Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy
Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn al-Horis ibn al-Xalil al-Buxoriy as-Subazmuniy al-Kaloboziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 872-yil fevral (hijriy 258-yil) |
Vafoti |
milodiy 952-yil 9-mart (hijriy 340-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hanafiy faqihi, muhaddis, tarixchi |
Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy (arabcha: عبد الله بن محمد الكلاباذي — Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Yaʼqub ibn al-Horis ibn al-Xalil al-Buxoriy as-Subazmuniy al-Kaloboziy, 258/02.872, ? — 340/9.03.952, Buxoro) — hanafiy faqihi, muhaddis, tarixchi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy o‘z davrida hanafiy mazhabi fiqhida ko‘zga ko‘ringan faqih, hadisshunoslik, tilshunoslik va tarix ilmlari bilimdoni, sayyoh bo‘lgan. Abdulloh al-Ustoz nomi bilan tanilgan. Olim somoniylardan Ismoil ibn Ahmad saroyida faqihlik qilib, turli fiqhiy masalalarni hal qilgani bois mazkur unvonga erishgan. Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziyni as-Subazmuniy deb tug‘ilgan, al-Kaloboziy deb esa, yashagan joyiga nisbat berganlar. Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy 258-yil rabi’ul-oxir oyining boshi/872-yil fevral oyi oxirlari, chorshanba kechasi tavallud topgan bo‘lib, 340-yil 5- shavvol/952 9-mart, juma kechasi Buxoroda, 82 yoshida vafot etgan.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy o‘zining mashhur „Kashf al-āsār“ asarida juda ko‘p roviylardan rivoyat qilgan bo‘lib, ular soni uch yuzdan oshadi. Ilm talabida Iroq, Xuroson va Hijoz diyorlariga safar qilib, Abu Kasir Sayf ibn Hafs as-Samarqandiy, Abu Hafs Ahmad ibn Hotam as-Sikijkasiy, Abu Solih Xalaf ibn Omir al-Buxoriy, Abu-l-Mavja Muhammad ibn al-Mavja al-Marvaziy, Yahyo al-Marvaziy, Muhammad ibn al-Fazl al-Bajaliy, al-Fazl ibn Muhammad ash-Shaʼroniy, al-Husayn ibn al-Fazl al-Bajaliy, Muhammad ibn Yazid al-Kaloboziy, Ubaydulloh ibn Vosil, Sahl ibn Mutavakkil, Hamduvayh ibn al-Xattob, Ali ibn al-Husayn ar-Roziy, Muso ibn Horun al-Hofiz, Muhammad ibn Ali ibn Zayd va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Abu Hafs Najmuddin an-Nasafiy „Al-Qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand“ nomli asarida olimning Sahl ibn al-Mutavakkildan rivoyat qilgan hadisini keltirgan. O‘z navbatida, Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziydan Abu Nasr Ahmad al-Kaloboziy, Abu-l-Abbos Ahmad ibn Muhammad al-Hofiz, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad as-Surriy, Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Ji’obiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Yaʼqub al-Kog‘aziy, Muhammad ibn Ishoq al-Hofiz al-Isfahoniy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Abu Bakr al-Xatib al-Hofizning aytishicha, olim o‘z asarlarida „ajib“, „munkar“ va „g‘arib“ hadislarni to‘plagan, „mavzu’“ hadislarni esa hujjat sifatida tan olmagan. Tarixchilardan Abu Saʼd as-Sam’oniy va Ibn Imodlar Abu Zur’a ar-Roziydan as-Subazmuniy hadisshunoslikda rivoyatlari zaif (kuchsiz) olim bo‘lganini, al-Hokim Abu Abdulloh al-Hofizdan esa buning aksi — u ishonchli roviylardan bo‘lganini naql qilganlar. Shamsuddin az-Zahabiy olim Imom Abu Hanifaning „Musnad“ asarini to‘plovchisi bo‘lganini zikr qiladi. Hoji Xalifa bu asarni o‘n besh nafar ulamolar jamlaganini ayta turib, ularning avvalida al-Ustoz al-Buxoriy deb Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziy nomini keltiradi. Abdulloh ibn Muhammad al-Kaloboziyning mazkur asari bizgacha yetib kelgan va dunyoning kitob xazinalarida saqlanadi. Shuningdek, uning „Kashf al-āsār ash-sharӣfa“ asarining qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti)da 3105 raqami ostida saqlanadi[1].
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Kashf al-āsār ash-sharӣfa“;
- „Musnad“.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yoqut. Mu’jam. – Misr: 1906. VII, 269;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. – Bayrut: «Dor al-jinon», 1988. I, 129; III, 213;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. – Bayrut: «Dor ihyo at-turos», 1956. III, 854;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. – Damashq–Bayrut: «Dor Ibn Kasir», 1991. IV, 219;
- Al-Qurashiy. Al-Javāhir al-muziyya. – Karotash: «Maktaba Mir Muhammad». I, 290; II, 360;
- Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. – Misr: «Dor Sa’oda», 1893–1894. II, 432;
- F. Sezgin. GAS. – Leiden: «Brill», 1967. I, 415;
- Najmuddin an-Nasafiy. Samarqandiya. – T: «O‘zME DIN», 2007. 72–73;
- D. Murodov. Abdulloh as-Subazmuniy // Buyuk yurt allomalari. – T.: «O‘zbekiston», 2016. 203.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |