Abdulloh al-Bagʻaviy
Abu Muhammad al-Husayn ibn Mas’ud ibn Muhammad al-Farro al-Bag‘aviy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1042-yil (hijriy 433-yil) |
Vafoti | milodiy 1122-yil (hijriy 516-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faqih, muhaddis va mufassir |
Abdulloh al-Bagʻaviy (arabcha: عبد الله البغوي — Abu Muhammad al-Husayn ibn Mas’ud ibn Muhammad al-Farro al-Bag‘aviy) — faqih, muhaddis va mufassir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]"Muhyi as-sunna", "imom" va "shayxul-islom" nomlari bilan eʼtirof etilgan. "Farro" nomi mo‘yna bilan shug‘ullanuvchilarga, „al-Bag‘aviy“ nisbasi esa, Marv va Hirot oralig‘ida joylashgan Xurosonning Bag‘shur (Bag‘) shahriga nisbatan ishlatilgan.
Abdulloh al-Bag‘aviyning tavallud sanasi sifatida Yoqut al-Hamaviy "Mu’jam al-buldān"da 433/1042-yillarni, az-Zirikliy esa 436/1045-yillarni ko‘rsatganlar.
Abdulloh al-Bagʻaviy ahli sunna val-jamoa eʼtiqodida, shofeʼiy mazhabida bo‘lgan.
Ilm talabida Xurosonning turli hududlariga safar qilgan. Shofeʼiy faqihlaridan bo‘lish bilan birga, u muhaddis va mufassirlar qatoridan ham joy olgan, "dinning ustuni", "sunnatni tiriltiruvchi" unvonlariga sazovor bo‘lgan.
Abdulloh al-Bagʻaviy nihoyatda taqvodor, sabrli, kamtarona hayot kechirgan, zohid inson bo‘lgan.
Tojuddin as-Subkiy olimni shunday taʼriflaydi: „Al-Bag‘aviy ulug‘ imom, taqvodor, faqih, ilm bilan amalni jamlagan obid, mufassir va muhaddis olimdir“.
Hoji Xalifa "Kashf az-zunӯn"da Abdulloh al-Bagʻaviy qalamiga mansub tafsir haqida: „Besh yuz o‘n oltinchi yilda vafot etgan Imom al-Husayn ibn Mas’ud al-Bag‘aviyning “Maʼālim at-tanzӣl" asari o‘rtacha tafsirlardan bo‘lib, ulug‘ sahobalar, tobeʼinlar va keyingi davr ulamolaridan naql qilingan. Uni 805-yilda vafot etgan ash-Shayx Tojuddin Abu Nasr Abdulvahhob ibn Muhammad al-Husayn muxtasar qilgan", deb zikr qilgan.
Al-Xozin o‘zining tafsiri muqaddimasida shunday yozadi: „Al-Husayn ibn Mas’ud al-Bag‘aviyning tafsiri shu ilm sohasidagi shubhadan holi, rost so‘zlarni jamlagan, shariat ahkomlari bayon etilgan, ajoyib xabarlar va qissalar bilan o‘ralgan bebaho kitoblardandir“.
Ustozlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Ali al-Hasan ibn Muhammad ibn Ahmad al-Marvaziy, Abu Amr Abdulvohid ibn Ahmad ibn Abu-l-Qosim al-Hiraviy, Abu-l-Hasan Ali ibn Yusuf al-Juvayniy, Abu Bakr Ya’qub ibn Ahmad an-Naysoburiy, Abu Ali Hasson ibn Sa’id al-Munay’iy, Abu Bakr Muhammad ibn Abdussamad at-Turobiy al-Marvaziy, Xuroson shayxi nomi bilan tanilgan Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Abdulmalik ibn Talha an-Naysoburiy al-Qurashiy, Abu Solih Ahmad ibn Abdulmalik ibn Ali an-Naysoburiy, Abu Turob Abdulboqiy ibn Yusuf ibn Ali al-Marog‘iy ash-Shofe’iy, Umar ibn Abdulaziz al-Fashshoniy, Abu-l-Hasan Muhammad ibn Muhammad ash-Shurayziy, Abu Sa’d Ahmad ibn Muhammad ibn al-Abbos al-Xatib al-Humaydiy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdussamad ibn Ahmad ibn Muso al-Javzoniy, Abu Ja’far Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Muallim at-Tusiy, Abu Tohir Muhammad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ali az-Zarrod, Abu Bakr Ahmad ibn Abu Nasr al-Ko‘foniy, Abu Mansur Muhammad ibn Abdulmalik al-Muzaffariy as-Saraxsiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn al-Fazl ibn Jaʼfar al-Xiraqiy, Abu-l-Hasan Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muzaffar ad-Dovudiy, Abu-l-Hasan Ali ibn al-Husayn ibn al-Hasan al-Qurayniniylar Abdulloh al-Bagʻaviyning ustozlari hisoblanadi.
Shogirdlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘z navbatida, olim bir qator shogirdlar ham yetishtirgan bo‘lib, ular qatorida Abu Mansur Muhammad ibn As’ad ibn Muhammad (vafoti: 571/1175-yil), muhaddis Abu-l-Futuh Muhammad ibn Muhammad ibn Ali at-Toiy al-Hamazoniy (vafoti: 555/1160-yil), Abu-l-Makorim Fazlulloh ibn Muhammad an-Navqoniylarni sanash mumkin.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- "Maʼālim at-tanzӣl fi-t-tafsӣr";
- "Sharh as-sunna";
- "Masābӣh";
- "Jam’ bayna sahӣhayn";
- "Anvār fӣ shamāil al-muxtār";
- "Arbaʼӣn hadӣs";
- "Majmu’a al-fatāvā";
- "Tahzӣb fi-l-fiqh" va boshqalar[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |