Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Judʼon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh ibn Judʼon
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Ota-onasi
  • Judʼon ibn Amr (otasi)
  • Zaynab bint al-Valid ibn Musʼab (onasi)

Abdulloh ibn Judʼon (arabcha: عبد الله بن جدعان — Abu Zubayr Abdulloh ibn Jud’on ibn Amr al-Qurashiy —? - 600,?).

Johiliyat davrida mazlumlarni himoya qilgan, boyligi va saxiyligi bilan tanilgan qurayshlik. Taym ibn Murra qabilasiga mansub bo‘lib, Abu Bakr otasining amakivachchasi. Otasi — Jud’on ibn Amr, onasi — Zaynab bint al-Valid ibn Mus’ab. Abdulloh ibn Jud’on yoshligida juda bebosh bo‘lgan. Ko‘p jinoyatlar qilganligi bois otasi va qabilasini doimo diya to‘lash majburiya­tida qoldirgan. Oxir-oqibat qabilasi bilan otasi birgalikda Abdulloh ibn Jud’ondan voz kechib, ortiq uni himoya qilmasliklari, diya qarzlarini ham to‘lamasliklarini eʼlon qilishgan. Keyinchalik Abdulloh ibn Jud’on karvonlar bilan tijorat qilishni boshlagan. Asir va qullar tijorati bilan ham shug‘ullanib, katta boylikka ega bo‘lgan. Fijor urushida o‘z hisobidan yuz askarni qurollantirish bilan birga Quraysh qabilasiga qo‘mondonlik qilgan. Yoshi ulug‘lashgan sari saxiyligi ortib, ko‘plab qul va joriyalarni ozod qilgan hamda ularga yordam bergan. Mashhur sahoba Suhayb ar-Rumiy ham uning qullaridan bo‘lgan.

Abdulloh ibn Jud’onni johiliyat davrida buyuk shuhratga yetishtirgan voqea "Hilf al-­fuzӯl" ("Yordam beruvchilar shartnomasi") shartnomasidir. Payg‘ambar ham ishtirok etgan, Abdulloh ibn Jud’on va Zubayr ibn Abdulmuttaliblar imzolagan bu shartnoma aʼzolari zulmga uchraganlarning haqlari zolimlardan olinmagunicha ular bilan kurashishga qasam ichganlar. "Hilf al-fuzӯl" yordamida katta eʼtibor qozongan Abdulloh ibn Jud’on faqat makkalik­larni emas, balki Arabiston yarim­oroliga haj, umra yoki tijorat maqsadi bilan kelgan musofirlarni ham himoyasiga olar, ularning qurol va ashyolarini muhofaza qilar edi. Yana uning mehmondo‘stligi, o‘zgalarga bo‘lgan izzat-ikromi hamda hadya tarqatish kabi yuksak xislatlari Umayya ibn Abu-s-Salt boshchiligidagi shoirlarning qasidalariga mavzu bo‘lgan. Mazkur holat Abdulloh ibn Jud’onning makkalik­lar orasida ham eʼtibor qozonishiga sabab bo‘lgan. Oysha uning ushbu xislatlari tufayli oxiratda foyda ko‘rishi yoki ko‘rmasligi haqida so‘raganida, Payg‘ambar: "Yo‘q, chunki u biror marta ham „Rabbim, qiyomat kuni gunohlarimni mag‘firat qil!“ demagan", deb javob berganlar.

Abdulloh ibn Jud’onning nubuvvatdan o‘n yil avval vafot etgani taxmin qilinadi.

  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. I, 134;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. I, 127, 219; III, 226;
  3. Az-Zubayriy. Nasab Quraysh. — Qohira: 1961. 291-293;
  4. Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 175, 475, 576, 583, 604;
  5. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Qohira: 1956-60. I, 58;
  6. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. I, 102;
  7. Al-Mas’udiy. Murӯj az-zahab. — Bayrut: 1964-65. II, 286-287;
  8. Yoqut. Mu’jam. — Bayrut: 1968. II, 77;
  9. Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Qohira: 1932-39. II, 217-218;
  10. Javod Ali. Al-Mufassal fӣ tarӣx al-’arab qab­la-l-islām. — Bayrut: 1968-72. IV, 94-103;
  11. Mustafa Fayda. „Abdullah b. Cüd‘ân“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 93-94.