atrofi, boʻyin, koʻkrak, qoʻl panchasi, qorin sohasi, jinsiy aʼzolar terisida uchraydi. Kasallik toshmalari subyektiv hissiyotlarsiz kechadi. Tugunchalarni yon tomonlaridan siqib koʻrilganda, markazidagi botiqchadan boʻtqasimon massa chiqadi. Bu massa muguzlangan epiteli hujayralaridan iborat.

Kilinik turlari:[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Koʻp sonli,
  • Mayda toshmali,
  • Ingichka asosli (oyoqchali),
  • Gigant toshmali.

Diagnostikasi:[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yuqumli mollyuskni boshqa turdagi toshma elementlaridan ajratib turuvchi belgi-siqib koʻrilganda, markazidagi botiqchadan boʻtqasimon massa chiqishi va mikroskopda koʻrilganda, katta, oval protoplazmasida kiritmalari bor hujayralar (mollyusk tanachalari) topilishidir.

Davosi:[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tugunchalar pinset bilan siqib tashlanadi yoki oʻtkir uchli Folkman qoshiqchasi bilan qirib olinadi, diatermokoagulyatsiya, kriodestruksiya usullari qoʻllaniladi. Oʻrni 2-5% li yodning spirtli eritmasi bilan artiladi va yuzasiga virusga qarshi (bonafton, oksalin, gossipol, tebrofen, interferon) malhamlar surtiladi. Ikkilamchi infeksiya bilan asoratlangan hollarda antibiotikli malhamlar (tetraksiklin, sintomitsin, eritromitsin) ishlatiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adham Voisov. „Teri va tanosil kasalliklari“ 2004-yil