Abdurrahmon ibn Bishr
Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Bishr ibn al-Hakam al-Abdiy an-Naysoburiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan milodiy 796-yil (hijriy 180-yil) |
Vafoti | milodiy 873-874-yil (hijriy 260-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hadis hofizi |
Abdurrahmon ibn Bishr (arabcha: عبد الرحمن بن بشر — Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Bishr ibn al-Hakam al-Abdiy an-Naysoburiy, taxminan 180/796,? — 260/873-74,?) — hadis hofizi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurrahmon ibn Bishr atoqli muhaddislardan hisoblanib, undan otasining shogirdlari bo‘lgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja, Ibn Xuzayma kabi mashhur muhaddislar hamda Abu Bakr ibn Abu Dovud, Ibn Saʼid, Abu Avona al-Isfaroyiniy, Abu Homid ibn Bilol, Makkiy ibn Adnon, Abu Muhammad al-Jorud va boshqalar rivoyat qilganlar. Abdurrahmon ibn Bishr go‘zal ovoz sohibi bo‘lgani, Qur’oni karimni chiroyli qiroat qilishi bilan ham tanilgani manbalarda zikr qilingan. Makkiy ibn Adnondan rivoyat qilinishicha, Nishopur amiri Abdulloh ibn Tohir uning qiroatini tinglamoq uchun oqshomlari qiyofasini o‘zgartirib, u imomlik qilgan masjidga kelardi.Abdurrahmon ibn Bishr rivoyatlari „Sahӣh al-Buxārӣ“, „Sahӣh Muslim“ hamda Abu Dovud, an-Nasoiy va Ibn Mojalarning „Sunan“laridan o‘rin olgan. Unga Ibn Hibbon, Ibn Abu Hotim kabi hadis olimlari tomonidan siqa roviy sifatida taʼrif berilgan. Uzoq umr ko‘rgan Abdurrahmon ibn Bishrning huzuriga rivoyat qilgan hadislarini tinglamoq uchun ko‘plab hadis olimlari kelganlar.
Ustozlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurrahmon ibn Bishrning otasi Bishr ibn Hakam (vafoti: 238/852-53-yil) ham zohid, faqih, siqa sifatlari bilan tanilgan kishilardan edi. U Molik ibn Anas va Fuzayl ibn Iyozning shogirdi bo‘lgan. Bishr ibn Hakamning quvvai hofizasi o‘g‘linikidan kuchli bo‘lgan va rivoyat etgan hadislari ham ko‘proqdir. Hadis o‘rganish va taʼlimi uchun borgan o‘lkalarga hali balog‘atga yetmagan o‘g‘li Abdurrahmon ibn Bishrni ham olib borgan va uning buyuk olimlardan hadis o‘rganishini taʼminlagan. Yamanda balog‘at yoshiga yetgan Abdurrahmon ibn Bishr otasining va bobosining ustozi bo‘lgan Sufyon ibn Uyaynadan, shuningdek, Ismoil ibn Ulayya, Yahyo ibn Saʼid al-Qatton, Vakiy’ ibn al-Jarroh, Bahz ibn Asad, Abdurrazzoq ibn Hammom, Yaʼlo, Abdulloh ibn al-Valid al-Adaniy, al-Husayn ibn al-Valid an-Naysoburiy, Ali ibn al-Husayn ibn Voqid, Hafs ibn Abdulloh, Hafs ibn Abdurrahmonlardan taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan. Yahyo al-Qatton o‘z o‘g‘lidek ko‘rgan Abdurrahmon ibn Bishrni bir darsida shogirdlariga ibrat qilib ko‘rsatib, uning o‘ta zakiy ekanini aytadi va undan rivoyat qilingan har bir xabarni ikkilanmay qabul qilishlarini tavsiya qiladi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod. 1371-73/1952-53, — Bayrut: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“. V, 215;
- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira. 1349/1931, — Bayrut: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“. X, 271-272;
- Mizziy. Tahzӣb al-kamāl.- Bayrut. 1405/1985. IV, 114-117;
- Az-Zahabiy. Siyar. XII, 340-344;
- Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. VI, 144-145;
- M. Yaşar Kandemir. „Abdurrahman b. Bişr“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 158.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |