Abad (Islom dinida)
Abad أبد
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abad (arabcha, soʻngi yoʻq, mangulik, tasavvuf) – cheksizlik, davomiylik, nihoyasizlik, soʻngi yoʻq zamon, biroq ibtidosi bor vaqt oʻlchovi. Abad azalning davomi. Azalning ibtidosi yoʻq, biroq intihosi boʻlishi mumkin. Azal-abad esa, ibtidosi ham, intihosi ham yoʻq cheksizlikdan iborat. Abad istilohi diniy va dunyoviy talqinda qoʻllanadi. Dunyoviy talqinda vaqt yoki zamonning doimiyligi, cheksizligini anglatadi.
Ishlatilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tasavvufiy maʼnoda abad shunday muddatki, uning nihoyasini inson aqli tasavvur qila olmaydi. Abad nihoyasizlikka qarab, yagona Yaratuvchining mavjud va doimo harakatda boʻlishi, nihoyasiz mavjudlikdir. Ayni tushuntirish Sayyid Sharif Jurjoniyning "At-Taʼrӣfāt" asarida keladi. Eron tasavvuf olimi Sayyid Jaʼfar Sajjodiy „Irfoniy istilohlar va iboralar lugʻati“da[1] mazkur taʼrifni kengroq tushuntirgan. Ibn Sino zamonning cheksiz davomini abad deb anglatgan boʻlsa, al-Kindiy asarlarida oʻzining davom etishi uchun boshqaga muhtoj boʻlmagan va borligʻi sababga bogʻlanmagan doimiylik, deb taʼriflangan. At-Tusiyning talqiniga koʻra, abad Allohdan boshqa narsa va hodisalarga ham qoʻllanishi mumkin, biroq abad va azal deb Allohdan boshqalarga nisbat berilmaydi.
Abadga tasavvuf falsafasida Yaratuvchining sifatlari tarzida ham qaraladi. Qaysariy "Kashshāf istilāhāt al-funӯn" („Fan istilohlarining kashf etilishi“) asarida ushbu fikrni davom ettirib, abadning azaliyligi va azalning abadiyligini taʼriflaydi. Uningcha, azal va abad Allohning ikki sifati boʻlib, uning mavjudligi zaruriyati (vojibul-mavjud) inson aqli orqali tushunilishi uchun zamonga nisbat berilgan. Navoiy asarlarida ham abad Allohning doimiy mavjudligi hamda nihoyasizlik, soʻnggi yoʻq zamon maʼnolarida qoʻllanilgan:
Zihi nihoyating oxir kelib abad avval,
Vale xabar bera olmay bidoyatingʻa azal.
(Navoiy. Navodir ush-shabob. IV, 368-gʻazal)
Har kishiga umrida bu navʼ bir
kun bersa dast,
To abad gʻam yoʻq agar boʻlsa
yana yo boʻlmasa.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 24-gʻazal)
Hayotingiz zuloli abadgʻa degincha joriy va davlatingiz quyoshi qiyomatgʻacha zavol kasofatidin oriy boʻlsun, omin.
(Navoiy. Munshaot. 138-maktub)
~ nuqtasi - goʻzallikning doimiy va oʻzgarmas belgisi (ayrim hollarda yagona bir dona xol):
Ey safhai ruxsoring azal
xuttidin insho,
Debochai husnungda abad
nuqtasi tugʻro.
(Navoiy. Gʻaroyib us-sigʻar. III, 23-gʻazal)
~ umri – tuganmas, boqiy umr:
Koʻyida oʻlsam, abad umricha bor
bu umr agar,
Qilmasa xorij tanimni,
itlariga sudratib.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 41-gʻazal)
Ey, Navoiy, gar nasibingdur
abad umri kerak
Xotiringda yordin oʻzga
tamanno boʻlmasa.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 15-gʻazal)
~ hayoti – tuganmas, mangu hayot:
Abad hayoti kabi vasligʻa
yetishkuncha,
Firoq mahlakasi ichra umr
omon bermas[2].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- (Navoiy. Badoyeʼ ul-vasat. V, 245-gʻazal). Alisher Navoiy. MAT. – T.: „Fan“, 1991. 18–22;
- Falsafa. Qomusiy lugʻat. – T.: Sharq NMAK, 2004. 5–6;
- ANATIL. – T.: „Fan“, 1983. I, 21; OʻzME. – T.: 2000. I, 13.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sayyid Ja’far Sajjodiy. Farhangi istilohot va ta’birot irfoniy. – Tehron: 1438;.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |