Kontent qismiga oʻtish

Abdurrashid ad-Daylamiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurrashid ad-Daylamiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 1670-yil (hijriy 1081-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi xattot, shoir

Abdurrashid ad-Daylamiy (arabcha: عبد الرشید الدیلمی — (?, Qazvin — 1081/1670, Agra) — xattot va shoir.

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurrashid ad-Daylamiy Eronda Abdurrashid va Rashida, Hindistonda esa, Og‘a Rashid nomi bilan tanilgan, shuhrati Erondan ko‘ra Hindistonda ko‘proq yoyil­gan. Hind imperatorlari Shoh Jahon va Avrangzebning himoyalarida Hindis­tonda yashagan. Hasaniy sayyidlar oilasiga mansub.

Xattotlikni tog‘asi mashhur nastaʼliq xattoti Imoddan o‘rgangan. Shu bois yoshligi Isfahonda kechgan. Tog‘asining o‘ldirilishidan keyin oilasining bir qismi Onado‘liga, bir qismi esa Hindistonga ko‘chib ketadi. Abdurrashid ad-Daylamiy ham Hindistonga qochib, Shoh Jahon davlatidan panoh topadi. Avval saroyda xususiy kotiblik vazifasida, keyinchalik saroy kutubxonasida hofizi kutub (kitoblarni saqlovchi) bo‘lib ishlaydi hamda hukmdorning shaxsiy xattoti vazifasini bajaradi. Abdurrashid ad-Daylamiy Shoh Jahonning o‘g‘li Doro Shukuhga va Avrangzebning qizi Zebunisoga kitobatdan dars bergan. Shoh Jahon saroyida yigirma uch yil xizmat qilgan (1623-1646-yillar). Shogirdi hisoblangan Zebuniso unga bag‘ish­lab marsiya yozgan va unda ustozining vafoti tarixini ko‘rsatib o‘tgan.

Abdurrashid ad-Daylamiy xattotlik borasida tog‘asi Imodning uslubini chuqur o‘zlashtirgan. Gʻulom Muhammad o‘z tazkirasida Hindis­tonda uning uslubi tarqalgani va o‘n beshta shogirdi bo‘lganini yozib qoldirgan. Bular orasida Shoh Jahonning o‘g‘li va Avrangzebning qizidan tashqari, Hindis­tonda tanilganlardan Muhammad Ashraf Xojasaro, Saidai Ashraf, Abdurrahmoni Farmonnavis va Mir Xojalar bor.

Sipehr o‘z tazkirasida Abdurrashid ad-Daylamiy boshqa yozuv turlarini ham bilganini aytib o‘tgan bo‘lsa-da, bu xususda kengroq tadqiqot olib borgan Mahdiy Bayoniy uning nas­taʼliqdan boshqa yozuv turi bilan shug‘ullanmaganini zikr qilgan. Imzolarini Abdurrashid, Abdurrashid Daylamiy, Rashida, Abdurrashid ash-Sharif al-Hasaniy tarzida bitgan. U tomonidan ko‘chirilgan kitoblarning eng go‘zallari Xoja Abdulloh al-Ansoriyning „Maqolot“i (Tehron, Kutubxonai Saltanatiy) va Mavlono Rumiyning „Masnaviy“sidir (Tehron, Og‘oyi doktor Mahdaviy kutubxonasi). Abdurrashid ad-Daylamiyning kitobat namunalari Tehron, Dehli, Sankt-Peterburg, Kobul, Vashington, Oksford, Istanbul universiteti kutubxonalari hamda Turk va Islom asarlari muzeyida saqlanmoqda[1].

  1. Habîb. Hatt u Hattâtân. — İstanbul: 1305. 196;
  2. Habibulloh Fazoiliy. Atlasi xat. — Isfahon: 1391. 533;
  3. Ali Alparslan. „Abdürreşîd-i Deylemî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 294.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.