Kontent qismiga oʻtish

Zubayr ibn Avvom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zubayr ibn Avvom roziallohu anhu – toʻliq ismi Abu Abdullo az-Zubayr ibn al-Avvom ibn Xuvaylid al-Asadiy al-Qurayshiy (? −656) – sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan. Quraysh qabilasidan, Xadicha kabi bani Asad urugʻidan. Muhammad (sav)ga xolavachcha, Xadichaga esa, akaning oʻgʻli. Oishaning singlisi Asmoga uylanganligi uchun Rasuli Akramga boja hisoblanadi. 12 yoshida islomga kirgan. Oldin Habashistonga, soʻngra Madinaga koʻchgan(hijrat qilgan)lardan. Muhammad(sav)ning barcha gʻazotlarida qatnashgan. Badr jangida dushmanga birinchi boʻlib qilich solib hamla qilgan. Umar (ra) davrida Yarmuk jangida qatnashib, ikki joyidan yaralangan. Misrni fath etishda qatnashgan. Zubayr ibn Avvom roziallohu anhu badavlat boʻlib, uning bir quli, hisobsiz moli, yer va bir necha uyi boʻlgan; u xayr-ehson qilishni sevar, mol dunyosini Alloh yoʻlida sarflagan. Savdogarlik bilan shugʻullangan. Xalifa Umar (ra)ning xalifalik uchun ajratgan 6 kishilik maslahat ashobidan edi. Usmon roziallohu anhu xalifaligi davrida chiqqan ixtiloflarga qoʻshilgan. Jamal jangida Ali roziallohu anhuga qarshi chiqqan, soʻngra afsus chekib, orqaga qaytgan. Biroq qaytishda bir daraxt tagida uxlab yotganida oʻldirilgan. Qotil Ibn Jurmuz Zubayr roziallohu anhuning boshini Aliroziallohu anhuga olib borgan. Mukofot kutgan qotilga Ali roziallohu anhu paygʻambarimizning „Zubayr qotiliga jahannamga kirishini xabar beringiz“, mazmunidagi hadislarini oʻqib bergan. Zubayr ibn Avvom roziallohu anhu paygʻambarimizdan 38 hadis rivoyat qilgan.