Yurak glikozidlari
Yurak glikozidlari — oʻsimliklardan olinadigan tabiiy glikozidlar. Tarkibida Yurak glikozidlari bor oʻsimliklar qadimiydan maʼlum, ular xalq va ilmiy tabobatda qoʻllanib kelingan. Yurak glikozidlaridan yurak xastaliklari va boshqalar kasalliklarni davolashda foydalanilgan.
Qadimgi misrliklar dengiz piyozini, rimliklar va yunonlar erizimumni yurak kasalliklarida va peshob haydovchi sifatida ishlatishgan. 11-asrda Angliyada angishvonagul xalq tabobatida dori vositasi sifatida maʼlum boʻlgan.
Yurak glikozidlari tutuvchi oʻsimliklar butalar, lianalar, oʻtlar shaklida uchraydi. Yurak glikozidlari saqlovchi oʻsimliklarning 45 ga yaqin turi aniqlangan, ularning 9 tasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻsadi. Ular sigirkuyruqdoshlar, kedirdoshlar, loladoshlar, ayiqtovondoshlar, joʻkadoshlar, tutdoshlar va boshqalar.
Hoz. angishvonagul barglaridan digoksin, selanid, lantozid; strofant urugʻidan strofantin K.; adonis oʻsimligining yer ustki qismidan adonis, adonisbrom; marvaridgul yer ustki qismidan korglikon, konvaflavin kabi dori vositalari olinib, ular zamonaviy tibbiyotda yurak xastaliklari (yurak poroklari va u tufayli qon aylanishining II va III darajali buzilishi, yurak astmasi, yurak shishi)ni davolashda, peshob haydovchi va boshqalar sifatida keng qoʻllanadi. Bir qancha Yu.g. tinchlantiruvchi xossaga ham ega.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |