Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy
Abu-l-Hasan Abdulg‘ofir ibn Ismoil ibn Abdulg‘ofir ibn Muhammad ibn Abdulg‘ofir ibn al-Hofiz Abu Abdulloh ibn Shayx al-Kabir Abu-l-Husayn al-Forisiy an-Naysoburiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1059-yil (hijriy 451-yil) |
Vafoti |
milodiy 1135-yil (hijriy 529-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | shofeʼiy faqihi, muhaddis |
Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy — عبد الغافر بن إسماعيل النيسابوري — Abu-l-Hasan Abdulg‘ofir ibn Ismoil ibn Abdulg‘ofir ibn Muhammad ibn Abdulg‘ofir ibn al-Hofiz Abu Abdulloh ibn Shayx al-Kabir Abu-l-Husayn al-Forisiy an-Naysoburiy, 451/1059 — Nishopur — 529/1135) — shofeʼiy faqihi, muhaddis.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘z zamonasining imom-peshvolaridan sanalgan Abdulg‘ofir ibn Ismoil an-Naysoburiy fasohat, balog‘at, qiroat va hadis olimi, shuningdek, faqih va taniqli adib ham bo‘lgan.
Muhaddislar oilasiga mansub bo‘lib, ilk hadis ustozlari — otasi Ismoil, al-Qushayriyning qizi bo‘lgan onasi Ummaturrahim, ona tarafidan bobosi Imom al-Qushayriy va buvisi Fotima bint Abu Ali az-Zahhoklardir. Tafsir va usul al-fiqh darslarini tog‘alari Abu Saʼd Abdulloh va Abu Saʼid Abdulvohiddan tahsil olgan. Ota tomonidan bobosi Abdulg‘ofur ibn Muhammad ham o‘z davrining peshvo muhaddislaridan bo‘lgan.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy ilm talabida dunyo kezib, Gʻazna, Hindiston, Xorazm yurtlariga safar qilgan. Bag‘dodda Abu Muhammad al-Javhariy va boshqalardan, Nishopurda Abu Saʼd al-Kanjaruziy va Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan ibn Ali at-Tabariylardan taʼlim olib, hadis rivoyat qilish uchun ijozaga erishgan. Bobosi Abu-l-Qosim al-Qushayriy, Ahmad ibn Mansur al-Mag‘ribiy, Ahmad ibn Abdurrahim al-Ismoiliy, Ahmad ibn al-Hasan al-Azhariy, Fazl ibn Muhib, Abu Nasr Abdurrahmon ibn Ali at-Tojir, Muhammad ibn Abdulloh as-Sarrom, Abdulhamid ibn Abdurrahmon al-Buhayriy va boshqalardan hadis tinglagan.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy Imom al-Haramayn Abu-l-Maʼoliy Abdulmalik al-Juvayniydan to‘rt yil fiqh va xilof ilmini o‘rganib, mazhab ilmida peshqadamlardan bo‘lib yetishgan. Nishopur xatibligini boshqargan. Ko‘p yillar davomida Masjidi Aqilda dushanba kunlari asr namozidan so‘ng talabalarga hadis yozdirgan. Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiydan Abu-l-Qosim ibn Asokir, Abu Saʼd as-Sam’oniy va Abu-l-Alo al-Hamadoniylar rivoyat qilgan bo‘lib, undan hadis rivoyat qilgan oxirgi shaxs — Abu Saʼd Abdulloh ibn Umar as-Saffordir.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Kitāb al-arbaʼӣn“ Qirq hadisni o‘z ichiga olgan mazkur risola Berlin kutubxonasida (inv. raqam 1463) saqlanadi.
- „Majmaʼ al-g‘arāib va manbaʼ ar-rag‘āib“. 527/1133-yilda yozib tugatilgan asar, hadislardagi g‘arib kalimalar izohiga bag‘ishlangan. Sulaymoniya (Ayo Sofiya, inv. raqam 4758, 304 varaq) va Murod Mulla (Damadzoda, inv. raqam 574) kutubxonalarida saqlanadi.
- „As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr“. Asarda Hokim an-Naysoburiyning „Tarӣx Naysābӯr“ nomli asarida berilgan Nishopur tarixiga oid maʼlumotlar 510/1116-yilgacha kengaytirilgan. Asarga Ibrohim ibn Muhammad as-Sarifiniy (vafoti: 641/1243-yil) tomonidan „Al-Muntaxab min kitāb as-siyāq li-tarӣx Naysābӯr“ nomi ostida yozilgan xulosaning yagona nusxasi Ko‘prulu kutubxonasida (inv. raqam 1152, 145 varaq) saqlanadi. Ushbu nusxa Richard Nelson Fray (Richard N. Frye) (1965) va Muhammad Kozim al-Mahmudiy tomonidan nashr etilgan.
- „Mufhil li-sharh Sahӣh al-Muslim“. „Sahӣh Muslim“dagi nodir kalimalar izohlangan ushbu asar nusxalari topilmagan.
- „Hadiyya al-’ārifӣn“da Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiyning „Tanqih al-manāzir li-uli-l-absār va-l-basāir“ va „Ravza al-fāiqӣn“ nomli yana ikki asari mavjudligi aytiladi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn Kasir olim nomini 551-yilda vafot etganlar orasida zikr etib, xatoga yo‘l qo‘ygan. Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy 1135-yil (hijriy 529-yil)da Nishopurda vafot etgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Xallikon. Vafayāt. — Bayrut: 1968-72. III, 225;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Bayrut-Lubnan: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“, 1998. IV, 49;
- As-Subkiy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya al-kubrā. 1994. VII, 172;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1986. VI, 152;
- Al-Asnaviy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya. — Riyoz: 1981. II, 275-276;
- Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Bayrut: 1981. XII, 235;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. V, 267;
- M.Yaşar Kandemir. „Abdülgāfir yel-Fârisî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 203-204;
- Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. 52.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |