Kontent qismiga oʻtish

Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Munavvarqori Abdurashidxonovdan yoʻnaltirildi)
Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli
Tavalludi 4-noyabr 1878-yil
Vafoti 23-aprel 1931-yil(1931-04-23)
(52 yoshda)
Moskva
Fuqaroligi Oʻzbekiston va Rossiya Imperiyasi
Mukofotlari

Munavvarqori, Abdurashidxonov Munavvar qori (1878, Toshkent — 1931.23.4, Moskva) — Oʻrta Osiyo jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, XX asr oʻzbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib va shoir.

'Munavvarqorining fikrlari

Toshkent shahrining Shayxontohur dahasidagi Darxon mahallasida ziyoli oilada tugʻilgan. Otasi Abdurashidxon Sotiboldixon oʻgʻli mudarris, onasi Xosiyat otin Xonxoʻja Shorahimxoʻja mudarris qizi otinoyi boʻlgan. U oilada uchinchi oʻgʻil boʻlgan. Munavarqori ilk saboqni ota-onasidan, mahalla maktabidan olib savodini chiqardi[1]. Shuningdek, katta akalari Aʼzamxon (1872—1919) va Muslimxon (1875—1954) ham unga muallimlik qilishgan.

Otasidan yosh yetim qolgani tufayli dastlabki taʼlim-tarbiyani onasidan olgan. Soʻng oʻz davrining mashhur oʻqituvchisi Usmon domladan ilmi qiroat va tajvidni oʻrganib, hofizi Qurʼon boʻlgan. Toshkentdagi Yunusxon madrasasida oʻqigan[1]. 1885—1890-yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan, ammo tahsilni oxiriga yetkazmay, Toshkentga qaytib, imomlik va muallimlik bilan shugʻullangan. Eshonquli dodxoh madrasasidatahsilni davom ettirgan.

Ilmiy-siyosiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1901-yilda usuli jadid maktabini ochgan va shu maktablar uchun maxsus oʻquv dasturini tuzgan, darsliklar yozgan. 1903-yildan jadid maktablari ochib, dars bergan. Shunday maktablar uchun tovush usulida yozgan „Adibi avval“ („Birinchi adib“, 1907) alifbe kitobi, „Adibi soniy“ („Ikkinchi adib“, 1907). Unda „Himmatli faqir“ sheʼri keltirilgan) oʻqish kitoblari bir necha bor nashr qilingan[1]. 1904-yildan ijtimoiy siyosiy, madaniy hayotga aralasha boshlagan. 1906-yildan „Oʻrta Osiyoning umrguzorligi, taraqqiy“, "Taraqqiy" gazetalarida adabiy xodim. Shu yili noshir va muharrir sifatida "Xurshid" gazetasini tashkil etgan. 1908-yil uning „Sabzazor“ (toʻplam), „Yer yuzi“ (geografiyadan), „Tajvidal Qur’on“ (Quronni oʻqish usulini oʻrgatgan) kitoblari ham bosilib, yangi usuldagi maktablarda darslik sifatida qoʻllangan[1]. "Shuhrat" (1907), „Tujjor“ (1907), "Osiyo" (1908) gazetalarini gʻoyaviy boshqargan va adabiy xodim vazifasini bajargan. Soʻng "Sadoyi Turkiston" (1914—1915) gazetada masʼul muharrir muovini, "Al-isloh" jurnali (1915—1917)da maxfiy muharrir, "Najot" va "Kengash" (1917) gazetalarida masʼul muharrir.

Munavvarqori ibn Abdurashidxon turli jamiyat va uyushmalar tashkilotchisi. U „Jamiyati Imdodiya“ (1909), „Turon“ (1913), „Turkiston kutubxonasi“ (1914), „Umid“ (1914), „Maktab“ (1914), „Koʻmak“ (1921) jamiyat, tashkilot, shirkat va uyushmalarida muassis, muovin, rais, aʼzo. Shoʻrolar hukumati davrida Xalq dorilfununi shoʻrosining raisi, Turkiston Maorif xalq komissarligi turk shuʼbasining ish yurituvchisi (1918), Toshkent shahri maorif noziri, Sharq xalqlari syezdi (1920, Boku) delegat va hayʼati aʼzosi. BXSR Maorif nozirligi vaqf boʻlimi boshligʻi (1920—1921), Toshkent shahri ijtimoiy tarbiya boʻlimi mudiri (1921), Akademmarkaz raisi (1922), Navoiy nomidagi maktab, Narimonov nomidagi pedagogika texnikumi, ayollar pedagogika institutida muallim (1923—1925), Samarqand shahri muzeyida ilmiy xodim, Oʻzbekiston osori-atiqalarni saqlash qoʻmitasining Toshkent-Fargʻona boʻlimida masʼul kotib (1927—1928).

Munavvarqori ibn Abdurashidxon bir qancha darslik muallifidir.

Uning chop etilgan darsliklari:

[tahrir | manbasini tahrirlash]

4 qismdan iborat „Oʻzbekcha til saboqligi“ (Shorasul Zunnun va Qayum Ramazon bilan birga, 1925—1926, 4-qismi musodara qilingan) darsliklari bir necha marta chop etilgan.

1914-yilda taraqqiyparvar oʻzbek shoirlarining sheʼrlarini jamlab, „Sabzavor“ nomi bilan sheʼriy toʻplam nashr etgan.

Munavvarqori ibn Abdurashidxon ijtimoiy-pedagogik faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shugʻullangan. Uning ixcham hikoyalari, talaygina sheʼrlari oʻsha davrdagi matbuot va oʻzi tuzgan hamda yozgan darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, u oʻtkir publitsist adib sifatida tanilgan. Misralarida inson va jamiyat, din va dindorlik, axloq, mustamlakachilik va hurriyat, ziyolilik, uyushma, tashkilot, davlat idorasi masalalariga alohida eʼtibor qaratgan.

Munavvarqori ibn Abdurashidxon oʻz faoliyati davomida pedagogik, matbuotchilik, muharrirlik, adiblik bilan cheklanmay, jiddiy siyosiy faoliyat ham olib borgan, shu sababli mustamlaka hukumati tomonidan bir necha bor hibs qilingan.

Yevropa savdo-sanoat, ilm-fanini oʻrganishga chaqirgan, maʼnaviy qoloqlikni qoralagan. Chor va shoʻro hukumatlari olib borgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi izchil kurash olib borgan. Shoʻroyi Islom" tashkilotining ideologi, rahbari, shuningdek, „Turk adam markaziyat“, „Ittihod va taraqqiyot“, "Milliy ittihod", „Nashri maorif“ kabi jamiyat, firqa va tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qilgan. U vijdon erkinligini inkor etmagan dunyoviy demokratik davlat tarafdori boʻlgan. Shu sababli Qoʻqon shahrida tashkil topgan Turkiston muxtoriyatini (1917) qoʻllab-quvvatlagan. Umr boʻyi oʻz Vatanini mustaqil koʻrishni istagan[2].

Munavvarqori 1929-yil 6-noyabrda nohaq millatchilikda ayblanib, qamoqqa olinadi. Moskva shahridagi Butirka qamoqxonasida qatl qilingan va Vagankova qabristoniga dafn etilgan. 1991-yilda rasman reablitatsiya qilingan[3][4][5].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931)“. ziyouz.com. Qaraldi: 2023-yil 26-avgust.
  2. Ziyo Sayd, Tanlangan asarlar, T., 1974; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Markaziy Osiyo XX asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustamlakachilik uchun kurash, T., 2001.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. Sirojiddin Ahmad. Munavarqori. Esse. „Sharq yulduzi“ jurnali, 1992, 5-son
  5. Xolboev S. Munavvarqori. „Fan va turmush“, 1991, 4-son.