Kontent qismiga oʻtish

Elchi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Elchi – bir davlatning boshqa bir davlatdagi elchixonasiga rahbarlik qiluvchi diplomatik vakil. Tarixiy manbalarda bir davlat hukumati tomonidan ikkinchi davlat hukumatiga diplomatik vazifa bilan yuboriladigan doimiy yoki muvaqqat vakil elchigina emas, balki „yalavoch“, „yalafar“, „rasul“ atamalari bilan ham ifodalangan. Muxtor vakil hisoblanmish zimmasiga diplomatik aloqalar oʻrnatish, davlatlar yoxud dushman tomonlar oʻrtasida tinchlik oʻrnatish, hamkorlikdagi harakatlarga oid bitimlar tuzish, davlat boshligʻi yoki hukmdor sulola aʼzolarining vafoti munosabati bilan taʼziyalar bildirish, biron bir shodiyona bois muborakbodlar qilish kabi masʼuliyatlar yuklatilgan. Oltin Oʻrda xonligida elchining bosh vazifalari sirasiga hukumat xazinasiga tobe yurtlardan yigʻilgan oʻlponni oʻz muddatida yetkazish ham kirgan.

XI asr yozma obidasi „Qutadgʻu bilig“da elchi etib tayinlanadigan shaxsning bir qator talablarga javob berishi taʼkiddangan. Xususan, uning bilimli, zakovatli, sadoqatli, koʻzi toʻq, bosiq, uyatandishali, keng qamrovli, zehnli, dono, ziyrak, ichimlik ichmaydigan, koʻrkli, mard, shirin soʻzli boʻlishi talab etilgan. „Elchi“ atamasi ilk bor Uyuq daryosi vodiysidan topilgan qadimiy turkiy Enasoy runik bitikida qayd etilgan boʻlsa, „yalavoch“ atamasi birinchi marta Oltinkoʻl yaqinidan topilgan Enasoy yodnomasida koʻzga tashlanadi. Mazkur qadimiy turkiy bitigda 711-yilning avgust—sentabrda Tibetga Turk xoqonligidan kelgan diplomatik vakilning tashrifi xususida gap boradi.

Chingiziylar davrida elchilar darajasiga qarab oltin, kumush, choʻyan, jez va yogʻoch payza bilan taʼminlangan.

Elchi oʻz vataniga qaytishdan oldin diplomatik vakolati tugayotgan davlat boshligʻidan maxsus yorliq – ijozat qogʻozi olishi lozim hisoblangan.

Elchining oʻldirilishi yoki hibs qilinishi aksariyat diplomatik munosabatlarning keskinlashuviga, baʼzan uzilishiga olib kelgan. Jumladan, Oʻtrorda moʻgʻul E.larining Xorazmshoh tomonidan qatl qilinishi Movarounnahrning Chingizxon boshliq istilochilar tomonidan zabt etilishini tezlashtirdi.

Amir Temur va Temuriylar davrida Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdosotiq va Elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berilgan. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va E.lik aloqalari oʻrnatgan. Tashqi savdoni kengaytirishda temuriylarning turli mamlakatlar (Xitoy, Tibet va Hindiston va boshqalar) bilan olib borgan E.lik aloqalari muhim ahamiyatga ega boʻlgan;2) oliy diplomatiya darajasi – favqulodda va muxtor elchi (qarang Diplomatiya daraja va martabalari).