Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak
Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak — nomli tarixiy asar, muallifi XIX asr tarixchisi Muʼindir.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak asari XIX asrning o‘rtalarida fors tilida yozilgan bo‘lib, uning muallifi haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. Asar o‘zida Muhammad Shayboniyxondan (1501—1510) Amir Nasrullohgacha (1826—1860) bo‘lgan davrlardagi Movarounnahr va qisman Xurosonda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni aks ettiradi; Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Mang‘itlar sulolasiga mansub hukmdorlar davridagi siyosiy voqealar hamda harbiy harakatlar qisqa bayon etilgan. Asar ilmiy doiraga ilk bor A.Muxtorov tomonidan olib kirilgan. 1960-yilida uning Tojikistonda saqlanayotgan qo‘lyozmasining ilmiy tavsifi eʼlon qilindi. Shundan so‘ng asardagi ayrim maʼlumotlardan foydalanib kelindi. Tadqiqotchi J.M.Tulibayeva asardagi Qozog‘iston tarixiga oid maʼlumotlarni o‘rgangan va Toshkentdagi qo‘lyozmasi asosida 1709—1826-yillar voqealarining qisqa tarjimasini eʼlon qilgan. Hozirda “Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak” asarining uchta qo‘lyozma nusxasi maʼlum[1]. “Tarixi avoil va avoxir”. Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi fondida saqlanuvchi ushbu uning boshqa ikki nusxasidan hajm jihatdan kattaroq, 65 varaqdan iborat. Tarkibi jihatidan ham boshqacharoq tuzilishga ega. Unda Odam ato, payg‘ambarlar, to‘rt xalifa, to‘rt mazhab asoschilari, haqida qisqa maʼlumot, Chingiziylar va Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar tarixiga oid asosiy voqealar bayoni berilgan. Asarning katta qismi Mang‘itlar tarixiga bag‘ishlangan, mang‘it va yuz urug‘ining kelib chiqishi bilan bog‘liq maʼlumotlar ham ilova qilingan. Ushbu qo‘lyozma boshqa nusxalarga qaraganda ancha kech, yaʼni XX asr boshida ko‘chirilgan. “Zikri taaddudi podshohoni o‘zbak”. Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq Qo‘lyozmalari institutida saqlanayotgan mazkur nusxa XVI asrda Sulton Muhammad Darvish Muhammad al-Mufti al-Balxiy tomonidan yozilgan “Majmaʼ ul-g‘aroyib” asari tarkibidan o‘rin olgan . Mazkur asarning turli fondlarda ko‘plab nusxalari mavjud bo‘lsa-da, biroq Muʼinning asari matni ular orasida faqatgina Sankt-Peterburgdagi V1007 raqamli nusxasida uchraydi. Asarning Sankt-Peterburgdagi nusxasining «Majmaʼ ul-g‘aroyib” tarkibida uchratilgani va Sankt-Peterburg hamda Toshkent nusxalari so‘ngidagi to‘rtlik sheʼr matnidagi sheʼr sababli ham ko‘pchilik tadqiqotchilar “Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak” asari aynan shu asarning bir qismi, deb xulosa chiqarganlar. Xususan, A.Vildanova asar nomidan kelib chiqib, u biror-bir yirikroq asarning bo‘limi bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelgan. “Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak”. Asarning Toshkentda saqlanayotgan qo‘lyozmasi “Dastur al-muluk” va “Tarixi Qipchoqxoniy” (qo‘lyozmada bu asar “Shayboniynoma” deb noto‘g‘ri nomlangan) bilan bir muqovaga jamlangan. “Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak” asari mazmunidan kelib chiqib, qo‘lyozmada Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasi tarixi aks etgan “Tarixi Qipchoqxoniy” asaridan so‘ng, tartib bo‘yicha uchinchi o‘ringa joylashtirilgan. “Zikri teʼdodi podshohoni o‘zbak” qo‘lyozmaning 136b-176a varaqlaridan o‘rin olgan bo‘lib, hajmi 41 varaqdan iborat. Qo‘lyozmaning oxirgi sahifasida uning hijriy 1327-yil (1909—1910) ko‘chirilgani qayd etilgan[2].