Abdulvoseʼ Boxarziy
Mavlono Nizomiddin Abdulvoseʼ Boxarziy (1504-yilda Hirotda vafot etgan) — fors-tojik tilida ijod qilgan shoir, tarixchi va munshiy. Alisher Navoiyning zamondoshi boʻlgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulvoseʼ Boxarziyning ajdodlari Nishopur shahrining sayidlaridan. Otasi Jamoliddin Mutahhar Boxarziy Jomiyning yaqin doʻsti boʻlgan. Bu doʻstlik sabab, Abdulvoseʼ Boxarziy ham Jomiy suhbatidan bahramand boʻlib, uning asarlarini oqqa koʻchirish va tahrirdan oʻtkazishda bevosita qatnashgan. Abdulvoseʼ Boxarziy insho sanʼatida alohida iqtidorga ega boʻlib, Husayn Boyqaro saroyidagi tarassul devoni (kantselyariya)da munshiy lavozimida ishlagan[1].
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uning qalamiga mansub ruqʼa va maktublarni shogirdi Shahobiddin Ahmad Xavofiy toʻplab, „Manshaʼ ul-insho“ („Insho sanʼatining sarchashmasi“) nomi bilan majmua tuzgan. Xondamir Abdulvoseʼ Boxarziy asarlarida dabdabali soʻzlar va murakkab tashbehlarni koʻp ishlatgani, shu sababli Sulton Husayn Boyqaro davri voqealariga bagʻishlangan „Jomeʼ ul-badoeʼi Sultoniy“ tarixiy asari podshohga maʼqul kelmagani, Navoiyning iltimosi bilan Jomiyning hayot yoʻli haqida „Maqomoti Jomiy“ asarini yozganligini aytadi. „Xamsat ul-mutahayyirin“da Abdulvoseʼ Boxarziyning ushbu asari haqida iliq fikrlar bildirilgan. „Majolis un-nafois“da Abdulvoseʼ Boxarziy insho sanʼati barobarida shoirlikda ham isteʼdod egasi boʻlib, hajviy sheʼrlari, ayniqsa, Majdiddin Muhammadga bagʻishlangan hajviyalari Hirotda shuhrat topgani haqida maʼlumot beriladi.
Asarlari roʻyxati
[tahrir | manbasini tahrirlash]- "Manshaʼ ul-insho" („Insho sanʼatining sarchashmasi“) − shogirdi Shahobiddin Ahmad Xavofiy tomonidan toʻplangan ruq’a va maktublari majmuasi
- "Jomeʼ ul-badoeʼi Sultoniy" (Husayn Boyqaro davri voqealariga bagʻishlangan tarixiy asar)
- "Maqomoti Jomiy" (Navoiyning iltimosi bilan yozilgan)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ "Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at", "Sharq" NMAK, 2016.