Abdulloh ibn Abu Umayya
Abdulloh ibn Abu Umayya | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 629–630-yil (hijriy 8-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn Abu Umayya (arabcha: عبد الله بن أبي أمية – Abdulloh ibn Ubu Umayya ibn al-Mugʻiyra al-Maxzumiy) – sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Paygʻambarning ammalari Otikaning oʻgʻli, ayollari Ummu Salamaning ota bir ukasi boʻlgan. Abdulloh ibn Abu Umayya Islomning ilk davrida musulmonlarning ashaddiy dushmanlaridan biri edi. Islomning avvalida paygʻambarning amakilari Abu Tolibdan jiyaniga Islomga daʼvat qilishini toʻxtatishi, aks holda uni himoya qilmasligini aytishini talab qilib borgan hay’at aʼzolari orasida Abdulloh ibn Abu Umayya ham boʻlgan. U paygʻambarni Islom daʼvatidan voz kechirish maqsadida tashkil qilingan majlisda, „Isro“ surasining 93-oyatida ishorasi kelgan, yaʼni paygʻambar osmonga chiqib, u yerdan kitob olib tushmagunicha unga iymon keltirmasliklarini aytgan orasida ham boʻlgan. Ayrim rivoyatlarda Abdulloh ibn Abu Umayya musulmon muhojirlarni ortga qaytarish uchun Habashistonga borgan elchilar orasida ham boʻlgani aytiladi. Paygʻambar oʻlim toʻshagida yotgan Abu Tolibga iymon keltirishini taklif qilganida, Abdulloh ibn Abu Umayya unga qarshi chiqqan va Abu Tolibga dinidan qaytmasligi uchun bosim oʻtkazgan. Uhud jangi asnosida Madinada boʻlgan, u yerdan toʻgʻri Toifga borib, makkaliklarga urush haqida maʼlumot bergan.
Musulmonlikni qabul qilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Abu Umayyaning Islomga dushmanligi Makka fathiga qadar davom etgan. Fathdan oldin Abu Sufyon bilan birga Madinaga borishga qaror qilgan. Ummu Salamaning iltimosiga binoan, paygʻambar ularni qabul qilgan va ular musulmon boʻlganlar. Abdulloh ibn Abu Umayya Makka fathi va Hunayn jangida qatnashgan. Bu jangda Islomning ashaddiy dushmani va Saqiyf qabilasining raisi boʻlgan Usmon ibn Abdullohni oʻldirgan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Abu Umayya 629–630-yillar (hijriy 8-yil)da Toif qamali paytida shahid boʻlgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. – Bayrut: 1968. I, 122; II, 158;
- At-Tabariy. Tarӣx. – Qohira: 1960-70. III, 50-51;
- Ibn al-Asir. Usd al-gʻāba. – Qohira: 1970-73. III, 177-178;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. – Qohira: 1328. II, 277;
- Muhammed Hamidullah. Islam Peygamberı. – İstanbul: 1990. II, 521-522.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |