Abdulkarim al-Xorazmiy
Abdulkarim al-Xorazmiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan XV asr |
Vafoti | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | xattot va shoir |
Abdulkarim al-Xorazmiy (arabcha: عبد الكريم الخوارزمي) – xattot va shoir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Asli eronlik. Nastaʼliq xatining ilk ustozlaridan sanalgan Abdurrahmon al-Xorazmiyning oʻgʻli, xattot va shoir Abdurrahim al-Xorazmiyning ukasi. Sherozda tugʻilgani va hayotining aksariyat qismini oʻsha yerda kechirgani zikr qilinadi. Xattotlikni otasidan oʻrgangan va uning uslubini davom ettirgan. Oqquyunlik Sulton Yaʼqubning Tabrizdagi saroyida xattotlik qilgani tufayli „al-Yaʼqubiy“ nisbasi bilan ham zikr qilinadi. Baʼzi asarlarida ushbu nom bilan imzo chekkan. Akasi Abdurrahim ham ayni sabablar bilan „al-Yaʼqubiy“ nisbasini qoʻllagan. Biroq ikki aka-uka Sulton Yaʼqubga taqdim etgan bir muraqqaʼlarida Abdulkarim „al-Xorazmiy“, Abdurrahim esa, „al-Yaʼqubiy“ imzolarini qoʻllaganlari maʼlum. Zero, Abdulkarim al-Xorazmiy koʻproq „al-Xorazmiy“ nisbasi bilan tanilgan. U darbadarlikda hayot kechirgan va ruhiy zoʻriqish sababli asarlariga „Podshoh“, „Hudo“, „Zurafo“ kabi imzolarni ham qoʻllagan.
Abdulkarim al-Xorazmiy va akasi nastaʼliq xatini otalarining uslubida yozganlari bois, yozuvlar imzosiz boʻlganda ularni bir-biridan ajratish mushkul boʻlgan. Ushbu uslubning asosiy xarakterini tik harflarni uzun, yotiq harflarning kengroq tarzda yozilishi bilan ifodalash mumkin.
Mustaqimzoda Sulaymon Saʼduddin Afandining (vafoti: hijriy 1202, milodiy 1788-yil) „Tuhfai xattotiyn“ asarida qayd qilinishicha, Abdulkarim al-Xorazmiy boshqa yozuv turlarida ham mohir boʻlgan, koʻp yozishni yoqtirmagan, uzoq vaqt tanaffusdan soʻng yozganlariga tuzatish kiritishga hojat sezmas edi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulkarim al-Xorazmiyning qalamidan chiqqan asarlarning koʻpi Istanbul, shuningdek, Tehron va Sankt-Peterburg qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda. Bular orasida Tehron Majlisi shoʻroyi milliy kutubxonasida saqlanayotgan „Holnomai Orifiy“ va „Rushanoiynoma“ asarlari 883-yil (milodiy 1478) sanasi bilan qayd qilingan hamda ular Abdulkarim al-Xorazmiy koʻchirgan asarlarning eng oxirgilaridan, deb eʼtirof etilmoqda.
Abdulkarim al-Xorazmiyning sheʼriyat bilan ham shugʻullangani maʼlum boʻlsa-da, hozirgacha uning „Devon“i topilmagan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mustaqimzoda. Tuhfai xattotiyn (Ibn al-Amin Mahmud Kamol nashri). – Istanbul: 1928. 677;
- Qozi Ahmad Qummiy. Gulistoni hunar. – Tehron: 1352/1934. 58;
- Ali Alparslan. „Abdülkerîm-i Hârizmî“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 251-252.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |