Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan
Abu Muhammad Abdulloh ibn Hasan
ibn Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 687-yil (hijriy 68-yil) |
Vafoti |
milodiy 762-yil (hijriy 143-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | tobeʼin |
Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan (arabcha: عبد الله بن الحسن بن الحسن — Abu Muhammad Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib,68/687, Madina — 143/762, Hoshimiyya) — tobe’in.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Al-Komil“ nomi bilan laqablangan. Masjid an-Nabaviyda Abu-z-Zinoddan dars olgan. Otasi al-Hasan ibn al-Hasan, onasi Fotima bint al-Husayn ibn Ali. U Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib, Aʼraj, Ikrima, Abu Bakr ibn Hazm va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. O‘z navbatida, undan ikki o‘g‘li Muso va Yahyo hamda Imom Molik, Imom Sufyon as-Savriylar rivoyat qilganlar.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Umaviy xalifalar Abdulloh ibn Hasan ibn Hasanga yaxshi muomalada bo‘lgan. U Umar ibn Abdulaziz nazdida katta hurmatga ega bo‘lgan. Umaviylar xalifasi Hishom ibn Abdulmalikka sodiqligini bildirish uchun Damashqqa borgan. Hokimiyat tepasiga abbosiylar kelgach, Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan Anborga borib, xalifa Abu-l-Abbos as-Saffohni ziyorat qiladi va undan hurmat-ehtirom ko‘radi. Abu Jaʼfar al-Mansur 754-yil haj qilish uchun Makkaga borganida barcha hoshimiylar sulolasi aʼzolari uni ziyorat qiladilar. Abdulloh ibn Hasan ibn Hasanning ikki o‘g‘li Muhammad va Ibrohim ziyoratga bormaydilar va bu xalifa eʼtiborini tortib, ulardan shubhalana boshlaydi. Mansur xalifa bo‘lgach, Muhammad va Ibrohimning niyatini o‘rganishga harakat qiladi va ayrim hoshimiylardan ular haqida maʼlumot yig‘adi. Alining evaralaridan bo‘lgan Hasan ibn Zayd, ayniqsa, Muhammad kelajakda abbosiylarga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida xalifani ogohlantiradi. Shu sabab Mansur Uqba ibn Salmga Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan bilan uchrashib, o‘g‘illarining asl maqsadlarini o‘rganishni buyuradi. Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan Uqbaning hiylasiga aldanib, o‘g‘illari inqilobga tayyorgarlik ko‘rishayotganini eʼtirof qiladi. Uqba o‘sha zahoti bu xabarni xalifaga yetkazadi. Xalifa 758-yil haj qilish maqsadida yana Makkaga borganida Abdulloh ibn Hasan ibn Hasanni o‘z huzuriga chaqirib, o‘ziga bo‘lgan sadoqatini sinaydi. O‘sha payt Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan xalifa huzurida Uqbani ko‘rib, chuv tushganini anglaydi va xalifadan afv so‘raydi. Biroq xalifa uni bir necha yaqin qarindoshlari bilan qamoqqa oldiradi, keyinroq 762-yilda esa, Hoshimiyyaga jo‘natadi. Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan yetmish besh yoshida qamoqda vafot etadi hamda Divoniyya (Iroq)da dafn etiladi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. V, 319; VIII, 473;
- Xalifa ibn Xayyot. At-Tabaqāt. — Damashq: 1966-67. II, 646;
- Xalifa ibn Xayyot. Tarӣx. — Damashq: 1967-68. 648;
- Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 212-213, 233;
- At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. II, 1338; III, 143, 188-189;
- Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1952-53. II, 33-34;
- Mustafa Fayda. „Abdullah b. Hasan b. Hasan“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 106.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |