Abdulloh Zuhdiy Afandi
Abdulloh Zuhdiy Afandi | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1836-yil |
Vafoti |
milodiy 1879-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | xattot |
Abdulloh Zuhdiy Afandi (arabcha: عبد الله زهدی افندی — Abdulloh Zuhdiy (Afandi) ibn Abdulqodir Afandi Nablusiy) — xattot.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh Zuhdiy Afandi 1836-yilda Falastindagi Nablus shahrida tug‘ilgan. Yoshligida oilasi bilan Istanbulga ko‘chib borishgan. O‘z tahsili va ilmiy ijodini aynan shu yerda boshlagan. Masjid an-Nabaviyning yozuvlarini yozgan usmoniy xattot. Sahoba Tamim ad-Doriyning avlodiga mansub ekanini o‘z imzolarida ham qayd etgan. Avval Ayyubiy Rashid Afandidan (vafoti: 1875-yil) kitobatdan taʼlim olgan. Asl ustozi Qoziaskar (harbiy qozi) Mustafo Izzat Afandi bo‘lgan. Abdulloh Zuhdiy Afandi undan olgan taʼlimi natijasida suls va nasx yozuvlarini eng mukammal kitobat qiluvchilardan biri bo‘lib yetishadi. U Nuri usmoniyya jome masjididagi yozuv mashqxonasida va Muhandisxonai Barri Humoyunda kitobat va rasm chizish bo‘yicha ustozlik qiladi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh Zuhdiy Afandi keyinchalik Misrda yashagan va unga „Misr xattoti“ unvoni berilgan. U yerda banknot shakllari va rasmiy doiralar uchun turli yozuvlarni yozgan. Abdulloh Zuhdiy Afandi umrining so‘nggi kunlarini maktablardagi yozuv darslarini nazorat qilish bilan o‘tkazadi. XIX asrda kitobat sanʼatining Misrda yoyilishida Abdulloh Zuhdiy Afandining xizmatlari katta.
Xattotlik sanʼatida mohir, xususan, jaliy xat namunasini boshqa xattotlardan ko‘ra yaxshiroq bilgan xattot Sulton Abdulmajid Abdulloh Zuhdiy Afandini Madinada Masjid an-Nabaviyning yozuvlarini yozishga maʼmur etadi. U uzoq yillar Madinada qolib, Masjid an-Nabaviyning qubbalari va devorlariga Qur’on oyatlarini jaliy-suls yozuvida kitobat qiladi. Hozirgacha saqlangan bu yozuvlar uzunligi bo‘yicha boshqa jaliy-suls yozuvida bitilgan namunalarni ortda qoldiradi. Abdulloh Zuhdiy Afandi ham xattot, ham rassom ekanligidan jaliy-suls yozuvining murakkab unsurlariga katta ahamiyat bergan. U o‘z uslubida sanʼatkorona shakllarni ham kashf etgan. Ammo harflarning murakkabligi (yaʼni, harflarning ustma-ust mindirilish qoidalari)ga rioya qilmagani uchun, u yozgan oyatlar qiyinchilik bilan o‘qiladi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh Zuhdiy Afandi 1879-yilda Qohirada 43 yoshida vafot etgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- İbnülemin. Son Hattatlar. — İstanbul: 1970. 15-19;
- M. Uğur Derman. „Abdullah Zühdi Efendi“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 147.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |