Kontent qismiga oʻtish

Abdulqayyum Ibrohimov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abdulqayyum Ibrohimov
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1887-yil
Vafoti 1971-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi mudarris

Abdulqayyum Ibrohimov (arabcha: عبد القیوم إبراهیموف) — (1887 — 1971, Namangan).

Abdulqayyum domla nomi bilan tanilgan. Savodini eski maktabda chiqargan, keyin mashhur ulamo Sobitxonto‘ra Abdumaoniydan saboq olgan. Abdulqayyum Ibrohimov undan sarf, nahv, tafsir, fiqh, meros ilmini puxta o‘rganadi. Ayniqsa, Sirojuddin Sajovandiy al-Hanafiyning meros il­miga oid „Sirājiyya“ kitobini mukam­mal o‘rganib, O‘zbekiston va qo‘shni respublikalarda bu sohaning bilimdoni bo‘lib taniladi. Bu borada undan Ahmadxon qori Sodiqov (1890-1986-yillar), undan Horunxon Ayyubxonov tahsil olib, ustoz-shogirdlik anʼanasini davom ettirishgan.

Ahmadxon qori Abdulqayyum Ibrohimovning „Alloh menga diniy ilmlardan o‘n to‘rttasini mukammal bergan edi. Alhamdulillah, bugun sizga meros ilmini to‘la o‘rgatdim va yettita shogird chiqardim. Oh, qolgani tuproqqa ko‘miladigan bo‘ldi“, — deganini ko‘p yodga olardi.

Ahmadxon qorining vafotidan so‘ng viloyatda Horunxon Ayyubxonov uning davomchisi bo‘ldi. Abdulqayyum Ibrohimov qalamiga mansub diniy yo‘l-yo‘riqlar aks ettirilgan „Tuhfat ul-avlod“ asari bor. Qo‘lyozma holidagi bu kitob Ahmadxon Sodiqovning o‘g‘li Musoxon Ahmadjonov qo‘lida saqlanmoqda.

Abdulqayyum Ibrohimov 1945-1950-yillarda Maxdum Eshon jome masjidida imom, 1950-yldan bosh­lab esa, Mir Arab madrasasida mudarris bo‘lib ishlaydi. 1961-yilga tegishli arxiv hujjatlarida ham uning nomi mudarris­lar ro‘yxatida qayd etilgan. 1954-yilda diniy nazoratda ishlagani haqida maʼlumotlar bor.

Abdulqayyum Ibrohimov el orasida taroq yasash bilan shug‘ullangani uchun „mashshot“, suhbat asnosida latifalarni ko‘p ishlatgani uchun „Afandi hoji“ nomlari bilan ham tanilgan.Yigit kishiga qirq hunar oz, deb bilgan bu inson asalari boqishning ham ustasi bo‘lib, kolxoz asalarisini boqqan.

Abdulqayyum Ibrohimov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etgan. Janoza namozini muftiy Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon o‘qigan. Namangandagi Otbozori (hozirgi Mangulik) qabristoniga dafn etilgan[1].

  1. O‘zR MDA — 500, v-48;
  2. O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015. 152-153.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.