Abdulloh ibn al-Arqam
Abdulloh ibn al-Arqam | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
taxminan 644–656-yillar |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn al-Arqam (arabcha: عبد الله بن الأرقم – Abdulloh ibn al-Arqam ibn Abduyagʻus ibn Vahb ibn Abdumanof ibn Zuhra al-Qurashiy) – sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammadga ona tomondan qarindosh boʻlgan Abdulloh ibn al-Arqam Makka fathi asnosida Islomni qabul qilgan va vahiy kotiblari orasidan oʻrin olgan. Xususan, hukmdorlardan kelgan maktublarni oʻqish, saqlash, javob yozishda paygʻambarga yordamchi boʻlgan va uning ishonchini qozongan. Shu bois Abdulloh ibn al-Arqam yozgan javob xatlarini paygʻambar qayta oʻqitmasdan muhr bosgani rivoyat qilinadi. Chunonchi, bu samimiyat va sadoqatining mukofoti tariqasida paygʻambar unga Xaybar oʻljalaridan ellik vasq (oʻlchov birligi) bergan. Abdulloh ibn al-Arqam Abu Bakr xalifaligi davrida ham diplomatik aloqalarni yuritish lavozimida ishlagan. Umar xalifaligida Baytulmolga rahbar etib tayinlangan. Xalifa Umar Abdulloh ibn al-Arqamning qobiliyati va rostgoʻyligiga tan bergani, hatto uningdek Allohdan qoʻrqadigan boshqa kishini koʻrmaganini aytgan. Usmon davrida ham qisqa muddat mazkur lavozimda ishlagan. Keyinroq oʻz ixtiyori bilan ushbu lavozimdan boʻshagan. Qilgan xizmatlari evaziga xalifa Usmon 30000 dirham pul taklif qilganida u bu ishni Alloh roziligi uchun qilganini aytib, pullarni olmagan. Hayotining soʻnggi yillarida koʻzlaridan ayrilgan Abdulloh ibn al-Arqam, Usmon xalifaligi davrida vafot etgan.
Abdulloh ibn al-Arqam paygʻambardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa, Abdulloh ibn Utba ibn Mas’ud, Yazid ibn Qatoda va Urvalar hadis rivoyat qilganlar. Uning bitta hadisi Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“ida (III, 483, IV, 35) keltirilgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Voqidiy. Al-Magʻāzӣ. – London: 1965-66. II, 721;
- Ibn al-Asir. Usd al-gʻāba. – Qohira: 1970-73. III, 172-174;
- Az-Zahabiy. Siyar. II, 482-483;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. – Qohira: 1328. II, 273;
- M. Asım Köksal. İslam Tarihi. – İstanbul: 1981. I, 184-185;
- Mustafo al-Aʼzamiy. Kuttāb an-nabӣ. – Riyoz: 1981. 76-78;
- İsmail L. Çakan. „Abdullah b. Erkam“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 102.