Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Ubay ibn Salul

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu-l-Hubob Abdulloh ibn Ubay ibn Molik ibn al-Horis
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 631-yil (hijriy 9-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi madinalik munofiq

Abdulloh ibn Ubay ibn Salul (arabcha: عبد الله بن أبي بن سلول — Abu-l-Hubob Abdulloh ibn Ubay ibn Molik ibn al-Horis,? — 9/631, Madina) — madinalik munofiq.

Paygʻambarga adovati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ota tomonidan bobosiga ham nisbat qilinib, ibn Salul deb nomlangan. Yasriblik bo‘lgan Abdulloh ibn Ubay Xazraj qabilasining raisi bo‘lgan. Payg‘ambarning Madinaga hijrat qilib kelishlaridan avval bosh­qaruvni qo‘lga oluvchi daʼvogarlardan biri bo‘lgan. Biroq, Badr jangidan keyinoq Islom dinini qabul qilishiga qaramay, Madina boshqaruvini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lmagani uchun ichida Islom dini va Payg‘ambarga bo‘lgan adovatini saqlab yurishda davom etgan.

Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning hayoti haqida maʼlumotlar kam. Mavjud maʼlumotlar ham u sababchi bo‘lgan yoki bajargan ishlardan iborat, xolos. Hadislarda islomga kirishdan oldin Payg‘ambarga ro‘baro‘ bo‘lgan kuni odobga zid gaplar aytgani va noo‘rin xatti-harakatlar qilgani keltirilgan. Bu voqeaga guvoh bo‘lgan Usoma ibn Zaydning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambar kasal yotgan Sa’d ibn Ubodani ziyorat qilgani ketayotganlarida, oralarida Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ham bo‘lgan musulmon, mushrik va yahudiylardan iborat guruhga yo‘liqadilar. Ularga yaqinlashganlarida Abdulloh ibn Ubay ibn Salul etagi bilan burnini berkitib, „changitma“ dey­di. Shunga qaramay, Payg‘ambar ulovlaridan tushib, ularga salom beradilar, Qur’on oyatlaridan o‘qib musulmon bo‘lmaganlarni Islom diniga daʼvat qiladilar. Payg‘ambarning bu ishlari Abdulloh ibn Ubay ibn Salulga yoqmay, to‘g‘ri va yaxshi narsalarni aytayotganlari, biroq daʼvatlarini o‘zlari ziyoratiga kelayotgan kasalga qilishlarini taʼkid­laydi. Uning bu ishi boshqa musulmonlarni g‘azablantiradi, biroq Payg‘ambar ularni tinchlantiradilar va Saʼd ibn Ubodaning uyiga borib, bo‘lib o‘tgan voqeani unga gapirib beradilar[1][2][3][4].

Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning Payg‘ambarga bo‘l­gan adovatini makkalik mushriklar junbushga keltirganini ham eslatib o‘tish lozim. Abu Dovud rivoyat qilgan hadisga ko‘ra, hijratdan bir necha kun o‘tgach Quraysh ulug‘lari Abdulloh ibn Ubay ibn Salulga maktub jo‘natib, himoyalari ostiga olgan Payg‘ambarni o‘ldirishlari yoki Madinadan chiqarib tashlashlarini so‘raydilar. Aks holda bor kuchlari bilan ularning ustiga bostirib kelishlarini aytadilar. Mazkur taklifni Abdulloh ibn Ubay ibn Salul tarafdorlari bilan muhokama qilayotgani to‘g‘risidagi xabar Payg‘ambarimizga yetib kelgach, Ul Zot borib ularning Quraysh talablarini bajarmaslik, aks holda o‘zlari zarar ko‘rishlari mumkinligi haqida ogohlantiradilar. O‘sha paytda Madina xalqining aksariyati musulmon bo‘lgani uchun Abdulloh ibn Ubay ibn Salul Payg‘ambarga qarshi chiqishga jur’at qilolmaydi.

Musulmon boʻlishi sabablari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning musulmon bo‘lish sababini Badr jangining musulmonlar foydasiga hal bo‘lishidan izlash lozim. Badr jangida mushriklarning g‘alaba qozonishiga to‘liq ishongan Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning rais bo‘lish umidi qaytadan uyg‘onadi. Biroq musulmonlarning g‘alaba qozongani uning umidlarini puchga chiqarish bilan birga, Madinada mushrik holda yashash imkoniyatidan mahrum qiladi. Shu sabab u xohlamasa ham o‘zini musulmon qilib ko‘rsatishga majbur bo‘ladi.

Yahudiylar bilan ittifoqi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madinadagi yahudiylar Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning ittifoqdoshlaridan edi. Xazraj qabilasi avvaldan Bani Nazr yahudiylarining ittifoqdoshi bo‘lgani uchun Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning Islomga qarshi olib borayotgan ishlariga qo‘shilgan edi. Musulmonlarning Badrdagi g‘alabasiga hasad qilgan va buni o‘zlarining ayanch­li oqibatga uchrashlari belgisi sifatida ko‘rgan Bani Qaynuqa’ yahudiylari bir qancha zo‘ravonliklarni amalga oshiradilar. O‘n besh kun davom etgan qamal natijasida yahudiylar Payg‘ambarning hukmlariga rozi bo‘lib, taslim bo‘lishganda, Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ularning yordamiga ishonib, Payg‘ambarga Xazraj qabilasining yahudiylar bilan ahdlashganini aytadi. Ushbu voqeadan so‘ng musulmonlarga yahudiy va nasroniylar bilan do‘stlashishni taqiqlovchi oyat nozil bo‘ladi[5]. Ke­yingi oyatda esa, Abdulloh ibn Ubay ibn Salul va uning tarafdorlarini nazarda tutib, "Qalblarida kasallik borlarning „zamon aylanib bizga musibat yetishidan qo‘rqamiz“ deb, ular tomon shoshilganini ko‘rasan", deya marhamat qilinadi. Uhud jangida Payg‘ambar dushmanni Madinada qarshi olishni rejalashtirayotganda, ayrim yosh sahobalarning qistoviga ko‘ra, 700 kishilik qo‘shin bilan Uhud sari yo‘lga chiqadilar. Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ham Madinadan tashqariga chiqishga qarshi bo‘lishiga qaramay, Payg‘ambarning chiqqanlarini ko‘rib, 300 kishilik odamlari bilan ularga ergashadi. Ammo yarim yo‘lga yetganda Madinadan tashqariga chiqmaslik to‘g‘risidagi fikri eʼti­borga olinmaganini bahona qilib, „Sizlarning jang qilishingizni bilmabman“, deya jangga qo‘shilishdan voz kechib o‘ziga qarashli odamlari bilan Madinaga qaytib ketadi.

Payg‘ambar Bani Nazr yahudiylaridan Madinani tark etishlarini talab qilganlarida Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ularni yerlarini tark etmaslikka va Payg‘ambarga qarshi chiqishga undaydi. Yahudiylar unga ishonib, qal’alariga berkinib olib, qarshilik ko‘rsatadilar, lekin vaʼda qilingan yordam kelmagach, ular musulmonlarning shartlariga ko‘nishga majbur bo‘ladilar. Qur’oni karim bu hodisaga ishora qilib, munofiqlarning kirdikorini yana bir bor fosh qilgan[6].

Boʻhton voqeasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Ubay ibn Salul Bani Mustaliq jangidan qaytishda muhojirlarga nisbatan qo‘pol gaplar aytadi. U haqoratlari tufayli o‘ldirilishi ham mumkin edi. Biroq shaxsan Payg‘ambarning o‘zlari bu vaziyatga aralashib, muhojirlarni tinchlantiradilar. Shuningdek, mazkur safardan qaytishda ro‘y bergan Oysha haqidagi bo‘hton voqeasining tashkilotchi va tarqatuvchisi ham Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning o‘zi edi. Qur’oni karimda Abdulloh ibn Ubay ibn Salul nazarda tutilib, „… Ulardan (gunohning) kattasini ko‘targan kimsaga buyuk azob bordir“[7] deyilgan. Payg‘ambarni qattiq qayg‘uga solgan bu hodisadan keyin ham Ul Zot Abdulloh ibn Ubay ibn Salulni jazolamay, unga yumshoq munosabatda bo‘lishni davom ettirganlar.

Abdulloh ibn Ubay ibn Salul hijratning to‘qqizinchi yi­li shavvol oyining oxirlarida (milodiy 631-yil fevral oyi o‘rtalari) kasal bo‘ladi va yigirma kun davom etgan kasallik oxiri o‘lim bilan tugaydi. Uning o‘g‘li otasini kafanlash uchun Payg‘ambardan ko‘ylaklarini so‘raydi va janoza namozini o‘qib berishlarini iltimos qiladi. Payg‘ambar unga ko‘ylaklarini beradilar. Biroq janoza namozini o‘qishga taraddud ko‘rmoqchi bo‘lganlarida Umar jiddiy eʼtiroz bildiradi. Umar „Tavba“ surasining saksoninchi oyatiga asoslanib, munofiqlarning afvi uchun duo qilish mumkin emas, deb hisoblardi. Chunonchi, o‘sha suraning sakson to‘rtinchi oyati Umarni qo‘llab, munofiqlarni duo qilish va qabrlarini ziyorat qilishni taqiqladi[8].

  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. III, 51-53, 67-68, 302, 305, 309;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. II, 38, 48, 165; IV, 349-350;
  3. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. II, 480, 502-504, 553-554, 586, 605-608, 614; III, 103, 120;
  4. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Leyden: 1851-76. I, 676; II, 150, 173, 192-193, 197;
  5. Montgomery Watt. „Muhammad“. The Cambridge History of İslam. — Cambridge: 1970. 43-44, 46-47;
  6. Talât Koçyiğit. „Abdullah b. Übey b. Selûl“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 139-140.
  1. Al-Buxoriy. „Marzā“ — 15-bet. 
  2. Al-Buxoriy. „Adab“ — 115-bet. 
  3. Imom Muslim. „Jihād“ — 116-bet. 
  4. Imom Muslim „V“, . Musnad — 203-bet. 
  5. „„Moida“ surasi, 51-oyat“, Qurʼoni karim. 
  6. „„Hashr“ surasi 11-oyat“, Qurʼoni karim. 
  7. „„Nur“ surasi, 11-oyat“, Qurʼoni karim. 
  8. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.