Zebo pari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zebo pari — maqom shoʻʼbalarida va mumtoz ashulalarda namud oʻrnida qoʻllaniladigan mashhur avj. Taxminlarga koʻra, bu avjni Z.p. taxallusli fargʻonalik mashhur xonanda va sozandabastakor Abdurahmon (19-asr) ijod qilgan deb hisoblaydilar. Aslida u bu avjni zoʻr ehtiros va mahorat bilan ijro etganligi sababli avjga Z.p. nomi berilgan. Buzruk maqomining Buxoro Irogʻi, Rostning Savti Sabo, Savti Kalon shoʻʼbalarida, Ushshoqi Xoʻqand ashulasida, Iroq maqomining Saraxbori Iroq, Chanbari Iroq shoʻʼbalarida Z.p.dan foydalanilgan. Z.p. ohanglari kiritilgan shoʻʼbalarning doira usuliga moslab olinadi hamda ashula yoʻllari tarkibida turli koʻrinishlarda uchraydi. Z.p. xonandalarning choʻqqi pardalarga chiqish, ovoz va badihagoʻylik mahoratlarini namoyish etishlarida keng imkoniyatlarga ega.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil