Kontent qismiga oʻtish

Abdulhay Tojiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulhay Tojiyev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1899-yil
Toshkent
Vafoti 1938-yil
Moskva
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • jurnalist

Abdulhay Tojiyev (1899-yilda tugʻilgan) – oʻzbekistonlik jamoat arbobi va jurnalist.

Hayoti va mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulhay Tojiyev 1899-yil dekabr oyida oʻqituvchi oilasida tavallud topgan. 1907-yil otasi Toji Xoʻjayev vafotidan soʻng mahalla masjidi qoshidagi 3 yillik rus-tuzem maktabida, soʻngra Munavvarqori Abdurashidxonovning jadid maktabida tahsil olgan.

1914—1917-yillar mobaynida turli korxonalar va qurilishlarda oddiy ishchi vazifasida ishlagan. 1919-yilda Vatan maktabi qoshidagi „Izchilar“ teatr truppasi aʼzosi boʻlgan. 1923—1925-yillar davomida Moskvadagi Sverdlov nomidagi komuniversitetni oʻqib tamomlagan. 1920—1921-yillarda Toshkent Eski shahar firqa boʻlimi tashviqot va targʻibot boʻlimi mudiri, 1921—1922-yillardav Sirdaryo muzofot firqa kotibi boʻlib faoliyat yuritgan[1].

1923-yilning iyun-iyul oylarida „Darxon“ gazetasining mas’ul muxarriri, 1923—1924-yillarda esa „Turkiston“ gazetasi mas’ul muharriri boʻlib ishlagan. 1925—1926-yillarda Toshkent muzofot firqa qoʻmitasi mas’ul kotibi, 1927—1928-yillar oraligʻida esa Oʻzbekiston K(b)P Markazqoʻm instruktori, tashviqot va targʻibot boʻlimi mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 1929-yilda Oʻzbekiston davlat nashriyoti pravleniyasi aʼzosi va „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi muharriri, 1929-yildan 1935-yilgacha Butunittifoq Sovetlari MIQ Millatlar Soveti kotibi hamda 1937-yilgacha Toshkent shahar Soveti raisi va Oʻzbekiston MIQ raisi oʻrinbosari vazifasida faoliyat yuritgan[2].

Abdulhay Tojiyev 1937-yil 3-avgustda "Milliy ittihod* tashkilotiga faol aʼzolikda ayblanib qamoqqa olingan va 1938-yil 27-aprelda oliy jazo, otuvga hukm qilingan va jazo shu kunning oʻzidayoq ijro etilgan[3].

Ilmiy-adabiy meʼrosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulhay Tojiyev firqa va davlat arbobi sifatida Turkiston va Oʻzbekistonning iqtisodiy-madaniy rivojlanishiga, siyosiy mustaqilligiga eʼtibor qaratgan. Matbuotda publisistika sohasida qalam yuritib, oʻtkir va dolzarb mavzularda ijod qilgan. Mamlakat va dunyo miqyosidagi sodir boʻlayotgan voqealarga xushyor munosabat bildirib kelgan. Ayniqsa, shoʻrolar hukumatining Turkiston va Oʻzbekistonda olib borilayotgan ikki yuzlama siyosatidan norozi boʻlgan.

Oʻzining amaliy va jurnalistik faoliyatida Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy manfaatini yuksak qoʻygan. 1918—1919-yillarda Fargʻona vodiysida „hunar koʻrsatgan“ jazo ekspeditsiyasi faoliyatini salbiy baholagan. Maskov yosh respeblika oldiga qatorlashtirgan muammolarni, bu muammolarning oʻzbek xalqi taraqqiyoti uchun xizmat qilmasligini dadil koʻrsatgan. Abdulhay Tojiyev „Ishtirokiyun“, „Qizil bayroq“, „Darxon“, „Turkiston“, „Qizil Oʻzbekiston“ gazetalarida 40 ga yaqin maqolalarni chop ettirgan.

  1. „АбдулхайТАДЖИЕВ Абдулхай“. centrasia.org. Qaraldi: 6-sentyabr 2024-yil.
  2. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  3. „ABDULHAY TOJIYEV“. jadid-media.uz. Qaraldi: 21-avgust 2024-yil.