Kontent qismiga oʻtish

Ahmad ibn Hanbal

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal (780-yil, Bagʻdod – 855-yil, Bagʻdod) — ilohiyotchi olim, sunniylikdagi hanbaliylik mazhabining asoschisi va imomi.

Otasi Hurosonlik boʻlib, I. H. tug'ilishidan bir oz avval oilasi bilan Bagʻdodga koʻchib oʻtgan. I. H. oʻsmirligidanoq hadis va fiqhni oʻrgana boshladi, zamonasining yirik ulamolari, jumladan Abu Yusuf va ash-Shofiʼiylar bilan muloqotda boʻldi. 816—833-yillarda Bagʻdodda mudarrislik qilib, fiqh ilmi bilan ham shugʻullandi. I. H. anʼanaviy sunniylikni himoya qilgan, muʼtaziliylarga qarshi kurashgan. Abbosiy xalifalar: Maʼmun (813 — 833), Muʼtasim (833-842) va Vosiq (842-847) lar davrida muʼtaziliylar oqimi taʼlimoti rasmiy eʼtiqod sifatida eʼtirof etilgach, I. H. mansub boʻlgan anʼanaviy islom tarafdorlari taʼqib ostiga olingan edi. Aslida anʼanaviy islom ulamolari va muʼtaziliylar oʻrtasidagi bahs bir asrdan (xalifa Hishom (724—743) davridan) beri davom etib kelar, ular islom ummasining parchalanishida bir-birini ayblardi. Maʼmun ana shu bahsga barham berish, muʼtaziliylarning bir necha aqidalari va, ayniqsa, Qurʼonning yaratilganligi (yaʼni Alloh tomonidan yaratilgani, bunga Muhammad ham daxldorligi) haqidagi fikrni qaror toptirish maqsadida 833-yil maxsus xayʼat tuzdi va barcha ulamolarni imtihon (mehna) qildirdi. Bu aqidalarni qabul qilmagan din arbobi Qurʼonni Alloh bilan bir darajaga qoʻyuvchi mushrik, yaʼni koʻpxudolik tarafdori deb eʼlon qilinar va shunga yarasha jazoga tortilardi. Oʻz fikrlaridan qaytmagan bir necha ulamo qatori I.H. 2-yil zindonda yotdi. Ozodlikka chiqqach, umrining oxirigacha diniy-siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Pirovardida mehna kutilgan natija bermadi va anʼanaviy islom tarafiga oʻtgan xalifa Mutavakkil (847—861) 848-yil mehnani bekor qildi. Keksayib qolgan I. H. Bagʻdodda endi oʻzining nomi bilan atala boshlagan diniy-siyosiy harakatning gʻoyaviy rahnamosiga aylandi. Bagʻdod va Basradagi faol muʼtaziliylarning roʻyxati tuzilib, ular qirgʻin qilindilar. 9- a. ning 20—40-y, lari musulmon ummasida yuz bergan parokandalik holatini tahlil qilib, I. H. islomning "oltin davri" — Muhammad (sav) va ilk xalifalar davriga qaytish kerak degan xulosaga keldi. Ayniqsa, "bidʼat" masalasida u keskin mavqeda boʻldi. Uning fikricha, Qurʼonga, Hadisga va musulmon ulamolarining ilk uch avlodi fikri (ijmo) ga asoslanmagan din va hayotga oid har qanday "yangilik" qoralanmogʻi darkor. Siyosat sohasida I. H. diniy-siyosiy kurash, fitna-isyonlar uyushtirish joiz deb hisobladi. Shuningdek, u diniy arboblar hokimga taʼsir oʻtkazishlari lozim, deb uqtirdi. I. H. taʼlimotini uning shogirdi albarbahariy (847— 941) oʻz asarlarida davom ettirdi. Hanbaliylik mazhabi nazariyasi Ibn al-Javziy (1116-1200) va Ibn Taymiya asarlarida oʻz ifodasini topdi. I. H. taʼlimoti 18- a. oxirlarida vahhobiylikning shakllanishiga asos boʻldi. I. H. ning "6 aqida" (islom dini ahkomlarining qisqacha bayoni), hadislar toʻplamlari, shu jumladan 30 ming hadisni oʻz ichiga olgan "Musnad" (Suyanchiq yoki "Isnodli hadislar toʻplami") va imon-eʼtiqod, fiqh va ibodat masalalari boʻyicha risolalari hozirgacha saqlanib qolgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil